Bir kechalik kelinchak… (23-qism. Ikkinchi fasl)

  • 6-11-2018, 06:06
  • 2 263
  • Hayot tarzi
  • Bir kechalik kelinchak… (23-qism. Ikkinchi fasl)
    — Nega uxlamayapsan? — Bilol kutilmaganda uyg‘onib ketdi-yu, Nasibaning o‘tirganini ko‘rib o‘rnidan qo‘zg‘aldi. — Nima bo‘ldi? Biror yering og‘riyaptimi?

    — Sho‘r bodring yegim keluvdi, yedim, — dedi Nasiba kulimsirab. — Qo‘ymayapti bolangiz. Judayam qaysar chiqib qoldi.

    — Onasiga o‘xshagan-da, — hazillashdi Bilol. — Onasiyam qaysar-ku! Qaysarning bolasi qaysar bo‘ladi-da!

    — Ajab bo‘pti, — Bilolning yuziga sekin shapatilab qo‘ydi Nasiba. — Siz oppoqsiz, qo‘yday yuvoshsiz. To‘g‘rimi?

    — Xuddi shunday. Mendan yuvosh erni topib bo‘psan!

    — Bilasizmi, men sizga bir gapni aytmoqchiydim. Aslida ertalab aytaman devdim, ammo o‘zingiz uyg‘onib qoldingiz. Aytaymi?

    — Qanaqa gap? Aytaver!

    — Furqat nima deganini bilasizmi menga?

    — Furqat? Qachon ko‘rishding u bilan? Nega?

    — Ko‘rishib o‘libmanmi o‘sha bilan? Qo‘ng‘iroq qildi maraz. Endi telefon raqamimniyam o‘zgartiradiganga o‘xshayman.

    — Xo‘sh, nima dedi? Pul talab qildimi? Yo mening ustimdan arz qildimi?

    — Ha, oldin ustingizdan arz qildi. “Pulimni qurtday qip sanab oldi”, dedi. Keyin esa… Meni qo‘rqitishga tushdi. Shart qo‘ydi. Shu shartimni bajarsang, tinch qo‘yaman, bo‘lmasa, qamatvoraman dedi.

    — Qanaqa shart? Aytaver! Gapni cho‘zmasang-chi!

    — Uning Nozim degan o‘rtog‘i borakan. O‘sha bilan yotib berishim kerak ekan. Meni to‘shakda “as” deb maqtaganmish. Ikkalasi bahs boylaganmish.

    — Nima?

    Bilol bu gaplarni eshitib qanday o‘rnidan sakrab turib ketganini o‘zi ham payqamay qoldi.

    — Sen… Indamay eshitib turaverdingmi? So‘kib, qarg‘ab tashlamadingmi?

    — Nega qarab turay? O‘sha marazni deb eng yaxshi ko‘rgan telefonim pachoq bo‘ldi. Devorga urgandim… Lekin men ayolman. Baribir unga bas kela olmasdim. Yaxshiyamki siz chiqib qoldingiz o‘sha qamoq la’natisidan. Bo‘lmasa, bilmadim, u meni qay ko‘yga solardi… Bilmadim…

    Nasiba iloji boricha o‘zini tutishga, yig‘lamaslikka uringandi.

    Iloji bo‘lmadi.

    Yig‘lab yubordi.

    — Qo‘y, ko‘z yoshlaringga arzimaydi u xunasa, — deya Nasibani quchib yupata boshladi Bilol. — Men unga to‘shakda “as”likni ko‘rsatib qo‘yaman. Hoynahoy meni qamaldi, endi hayotda chiqmaydi deb o‘ylagandir. Yig‘lama, undaylarni yig‘lab emas, kulib yengish kerak. Ana, endi tushungandirsan nega biznesni mening nomimga o‘tkaz deganimni. Halitdan boshlabdi-ku it emgan!

    — Ha, boshladi… Men… Bir qarorga keldim… Ertaga ikkimiz notariusga boramiz. Hammasini nomingizga o‘tkazamiz. Menga kim qo‘yibdi qornimni qappaytirib biznes qilishni?!. Hammasini o‘zingiz qilasiz. Bizni boqasiz. Lekin haddingizdan oshmaysiz.

    — Tushundim, — deya Nasibaning sochlarini silab qo‘ydi Bilol. — Haddimdan oshsam, allaqachon oshardim. Hali ko‘rasan, butun shahardagi manaman degani bizning oyoqlarimizni o‘padi. Men bunga erishaman! Furqatniyam, boshqasiniyam o‘zimga qo‘yib ber!..

    * * *
    Nasiba endi rostakamiga tashvishlar, g‘am, kamsitilishlar-u shubha-gumonlar barham topganiga kun sayin ishona borardi. Bilol biznesni nomiga o‘tkazgach, astoydil ishga kirishgandi. Barcha do‘kon-u sexlar, klubni baravar nazorat qilar, qattiqqo‘llik bilan ish yuritardi. Furqatning ham adabini beribdi. Noila qo‘ng‘iroq qilib shipshitdi. Bilolning qo‘riqchi va yordamchilari uni rosa do‘pposlab, og‘iz-burnini qonga bo‘yaganmish. Bu xunuk manzarani tasavvur etdi-yu, Nasibaning yuragi g‘ash tortdi. Biroq Furqatning telefon orqali gapirgan so‘nggi gaplari, masxarali kulishlari ko‘z o‘ngida gavdalangach, qo‘l siltadi. Achinish-u, shafqat tuyg‘usini nari haydadi…

    Bugun esa yakshanba edi. Bilol ishdan ertaroq qaytishga, birgalashib bi-ir teatrga tushishga va’da bergandi.

    Nasiba umri bino bo‘lib teatrga tushmagani uchunmi, juda qiziq tuyula boshladi. Teatrga asosan bashang kiyingan erkak, ayollar kirishadi deb eshitgani bor edi.

    Shkafni titkilab o‘ziga eng ko‘p yoqqan ko‘ylagini kiydi. Shu ko‘ylakda qornining qappaya boshlagani sezilmas ekan. Qolaversa, kiygan zahoti yanada ochilganini ko‘zguda ko‘rib ko‘ngli ko‘tarildi. Apil-tapil bo‘yangach, Oyshani tezladi. Palovni tezlatmasa, Bilol och qolishidan qo‘rqdi…

    Afsuski, soat kechki yetti yarimga zang ursa-da, Biloldan darak yo‘q edi.

    Qo‘ng‘iroq qildi. Xizmat doirasidan tashqarida bo‘lib chiqaverdi. Nafosat aya ham tundlashib borardi. Oysha bezovta edi. Ona-bolaning qosh-qabog‘iga qarashdan, aybdorona bosh egib qo‘yishdan nariga o‘ta olmasdi.

    Soat kechki to‘qqiz bo‘ldi. Bilolga na qo‘ng‘iroq qilib tushib bo‘lardi, na o‘zi kirib kelardi.

    — Oshni suzing, — dedi Nafosat aya oxiri toqati toq bo‘lib. — Ishlaringam bor bo‘lsin, qizim! Ochdan o‘lish ham hech gapmas bunaqa kutishda. Kelsa, ana, Oysha suzib beraveradi. O‘tir, qizim!..

    * * *
    Tunni Nasiba deyarli ko‘z yummasdan o‘tkazdi hisob. Qo‘ng‘iroq qilaverdi, har gal omadi kelavermadi.

    Tongga yaqin soat beshlarda nihoyatda charchabdi chog‘i, yotoqqa kirishni xohlamay, yo‘lakdagi divanga cho‘kdi-yu, mudrabdi. Telefonning bezovta jiringlashidan uyg‘onib ketdi.

    Bilol qo‘ng‘iroq qilayotgan ekan.

    — Insofingiz bormi? — salom-alikni ham unutib kinoya aralash so‘z qotdi u. — Tun bo‘yi uxlamaganimni bilarmidingiz? Teatringiz-ku, boshida qolsin! Hech bo‘lmasa bir og‘iz aytib qo‘yadi-da odam! Kechasi bilan telefon qilaverib bo‘lganimcha bo‘ldim, axir!

    — Tushunaman, kechir, — dedi Bilol xotirjamlik bilan. — Menam o‘ynab yurganim yo‘q-ku! Endi uyga jo‘nayman deb turgandim, tol ko‘chadagi do‘konga bir vagon “mol” kep qopti. Tez vagonni bo‘shatib bermasak bo‘lmaskan. Odam yolladim, tepasida turib tushirtirdim. Gapiraverarkansan-da senam!

    — Voy, xavotir oldim-da menam! Bir og‘iz aytib qo‘ysangiz bo‘lardi-ku!

    — Mayli, kechir, jonim, — dedi Bilol gapni kalta qilishga urinib. — Bugun kechki payt albatta kutgin! Va’damni bajarmasam juda uyatli bo‘p ketadi! Hechdan ko‘ra kech deyishadi-ku! Xo‘sh, kechirdingmi Majnuningni?

    — Agar yana bir marta mana shunaqa menga aytmay yo‘qolib qolsangiz, ko‘rasiz ko‘radiganingizni! Sochingizni bittalab yulvolaman!

    — Tavba qildi-im, malikam! Boshqa qaytarilmaydi!..

    O‘y surishga, bosh qotirishga Nasibaning qurbi yetmasdi. Uyqu zo‘rlik qila boshlagandi. Erining tinch ekaniga amin bo‘lgach, xavotirlar tumani tarqab, yengil tortgandek bo‘ldi va yotoqqa yo‘l oldi…

    * * *
    Telefon orqali gaplashganda uyqusiragani uchunmi, o‘ylab ko‘rmagan ekan. Tushga yaqin uyg‘ongach, miyasiga kelgan o‘y shu bo‘ldi. Axir, ilgari do‘konlariga vagonlab yuk kelmasdi-ku! Nimaykin o‘zi? Nega vagonda keladi?..

    Xuddi shu shubhali o‘ylar Nasibani hushyor torttirdi.

    Shosha-pisha telefonini qo‘liga oldi-da, Noilaga qo‘ng‘iroq qildi.

    — Noila opa, tinchlikmi hammayoq? — so‘radi xotirjam tortishga urinib. — Hech kim bezovta qilmayaptimi?

    — Rahmat, Nasibaxon, hamma tinch! — dedi Noila opa. — O‘zingiz qalaysiz? Dam olish zeriktirib qo‘ymayaptimi?..

    Nasiba javob o‘rniga maqsadga o‘tishni lozim topdi.

    — Kecha vagonda yuk kelganmidi do‘konga? — so‘radi u. — “Mol” kelib tushdimi demoqchiydim.

    — Yo‘-o‘q, — dedi Noila. — Hech qanaqa “mol” kelgani yo‘q. Kim aytdi, Nasibaxon?

    — Bilol do‘kondamidi kecha?

    — Uyam kechki payt ketib qolgan. O‘zim yopib ketdim do‘konni!

    — Shunaqami?..

    Nasibaning yuragidagi shubhalar yuz chandon ortib boshqa do‘konlarga qo‘ng‘iroq qilib ko‘rdi. Hech kim vagonda yuk kelganini tasdiqlamadi. U yana o‘rtaga qandaydir yolg‘on aralashganini his etib shosha-pisha kiyindi-yu, yo‘lga tushdi. Borib o‘z ko‘zi bilan ko‘rmasa, Bilolning rostdan ham ish bilan bandligiga amin bo‘lmasa tinchiy olmasdi…

    “Tochka”larning hammasiga bosh suqib chiqdi. Bilol yo‘q edi. Qayta-qayta qo‘ng‘iroq qildi. Raqamga tusha olmadi.

    Azbaroyi alamga to‘lganidan nima qilishni bilmay, shahardan tashqaridagi dala hovliga jo‘nashni ixtiyor qildi. O‘sha yoqda bir balo borligini ko‘ngli sezgandek bo‘laverdi. Ammo jo‘nashga ulgurmadi. Bilolning o‘zi do‘konga kirib keldi.

    — Nega yolg‘on gapirdingiz? — kabinetga kirar-kirmas uni so‘roqqa tuta ketdi Nasiba. — Gapiring, qani o‘sha bir vagon yuk?

    — Ochig‘ini aytaymi? — dedi Bilol Nasibaga negadir dardli boqib. — Baribir ishonmaysan menga. Shuning uchun ochig‘ini aytaymi?

    — Ayting! Nimani aytmoqchisiz? Nima deb o‘zingizni oqlamoqchisiz?

    — Kel, biznesingni o‘zingga rasmiylashtiraylik! Vijdonim qiynalib ketdi rosti! O‘zing shug‘ullan! Men yordamchi bo‘lib yuraveraman!

    — Nima uchun kutilmaganda bunday qarorga keldingiz? Yolg‘onlaringiz suv yuziga chiqqanigami?

    — Yolg‘on yo‘q menda hech qanday. Hozir borib o‘sha omborni ko‘rsataman. Men… Vokzal yonidagi omborni ijaraga oluvdim. Yuklar o‘sha yerda. Ketdik, borib ko‘ramiz!

    — Ko‘rishim shart emasdir balki? Gapiravering haqiqatni!

    — Yo‘q, sen hozir men bilan borib o‘sha omborni ko‘rishing kerak. Undan keyin esa biznesingni qayta nomingga rasmiylashtiramiz!

    — Berilib, qiziqib ishlayotgandingiz-ku! Nima jin urdi?

    — Jin urgani yo‘q. Jonga tegdi shunchaki… Mana, uch oy bo‘ldi shu do‘konlar nomimga o‘tganiga. Uch oydan beri yotsam ham, tursam ham qiynalaveraman… Yo‘q, qaytarib olmasang bo‘lmaydi. Ishon, men yordamlashaman. Ishdan qochish yo‘q. Faqat meni shu azoblardan xalos qilsang bo‘ldi. Nima deysan?

    — Nima derdim? Shunchalik vijdoningiz qiynalayotgan bo‘lsa, mayli, o‘tkazing nomimga! Qilib yurgan ishim. Ishdan qochmayman. Bolam bir gap bo‘lib tug‘ilar, axir! Siz borsiz-ku!..

    — Xayriyat-ey, — dast o‘rnidan turib ketdi Bilol. — Aqlingga qoyilman! Bilardim… Bilardim ko‘nishingni! Sen… Bahosi yo‘q ayolsan!.. Yur, tezroq omboringni ko‘raylik! Qancha yuk kelganini ko‘r, keyin hujjat ishlarini tezlatmasak bo‘lmaydi. Uyoqda o‘qishim ham xit qilyapti. Tezroq tugay qolsaydi…

    Nasiba hanuz hech narsaga tushunmasdi. Bilol nima sababdan birdaniga to‘nini teskari kiyib olishi uni o‘ylantirardi.

    Baribir bir kunmas bir kun haqiqat yuzaga chiqishi aniqligiga bo‘lgan ishonch uni yo‘lga otlantirdi.

    Hujjat ishlari tugagach, Bilolni boshqatdan kuzatib ko‘rishni ko‘ngliga tugdi.
    (davomi bor)

    Manba: Hordiq.uz

    » » Bir kechalik kelinchak… (23-qism. Ikkinchi fasl)