Bir kechalik kelinchak… (28-qism. Uchinchi fasl)

  • 10-11-2018, 22:55
  • 1 502
  • Hayot tarzi
  • Bir kechalik kelinchak… (28-qism. Uchinchi fasl)
    Prokuror yana biroz tikilib turgach, nihoyat o‘rnidan qo‘zg‘aldi.

    Nafisaga yeb qo‘ygudek tikilgancha go‘yo egnidagi qimmatbaho kiyimlarni ko‘z-ko‘z qilgan kabi goh yoqasi, goh yengini ushlab-ushlab oldi.

    Bu qilig‘i vujudi alam va yovvoyi qo‘rquvga to‘lib turgan Nafisaning ensasini qotirdi.

    Ilgari bunday manzaralarga duch kelib ko‘rmagani uchunmi, lab burgan ko‘yi yuzini ters burdi.

    — Xo‘sh, oyimqiz, — tilga kirdi prokuror. — Nega yuzingni ters buryapsan? Qilib qo‘ygan ishlaringdan uyalyapsanmi? Nomusing, vijdoning qiynalyaptimi? O‘zi vijdon bormi senda qiynaladigan? Men negadir Nasibadek or-nomusli, bir so‘zli ayolning qizi ekaninggayam ishonmay qoldim.

    — Oyimning nomini tilga olmasangiz bo‘lardi, — dedi Nafisa arang o‘zini qarg‘anishdan, qichqirishdan tiyib. — Siz u kishining olib tashlagan tirnog‘igayam arzimaysiz.

    — Balki arzimasman. Menam arzirmikinman deb o‘lib turganim yo‘q, olifta qiz! Men…

    — Muddaoga o‘tsangiz yaxshi bo‘lardi, — gapni kesdi Nafisa. — Hoynahoy, bu it oyog‘i yetmagan yerlarga bekorga chaqirtirmagandirsiz? Aytsangiz, o‘zim ham mashinada g‘iz etib kela qolardim. Melisa chaqirishingiz shartmasiydi.

    — O‘, qo‘rqib ketdilarmi melisalardan? — masxaraomuz, beo‘xshov kulib Nafisaga yaqin keldi prokuror. — Yoki orlari keldimi? Boya kafedalik paytlarida ja botir edilar-ku! Hatto menday prokurorni ham qo‘rqitishga jazm qilgandingiz. Qani o‘sha shashtingiz? Qochib ketdimi sizni tashlab?

    — Menga qarang, amaki, — dedi sabr kosasi to‘lib Nafisa. — Buncha chaynalmasangiz? Dangalini ayting, men ketishim kerak. Siz o‘ylagan bekorchilardan emasman.

    — Bilamiz bekorchi emasligingni, — dedi prokuror bosh qashib. — Lekin endi o‘sha ishlaringdan voz kechishingga to‘g‘ri keladi. Sen… Bizning ishonchimizni oqlay olmading.

    — Nima? Qanaqa ishonch? Kim bo‘libsizki, ishonchingizni oqlasam? Yo mening oyim qiynala-siqtala bir paytlar mol tashib, anhorlarning suvini kechib pul topganda, yordam qip qo‘ygan yeringiz bormidi?

    — Vey, oyimcha, — prokuror jahli chiqib, Nafisaning iyagini siqimlashga tutindi. Lekin shu zahoti qo‘lini qaytib oldi. Qo‘l tekkizgan taqdirda ham Nafisa qo‘lini siltab tashlashi tayin edi. Aftidan shuni oldindan sezib, obro‘yining borida qo‘lini yugurtirmaslikka urindi. — Sen o‘zingcha zo‘rman, prokurori kim bo‘pti deb hisoblaganmiding? Nima, prokuraturada laqmalar o‘tiradimi seningcha? Mana, peshonamga bosh egib kelib turibsan-ku! Endi bizdan qochib qutulib bo‘psan! Sen-chi… Prokuratura xodimiga, mendek halol luqma yeb o‘rgangan odamga pora taklif qilding. O‘sha sassiq pullarni konvertga joylab, menga ko‘rsatmasdan mashinamga qo‘yib ham ketding. Mayli, bungayam ko‘z yumardim. Shantaj qilishingga balo bormidi? Meni qayoqdagi fleshkaga yozvolgan bo‘htonlaringdan qo‘rqib ketadi, darrov kelib oyog‘imni o‘pib yalinadi deb o‘ylaganmiding? Chuchvarani xom sanabsan! Mana, o‘zingni o‘zing tig‘ga urding. Tig‘ esa juda o‘tkir. Tekkan joyingni shunday boplab tiladiki, dardingni o‘sha oyinggayam ayta olmay qolasan.

    — Nima?.. Iflos! — Nafisa prokurorning yuziga tik boqqan ko‘yi yolg‘on va bo‘htonlar yog‘dirayotganiga bardosh qilib tura olmadi. Ovozini ikki-uch parda balandlatib alamdan chiqishga oshiqdi. — Hali sen shunaqamisan? N-nega tuhmat qilasan, maraz? Kim mashinangga pul berkitibdi? Mening ortiqcha pulim bormidiki, sendaqalarning mashinasiga berkitsam!?. Axir… Voy, tovba qildim xudo!.. Ifloslar!.. Xudodan qo‘rqqin hech bo‘lmasa!..

    Prokuror Nafisa kabi kuyib-pishganlarning ko‘pini ko‘rgan. Hatto, bundan battarlariga ro‘baro‘ bo‘lganda ham bir tuki seskanmagan. Nafisaning tipirchilashi, himoyachi qidirib alanglashi, alamiga chiday olmay qarg‘anishi nima bo‘pti?!.

    U parvoyiga-da keltirmadi. Aksincha kulib yubordi. Bir necha o‘n soniya kulib xumordan chiqqach, yana jiddiy tortdi.

    Qaytadan kursiga cho‘kib oyoqlarini chalishtirib oldi va yer ostidan yig‘lagudek depsina boshlagan Nafisaga boqdi. Keyin esa boshini kaftlari orasiga oldi. Shu holatda tag‘in gap boshladi.

    * * *
    — Mana, endi gunohlarning ajrini to‘laysan, — dedi ayyorona ko‘z qisib. — Meni qo‘rqitganing, shantaj qilganing, menga pora tutqazganing uchun javob berasan…

    Yo‘q, darrov kameraga obormayman. Oldin mana shu yerning o‘zida mening buyrug‘imni bajarasan. Aybingni yuvish uchun meni xursand qilasan. Ishon, men bir so‘zli odamman. Agar ko‘nglimni ola bilsang, mayli, yoshligingni hisobga olib qo‘yvorishim ham mumkin. Buni o‘ylab ko‘raman. Faqat buning uchun ko‘nglimni olishing kerak bo‘ladi. Harqalay, bokira bo‘lsang kerak-a? Yo…

    — Isqirt! — bu gaplarni eshitib prokurorga ming chandon nafrati ortgan Nafisa nima qilishni, qanday yo‘l tutishni bilmasdi. Shuning uchun kuchi tiliga yetdi.

    — Xudoyim, nega ifloslarning jonini ola qolmaysan? — deya zorlana boshladi shiftga tikilib. — Nimaga bu marazlarni yer ko‘tarib turibdi, xudoyim? Nega qizidanam kichik qizga uyatsiz gaplarni gapirishyapti?..

    — Jazavaga tushma! — beixtiyor qichqirib o‘rnidan turdi prokuror va bir hatlab Nafisaning qarshisida hozir bo‘ldi. — Dardingni hech kim eshitmaydi. Ohing hatto xudogayam yetmaydi. Undan ko‘ra mening shartimni o‘ylab ko‘r! Faqat tezroq o‘yla! Vaqtim juda kam qoldi! Menminan yotasan, ko‘nglimni olasan! Hammasini videoga yozib olamiz. Keyin esa o‘sha lavhani internetga joylashtiraman. Ana undan keyin to‘rt tomoning qibla! Ketaver! Ortingdan quvgan odammas, ishon! Xo‘sh, nima deysan?..

    Odam bolasi ko‘ngli toza bo‘lsa, bundan battar vaziyatlarga tushgan taqdirda ham Yaratganning o‘zi to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi. Yomonlarning, vahshiylarning jazosini beradi. Nafisa ham endi-endi boshi berk ko‘chada qolganini, mana-mana nomusi poymol etilishi muqarrarligini so‘nggi lahzalardagina idrok eta boshlagandi. Prokurorning nigohlari tobora sovuqlasha borayotganiga, ikki ko‘zi go‘yo qonga to‘la boshlaganiga guvoh bo‘lgani sari yuragini vahm chirmab olgandi. Ammo xayoliga kelgan sirli va sehrli bir fikr darrov o‘sha vahmni haydab soldi.

    U ko‘rdi, angladi va bildi. Shu tobda xuddi qabristonni eslatayotgan yerto‘laga hech kim kirmayotganini ko‘rgach, niyatini amalga oshirishi mumkinligiga iqror bo‘ldi. Baqir-chaqirdan, yig‘lashdan, dod solishdan naf chiqmasligini chuqurroq tushunib yetdi. Darhol o‘zini qo‘lga olib prokurorning ko‘zlariga dadil boqa oldi.

    — Mayli, roziman, — dedi Nafisa. — Faqat meniyam bir shartim bor.

    — Xo‘sh, — birdan jonlanib, ko‘zlarini chaqchaytirgancha Nafisaga yanada yaqin keldi prokuror. — Ayt shartingni!

    — Kishandan qo‘llarimni bo‘shatib qo‘yasiz. Men bu ahvolda siz bilan yotishni xohlamayman.

    — E, yo‘-o‘q, — dedi prokuror bu gapidan so‘ng qayta ortga tislanib. — Karatechiligingni yaxshi bilaman. Yana meni ahmoq qilmoqchi bo‘lyapsanmi? Ahmoq qilib bo‘psan! Mana shu kishanlangan holingda yotasan! Men shuni istayman.

    — Unda toshingizni tering! — deya lab burdi Nafisa. — Men jinni bo‘lganim yo‘q bu ahvolda siz bilan yotib. Ishoning, qo‘lingizniyam tekkiza olmaysiz menga. Yo‘l qo‘yib bo‘pman!

    — Agar kishandan bo‘shatsam, to‘polon ko‘tarmaysanmi? Aytmoqchi bo‘lganim… Tepkilab tashlamaysanmi meni?..

    — Tepkilasam qo‘lim kishandaligidayam tepkilayverardim. Hali aqldan ozganim yo‘q prokurorlarga qo‘l ko‘tarib. Ularning kimligini juda yaxshi bilaman. Qolaversa, hovlida yugurdaklaringiz shay turgandir har holda? Sizga sadoqatli ekan-ku ja!..

    — To‘g‘ri, to‘g‘ri… Haqsan!.. Haqsan!..

    Prokurorning bu qadar g‘alchaligi endi-endi namoyon bo‘la boshlagandi.

    U yovuz niyati shu qadar osonlikcha haqiqatga aylanishini sira kutmaganmi, oyog‘i kuygan tovuqdek Nafisaning atrofini bir necha o‘n marotaba aylanib chiqishga-da, ulgurdi. Keyin esa…

    Zipillagancha borib tashqari eshikdan hovliga quloq tutdi. Hech kim kirib qolmasligiga amin bo‘ldi chog‘i, ortga qaytib Nafisaning qarshisida hozir bo‘ldi.

    — Mayli, ko‘ndirding, — dedi og‘zining tanobi qochib. — Lokigin o‘sha gap — gap. Videoga yozvolamiz birga yotganimizni. Busiz sira iloji yo‘q.

    — Menga desa undan battarrog‘iga yozmaysizmi, — dedi Nafisa prokurorga nafrat aralash boqib. — Menga baribir. Hech kimdan qo‘rqadigan yerim yo‘q…

    * * *
    Xudoga haq ekan. Hali prokurorning changaliga tushib ulgurmay, tashqari eshikni kimdir taqillatdi. Bir necha martalik taqillatishlardan so‘ng eshik ochilib ichkariga Sarvar kirdi. Shu pallada Azizov endigina cho‘ntagidan kalitcha chiqarib, Nafisaning qo‘lidagi kishanni yechish payiga tushgandi. Sarvarni ko‘rdi-yu, shosha-pisha kalitchani qaytadan cho‘ntakka urib, o‘zini nari oldi. Uning yuzlari tundlashgan, shubhasiz, xalal berganlari sira yoqib tushmagani g‘azabnok nigohlaridan aniq sezilib turardi.

    — Nima gap? — qichqirdi Azizov. — Nega kelding? Gapir, xonasalot!

    — Haligi… Birrovga tashqariga chiqib kelmasangiz bo‘lmaydi, — dedi Sarvar eshik yonida turgancha bosh qashib. — Juda zaril masala chiqib qoldi, aka! Iltimos…

    — Uf-f! Bo‘pti, yur! Tez bo‘l!..

    Qisqa muddatga bo‘lsa-da, Nafisani yolg‘iz qoldirishdi. Bu ko‘nglidagi g‘ashliklarni battar kuchaytirdi. Azbaroyi alami kelganidan na yig‘lashni, na bor ovozda dod solishni bildi. Xuddi havosiz bo‘shliqda qolgan banda kabi nafas olishi qiyinlashib, vujudidagi bezovtalik zabtiga oldi.

    «Oyi, kechiring, — deya xayolan zorlana boshladi oxiri. — Sizning maslahatlaringizga quloq tutmadim. O‘z bilganimcha ish tutmoqchi bo‘ldim. Manavinaqangi marazlardan o‘chingizni olishga oshiqdim. Ammo siz haq ekansiz. Bunday olchoqlarda odamgarchilik, insof, diyonatdan asar ham yo‘q ekan. Afsuski, kech angladim. Hozir esa chap yonimga og‘sam ham, o‘ng yonboshimga o‘zimni tashlasam ham baribir balolar domiga tortadigan bo‘lib turibdi. Agar indamasdan bu iflosning qo‘yniga kirsam, bir umrga baxtimni, ayollik orzularimni, umid-u, ezgu niyatlarimni boy beraman. Uni urib tashlasam, mayib qilsam, qamab tashlashadi. Yana baloga giriftor bo‘laman. Do‘pposlab-do‘pposlab qochsam, qochqin balosi qa’riga tortib ketadi. Xor-u zorlik, tahlikalar changaliga tushaman. Nima qilay? Oyi, men arosatda qolib ketdim! Menga hatto xudoyam yordam berishni xohlamayapti shekilli. Manavi nafsi nahang baliqlarnikidan battar yuzsizning ixtiyoriga topshirib qo‘yib tomosha qilishdan nariga o‘tmayapti. Nima qilay?..»

    Endi-endi ko‘ngli bo‘shab, alam va nadomatlar qurshovida qolgan Nafisaning ko‘zlariga yosh quyilib kela boshlagandi. Eshik sharaqlab ochilib, ichkariga oldin Azizov, ketidan Sarvar kirdi. Nafisa ularga yig‘laganini sezdirib qo‘ymaslik uchun shosha-pisha kishanli qo‘llariga ko‘z yoshlarini artib oldi va qarshisida hozir bo‘lgan prokurorga hissiz tikilib qoldi.

    Azizov negadir bo‘shashib qolgandi. Gapirishga shoshilmasdi. Nimadandir bezovtaligi alang-jalang atrofga alanglashidan aniq ko‘rinib turardi…

    U shu ko‘yi bir necha o‘nlab soniya taraddudlanib turdi-da, asta Nafisaga yaqinlashdi.

    — Singlim, meni kechir, — dedi nihoyat boshini sarak-sarak qilib. — Hozir qo‘llaringni kishandan bo‘shataman! Ammo oldin mening gaplarimga yaxshilab quloq tutasan! Shovqin ko‘tarmaysan! Dod solmaysan! Yig‘lamaysan! Tek turib meni eshitasan! Kelishdikmi?

    — Gapiravering! — deya yuzini ters burdi Nafisa Azizovning o‘zi uchun yoqimsiz basharasiga qarashga jirkanib. — Istasam-istamasam, eshitishga mahkumman. Aytavering! Yana nima qilib beray?..

    — Bilasanmi… — gap boshladi Azizov. — Hozir xabar qilishdi… Ochig‘i.. Bu xabarni senga qanday yetkazishniyam bilmay qoldim… Ha, mayli, aytaman… Xullas, oying… Nasibaxon olamdan o‘tib qopti!..

    — Nima-a-a?..

    Haqiqatan, bu kutilmagan va juda-juda sovuq xabar edi… Nafisa avvaliga quloqlariga ishonmadi. Azizov boshqa narsani nazarda tutgan deb o‘yladi. Shuning uchunmi, o‘zi sezmagan holda qayta qichqirib yubordi.

    — Kim??? Nima deyapsiz? Kim olamdan o‘tdi, ki-im?..

    — Singlim, o‘zingni bos, — Azizov uning yelkasidan quchib tinchlantirishga tutindi. Lekin shu zahoti qo‘llarini tortib oldi. — Nasibaxon olamdan o‘tib qopti! Bandalik-da! Aytishlaricha, yuragi xuruj qip qopti! Issiq jon-da!

    — Yo‘-o‘q!!! Bo‘lishi mumkinma-as!!! Mumkinma-as!!! Yolg‘on gapiryapsanlar, yolg‘on! Niyating nima o‘zi-i, nima?.. Gapirlaring! Gapi-ir!!!

    Nafisa shu lahzalarda telbadan-da battarroq tusga kirib qolgandi. Hech kimni eshitmasdi. Hech narsani ko‘rmasdi. O‘zini goh chap, goh o‘ngga tashlab dod solar, tinchlantirishga uringan ikki zo‘ravonning unga kuchi yetmasdi. Ularni siltab tashlar, ammo ikkovi ham qaytadan yelkasiga yopishib, xotirjam torttirishga urinardi…

    Na iloj? Nafisa shu ko‘yi jazava iskanjasida qichqira-qichqira, dod sola-sola, nihoyat charchadi. Bo‘shashgancha yerga o‘tirib qoldi. Ammo ko‘z yoshlari quyilishdan tiyilmasdi. Har nafas olganda, havo yetmay, azobda qolgan bemor kabi ko‘ksi ko‘tarilib-ko‘tarilib tushardi…

    Prokuror Sarvarga bir qarab oldi-da, asta kissasidagi kalitchani olib uning qo‘liga tutqazdi.

    — Hozir yaxshi gapirib uyiga oborasan, — deya Sarvarning qulog‘iga shivirladi u. — Uyiga yetgandan keyin kishanni yechasan! Xullas, bu qiz uchun kallangminan javob berasan! Aytib qo‘yay, ursayam, tirmalab tashlasayam miq etmaysan! Men uchun shunday qilasan! Uqdingmi?

    — Uqdim, — xuddi shunday shivirlab javob qildi Sarvar. — Xotirjam bo‘ling! Bundan battarlarini ko‘rganmiz. Bunisi nima bo‘pti?!.

    * * *
    Nafisani avaylabgina mashinaga o‘tqazishdi. Nimalardir deya yupatishdi, tinchlantirishdi. Ko‘nglini ko‘tarmoqqa tutinishdi. Bularni Nafisa yo eshitdi, yo eshitmadi. Yo sezdi, yo sezmadi. Yo his etdi, yo his etmadi…

    Shu tobda irodasi erkaklarnikidan-da metinroq, kuchliroq bu qiz tirik murda qiyofasiga kirib qolgandek edi. Oyoq-qo‘llari qimirlab, yuragi urib turganiga qaramay, bag‘ri muzlik domida tosh qotgandi. Uyiga kirib keldi. Kimlardir, qaysidir ayollar, erkaklar unga yopishib qon yig‘ladi. Hovlini erkag-u ayolning faryodi tutdi. Bu faryodlar shu qadar achchiq chiqdiki, yeru-ko‘kni gumbirlatib, momoqaldiroq ayuhannos sola boshladi. Zum o‘tmay, sharillab yomg‘ir quya boshladi. Lekin u ham Nafisaning alamlarini, afsus-u nadomatlar dengiziga g‘arq bo‘lgan qalbini ovuta bilmasdi. Achchiq ko‘z yoshlariga qo‘shilib, faryodiga faryod qo‘shardi xolos…

    Bandachilik ekan…

    Erta tongda o‘zini kulibgina kuzatib qolgan jondan aziz onasini qabrgacha ham kuzatib bora olmadi.

    Ayollarning qabristonga borishi odatlarimizga to‘g‘ri kelmas ekan.

    Uyi ostonasigacha tobutni quchoqlab vidolasha oldi xolos. Tobutni olib chiqib ketishgandan keyin esa…

    Shundoq ham cheksiz bo‘shliqqa aylanib ulgurgan bag‘riga yana bir bo‘shliq chang soldi. Bu bo‘shliqning zabti oldingisidan ham kuchliroq, keskinroq edi. Yuzlarga urilib-urilib ketayotgan yoqimsiz va sovuq shamoli oldingisidan-da keskirroq edi. Ayniqsa, onasidan, yorug‘ dunyodagi bittagina do‘stidan, sirdoshidan, suyanchidan, ishonchidan, nomusidan, oridan ayrilibgina qolgan Nafisaning ko‘ksiga urilgan bu keskir shamol yurakkinasini kesib-kesib o‘tayotgandek azob berardi…

    Afsuski, odamzod bundan-da xunukroq, kuchliroq, shafqatsizroq ko‘rgiliklarga chidashga mahkum. Yaratganning xohishiga zo‘rlik qila olmaydi.

    Majburan sabr qiladi, chidaydi, bardosh beradi…

    Nafisa ham o‘shalarning biri-da. Ko‘z ochib yumguncha mehribonining ma’rakalari, ketidan yigirmasi, keyin qirqi ham o‘tdi.

    Hayhotdek hovlida bir o‘zginasi huvillagancha qolib ketaverdi…

    Ishqilib, xudoning o‘zi sabr, matonat bersin! Onajonining oxiratini bersin! Onajonidan xudo rahmat-mag‘firatini darig‘ tutmasin!

    Omin!
    (davomi bor)

    Manba: Hordiq.uz

    » » Bir kechalik kelinchak… (28-qism. Uchinchi fasl)