03:17 / 15.11.2018
10 127

Bir kechalik kelinchak… (31-qism. Uchinchi fasl)

Bir kechalik kelinchak… (31-qism. Uchinchi fasl)
Oradan ikki soatcha vaqt o‘tdi. Nafisa hanuz kasalxona yo‘lagi chetiga o‘rnatilgan o‘rindiqlarning birida o‘tirar, afsuslar, alamlar tufayli ich-etini yerdi. Boshiga hadeb balo yog‘ilaverishidan kuyardi. Goh xayolan onasi Nasibaning ruhiga murojaat etar, ko‘mak so‘rab yolvorardi. Ikki o‘yi esa palata ichkarisidagi yigitda edi. «Ishqilib o‘lib qolmasaydi, xudoyim», deya zorlanardi.

Nihoyat palata eshigi ohista ochilib, xuddi kinolardagidek oldin vrach, ketidan dori-darmonlar solingan idish ko‘targan hamshira qiz chiqishdi. Nafisa ularni ko‘rgandayoq ilkis o‘rnidan turib ulgurgandi.

— Xo‘sh, do‘xtir, yigitning ahvoli qalay? — so‘radi Nafisa vrachning oldini to‘sib. — Og‘ir emasmi ahvoli?

— Yo‘g‘-e, nega og‘ir bo‘lsin? — dedi vrach kulimsirab. — U yer bu yeri tirnalibdi. Juda yaxshi. Istasangiz, uyga opketishingiz mumkin.

— Voy, rahmat sizga, — Nafisa shosha-pisha sumkachasini ochib bir dona qog‘oz pul chiqardi-da, vrachning kissasiga solib qo‘ydi. — Qilgan xizmatingizga rozi bo‘ling, do‘xtir, — dedi ma’yuslanib. — Demak… Olib ketsam bo‘ladi-a?

— Ha, hozir hamshira kasallik tarixidan ko‘chirmani opkirib beradi. Omon bo‘ling!

Nafisa jonini hovuchlagancha palataga o‘zini urdi. Yigit boshidan jarohatlangan ekan. Doka bilan chiroyli qilib boylab qo‘yishibdi. O‘zi esa astoydil o‘tirib olgancha sukut saqlardi.

Eshik ochilganini eshitib boshini shu tomon burdi. Nafisani ko‘riboq asta o‘rnidan turishga chog‘landi.

— Yo‘q, turmang, — dedi uning yelkasiga qo‘lini bosib o‘tirishga chorlarkan. — O‘tirvoling! Xo‘sh, ahvolingiz yaxshimi?

— Zo‘r, — dedi kulimsirab yigit. — O‘zi-chi, opa, bu yerga opkelmasangiz ham bo‘lardi o‘shanda. Sekin yetvolardim manzilimga.

— Bekorlarni aytibsiz, — dedi Nafisa norozi bosh chayqab. — Ayb menda. Shunday qo‘yib yubormasdim baribir. Xudoga shukr, yaxshiykansiz. Hozir ketaversangiz ham bo‘larkan. Vrach aytdi. Hamshira bir hujjat opkelishi kerak. Opkelishi bilan chiqaveramiz bu yerdan.

— Yaxshi bo‘ldi ketadigan bo‘lganim, — dedi yigit. — Rostini aytsam, kasalxonada yotishni jinimdan yomon ko‘raman.

— Kechirasiz, ismingiz nima? — so‘radi Nafisa karavotning bir chetiga cho‘kib. — Kim deb chaqirishniyam bilmay qoldim sizni.

— Ismim Sharof, — dedi yigit xijolat tortganidanmi asta boshini egib. — Asli surxon tomonlardanman.

— Shunaqami? Zo‘r-ku! Surxonga bormaganman-u, ammo o‘sha yoqlik dugonalarim bor. Rosa maqtashadi.

— Ha, biz taraflar rostdanam zo‘r joylar. Bilmadim, o‘sha yerda tug‘ilganim uchunmi, hech bir viloyatni, hatto Toshkanniyam Surxonga o‘xshata olmayman…

Suhbat uzildi. Eshik bir necha marta taqilladi-yu, ichkariga hamshira qo‘lida qog‘oz bilan kirdi.

— Mana, vrach aytgan ko‘chirma, — dedi u muloyimlik bilan. — Ketsangizlar yaxshi boringlar. Kasal bo‘lmanglar!..

* * *
— Xo‘sh, qay tomonda turasiz? — so‘radi Nafisa mashinaga chiqib o‘tirishgach. — Uyingiz qayerda?

— Vokzalda, — aybdorona bosh egib javob qildi Sharof. — O‘sha yergacha oborib qo‘ysangiz bo‘ldi.

— Vokzalda? — Nafisa hayron bo‘lib Sharofga qattiqroq tikildi. — Nega? Ijaraga kvartira olmaganmisiz?

— Kambag‘al odamga kvartirani kim qo‘yibdi? — norozi g‘udranib qo‘ydi Sharof. — Opa, ochig‘i, mardikorchilik qilaman. Kunlik ishlarda ishlagan paytim o‘sha vokzalga kelib tunayman. Hozir yoz bo‘lsa, havo issiq…

— Qishda-chi? Qishda qayerda tunaysiz?

— Qishdami? — Sharof boshini ko‘tarmagan holda beixtiyor jilmayib chakkasini qashigan bo‘ldi. — Qishda Toshkandan tashqarida bir odam bor. Fermerlik qiladi. O‘shanikiga borib mol-qo‘ylarini boqaman. Yotar-turarga joy beradi, qornimni to‘ydiradi. Yana… Ishimga qarab pul ham to‘laydi.

— Ota-onangiz biladimi shu yurishlaringizni?

— Ota-onam allaqachon olamdan o‘tib ketgan, — dedi Sharof birdan jiddiy tortib. — Qondoshlar bor, ammo meni uyiga kiritishmaydi.

— Ota-onangizdan uy ham qolmaganmi? O‘sha uyda yashab yuraversangiz bo‘ladi-ku!

— Uy yo‘q-da, opa, — dedi Sharof. — Otam rahmatli ichuvchi odam edi. Men 15 yasharligimda uyimizni sotib ichvorgan. Onam shundan keyin kuya-kuya o‘lib ketdi. Otam ham… Otamni qish chillasida ko‘chada mast holda uxlab qolib o‘lgan deyishadi. Lekin men ko‘rmaganman. Onam o‘lgandan keyin qishloqdan chiqib Toshkanga kelgandim. Otamning… Janozasigayam bormadim. Haliyam u odamdan nafratlanaman. Nuqul ichib kelib onamni ur kaltak qilardi. Meni kichkinaligimda og‘ilxonadagi buqaning yoniga arqonlab qo‘yardi. Nuqul «Sen yaramasni semirtirib so‘yib yeyman», derdi…

— Ha-a, achinarli o‘tmishingiz borakan, Sharof, — deya og‘ir xo‘rsindi Nafisa yuragi achishib. — Lekin siz xafa bo‘lmang, Sharof! Dunyoda har xil odam, har xil taqdir bor. Agar har bir o‘tgan yomon kunimiz uchun xafa bo‘laversak, yer yuzida tirik odamning o‘zi qolmaydi. Bilasizmi, men sizga vokzalda tunashga ruxsat bermayman. Vokzalda alkashlar tunaydi. Siz alkash emassiz. Menikiga boramiz. Ertadan boshlab boshqacha hayot boshlaysiz. Mardikor-pardikorga chiqmaysiz. Tushuntira oldimmi?

— Qanday bo‘larkin? — dedi Sharof o‘ng‘aysizlanib. — Men sizga ortiqcha yuk bo‘lishni xohlamasdim, opa. Shundog‘am meni deb qorong‘iga qolib ketdingiz.

— Sizni deb qolganim yo‘q, — dedi Nafisa. — O‘zim yo‘l qo‘ygan aybni yuvish uchun qoldim. Sizni o‘sha ahvolda tashlab keta olmasdim-ku ko‘chada! Xullas, nima deysiz?

— Mayli, sizga malol kelmasa bo‘ldi-da, opa!

— Malol keladigan bo‘lsa, taklif qilib o‘tirmasdim. O‘sha vokzalingizda qoldirib ketaverardim. Bo‘pti, kelishdik! Ketdik unda!

* * *
Shu kecha tush ko‘ribdi. Tushida onasi Nasiba hovliga kirib kelganmish. Kuppa-kunduzi bo‘lishiga qaramay, hovli huvillarmish. Faqat qur-qur chang-to‘zon aralash shamol ko‘tarilib, hovli qumga to‘larmish. Yana shamol birpas to‘xtab turarmish-da, qayta ko‘tarilib, yig‘ilgan qumlarni ko‘chaga uchirib ketarmish. Oxirgi bor shamol ko‘tarilganda, chang-to‘zon o‘rniga oppoq harir libos kiygan Nasiba uchib kiribdi-da, hovli o‘rtasida to‘xtabdi. Shu tobda Nafisa yolg‘izlik azbaroyi joniga tekkanidan alami kelib ho‘ng-ho‘ng yig‘lar, chang-to‘zonga qorishiq shamoldan qo‘rqib bir burchakka biqinib olganmish.

— Qo‘rqma, qizalog‘im, ovunchim, — deya unga yaqinlashib ikki yuzini kaftlari orasiga olibdi Nasiba.

Uning kaftlari shu qadar qaynoq emishki, Nafisaga bu taft xush yoqib kaftlarni mahkam ushlab olibdi. — Men yoningdaman-ku har doim! Nega yig‘laysan? Nega qo‘rqasan?

— Shamol qo‘rqityapti, oyi, — debdi Nafisa onaning ko‘zlariga javdirab boqarkan. — Meni uchirib ketmoqchi bo‘lyapti.

— Uchirib bo‘pti! Men yo‘l qo‘yarkanmanmi? Adabini berib qo‘yarman uchirsa! Sen mening yagona orzuimsan! Ikki dunyoda faqat o‘zingga suyanaman. Biroq noto‘g‘ri yo‘l tutib qo‘yding. Sot do‘konlarni! Hammasini sot! To‘y qilamiz! Seni erga beramiz!..

Nasiba shunday deb o‘ng kaftini oldinga cho‘zgan ekan, xuddi ertaklardagi kabi mo‘’jiza yuz beribdi. Onasining qo‘lida oppoq kelin ko‘ylak paydo bo‘libdi. Ko‘ylak o‘zidan shu qadar yorqin nur taratarkanki, Nafisaning ko‘zlari qamasha boshlabdi.

— Mana sening baxting, — deya unga ko‘ylakni tutqazibdi Nasiba. — Ichkarida kuyoving berkinvoldi-a mening kelganimni eshitib? Ayt, qo‘rqmasin mendan! U sho‘rlik ham o‘zimizga o‘xshab qiynalgan. Ko‘ngli juda toza. Sen unga turmushga chiqasan! Men kelib albatta to‘ylaringning boshida turaman. Mana shu uyniyam sotib yuboringlar! Bu hovlini ajinalar makon tutgan. Sizlarga ziyon yetkazaverib bezor qiladi. Men Sharofga tayinladim qayerga borishni…

Shunday debdi-yu, Nasiba ikki qo‘lini yuqoriga ko‘taribdi. Shu zahoti bor bo‘yi bilan yerdan uzilib, ko‘z ochib yumguncha osmon-u falakka ko‘tarilibdi-yu, g‘oyib bo‘libdi..

* * *
Nafisa kech uxlashga yotganiga qaramay, uyqudan erta tongda tiniqib uyg‘ondi. Uyg‘ondi-yu, dast o‘rnidan turib derazadan tashqariga qaradi. Chamasi, hanuz ko‘rgan tushi ta’siridan chiqa olmay, hovlidan onasini qidirgan bo‘ldi. Tashqarida shamol esmayotganiga qaramay, u yer bu yerga qum aralash shox-shabbalar yig‘ilib qolibdi. Xizmatchilar supur-sidir qilmayotganidan jahli chiqqan bo‘lib derazadan boshini chiqarib hovliga yaxshiroq razm soldi. Yo‘q, xizmatchisi hovlining narigi burchidan supurishni boshlagan ekan.

Sal ko‘ngli tinchlanib, ichkariga nazar tashladi. Ikki yoniga kreslo qo‘yilgan shishali stolcha ustiga qog‘oz qo‘yilibdi. Xatga o‘xshadi. Nafisa hayron bo‘lgancha shosha-pisha qog‘ozni qo‘liga olib xatni o‘qiy boshladi.

Xatda shunday deyilgandi:

«Opa, men shu kecha umrimda birinchi marta tinch uxlabman. Tanimayman-u, ammo bir ayol tushimga kiribdi. «Nafisaning onasiman, sening taqdiring u bilan bog‘langan, yaxshi, tinch yashanglar! Sizlar baxtli bo‘lasiz. Uni ranjitmagin, nasib bo‘lsa, serfarzand, serdavlat bo‘lasizlar! Tez Toshkandan ketib olis bir cho‘lga boringlar! U yerda sizlarni qaynoq va osuda hayot kutyapti.» — deb tayinlabdi. Men uyg‘onib ketdim. Shundan keyin shu xatni yozdim sizga. Faqat jahlingiz chiqmasin, iltimos, opa! Tuya hammomni orzulabdi-da deb o‘ylamang. Men shunchaki… Ko‘rgan tushimni qog‘ozga tushirdim xolos… Sizga hurmat bilan: Sharof!..»

Nafisa xatdan shu qadar qattiq ta’sirlandiki, yugurgancha Sharof yotgan xonaga kirdi.

U ham allaqachon uyg‘onibdi. Derazadan tashqariga qaragancha, sukut saqlardi. Nafisaning kirib kelganini payqab shosha-pisha o‘rnidan turdi va aybdorona bosh egdi.

Nafisa gapni nimadan boshlashni bilmay, birpas ikkilanib turdi. Shu bahonada Sharofga zimdan nazar soldi.

Aftidan, uning yuzlaridan, ko‘z qarashlaridan samimiylik balqib turardi. Nafisa bu soddadil yigit samimiy, ko‘nglida g‘araz yo‘qligiga sira shubha qila olmadi. Tag‘in bir muddat unga tikilib turgach, so‘z qotdi.

— Bu nima o‘zi? Mo‘’jizami? Nahotki, ikkimiz ham bir xil tush ko‘rgan bo‘lsak? Nima bu, Sharof?

— Bilmadim, opa, — deya oldi zo‘rg‘a shivirlab Sharof. — Ilgari umuman tush ko‘rmasdim. Bugun esa… U ayol juda chiroyli, basavlat ekan. Hatto, tushimdayam rosa o‘ng‘aysizlandim.

— Nega o‘ng‘aysizlanasiz? — so‘radi Nafisa vujudining qayeridadir titroq tuyib. — Shunchalik tortinchoqmisiz?

— Bilmadim… Oldin unday chiroyli ayollarga duch kelib ko‘rmaganman-da. Mardikorda yursam ham shunday ayollarga duch kelsam, negadir gapiradigan gapimniyam unutib qo‘yardim.

— Xo‘sh, endi nima qilamiz? — so‘radi Nafisa battar to‘kilay deb. — Tushda ko‘rganimiz mening oyim edi. U kishi juda xavotirda.

— Bilmadim, opa, — dedi Sharof yelka qisib. — Axir… Siz badavlat, xuddi oyingiz kabi chiroylisiz. Menga kim qo‘yibdi?..

— Unday demang. Menam farishta emasman. Xuddi sizga o‘xshab bu yorug‘ dunyoda yolg‘iz qoli-ib ketaverganman. Yosh boshimga keragicha balolar yog‘ilib ulgurdi. Rostini aytsam, juda jonimdan to‘ygandim. O‘sha… Sizni mashinamda urib ketgan paytim ham bir maraz bilan urishib qolib achchiq ustida tez ketayotgandim. Xayriyat, sizga hech nima qilmadi. Yo‘qsa, bu zarbani sira ko‘tara olmasdim. Menga qarang, necha yoshdasiz o‘zi?

— Sizdan ikki yosh kichikman xolos, — dedi Sharof hamon bosh eggan ko‘yi jilmayib.

— Voy, mening necha yoshdaligimni qayerdan bilasiz?

— Xonadagi onangiz bilan tushgan suratingizni ko‘rib qoluvdim. O‘sha yerda yozib qo‘yilgan ekan.

— Ha-a, shunday demaysizmi? Ha mayli, xo‘sh, buyog‘iga nima qilamiz endi? O‘tiraveramizmi shunday?

— Oyingizning qabriga borishimiz kerak shekilli. Tilovat qilish kerak. Keksalar shunday deyishardi…

— Xo‘p, keyin-chi?

— Keyin…

Sharof birpas sukut saqlab turdi-da, harqalay boshini ko‘tardi. Bu galgi tovushi dadilroq ham chiqdi.

— U kishining vasiyatlarini ado qilish zarur bo‘lsa kerak. Har holda… Aytdingiz-ku, sizam shunday tush ko‘ribsiz… Tag‘in… Bilmadim…

— Xo‘p, ketdik unda! Qolgan gaplarni yo‘l-yo‘lakay gaplashaveramiz! Faqat iltimos, shustriy bo‘ling! Tortinchoqlikni tashlang! Hayronman, shunday katta shaharda tortinchoqlik bilan qanday kun ko‘rgan ekansiz! Odam sal dadil, tezkor bo‘lmasa, bu shahar yutvoradi-ku!..

— Menga qolsa, bu shaharda bir daqiqayam qolmasdim, — dedi Sharof. — Jonga tekkan shaharlari.

— Buni mendan so‘rasangiz yaxshi bo‘lardi. Shunday uyim, pulim bo‘lsayam baribir shaharda yashash jonimga tekkandi.

— Unda bir zo‘r joyni bilaman, — dedi Sharof yanada jonlanib. — Cho‘l yer. Agar mol-qo‘y sotvolib fermerlik qilsak, zo‘r yashashimiz mumkin. Uy quramiz. Men mol-qo‘y boqishni bilaman.

— Yo‘g‘-e, — deya kuldi Nafisa. — Nahotki? Men sizni…

Nafisa aytmoqchi bo‘lgan gapini tiliga ko‘chirishni xohlamadi. Sharofni ranjitib qo‘yishdan cho‘chidi…

Indamaygina tashqariga chiqdi-yu, xizmatchilarga qilinadigan ishlarni tayinlagach, mashinaga o‘tirib motorga o‘t qo‘ydi.

* * *
Qabriston, baribir qabriston-da. Chin ko‘ngildan duo qilgan bandasiga Ollohning o‘zi madadkor bo‘ladi. Ollohning karomati bilan bu maskanda abadiy uyquga ketgan jasadlarga tegishli ruhlar duogo‘ylarning qo‘ltig‘iga kirib, ularni yiqilishdan, qoqinishdan asraydi. Yana Yaratgan egamning irodasi bilan yaqinlarining ko‘ngliga xotirjamlik hadya etadi. Agar mazlumga aylangan bo‘lsa, mazlumlik qa’ridan xalos bo‘lishda ko‘maklashadi.

Nafisa ham onasi rahmatlining qabri tepasida uzoq o‘tirib qoldi. Sharofning qarshisida noqulay bo‘ldimi, ovoz chiqarmay, xayolan onasi bilan tillashdi.

«Oyi, tinch yoting endi buyog‘iga, — dedi xayolan. — Men sizsiz yorug‘ dunyoda qolib ketib juda yomon qoqindim. Ko‘ksim parchalanib ado bo‘layozdim. Endi siz vasiyat qilganingizdek yo‘l tutaman. Shunga qaror qildim. Faqat o‘zingiz qo‘llab turing! Qizingiz uzoq bir qishloqqa ketib qolishga ahd qildi. Yonimda o‘tirgan mana bu kamsuqum yigitni xudoning o‘zi yuborgan shekilli. Aks holda ikkimiz ham bir xil tush ko‘rmasdik. Demak, xudoyimning o‘zi sizga tayinlagan. Shu yo‘l to‘g‘riligini aytgan. Men vasiyatingizga amal qilaman. Ishonaman, shu yigit meni balolardan himoya qiladi. Menga tirgak bo‘ladi… Aytgancha, oyi, nima desangiz deng-u, ammo otamniyam opketaman o‘zim bilan. Men u odamni katta shaharda taqdirning ixtiyoriga tashlab keta olmayman. Shundog‘am sho‘rlik tilidan ayrilib tamom bo‘lgan. Qabringiz tepasida o‘tirib so‘zsiz duo qilishlarini bir ko‘rsangiz edi… Mening yonimda bo‘lsa, yaxshi-da. Har holda farzandiman. Keksaygan chog‘ida xor qilib qo‘ya olmayman! Kechiring! Tez-tez kelib sizdan xabar olib turishga va’da beraman! Hozircha xayr, oyijon! Tinch yoting!..»

* * *
Agar Ollohning o‘zi bandasi taqdirini belgilab qo‘ygan bo‘lsa, u chizilgan chiziqdan chetga chiqa olmaydi.

Nafisa dastlab onasi kabi tadbirkor bo‘lib katta davlat ortirishni orzulagandi. Bu orzusi unga esh bo‘la olmadi. Olloh shuni istadi…

U onadan qolgan biznesni sotib pullarni bankka joyladi-yu, Sharof bilan birga olis bir qishloqqa jo‘nab ketdi. Otasi Bilolni ham tashlab qo‘ymadi. U ham qizining qistovi bilan yo‘lga otlandi…

Ajoyib kunlarning birida xuddi o‘sha olis qishloqda dang‘illama to‘y bo‘ldi.

Nafisa xuddi o‘sha tushida onasi qo‘liga tutqazgandek oppoq harir to‘y ko‘ylagini kiyib Sharofning qo‘ltig‘iga kirdi. Bilol ularni g‘o‘ldiray-g‘o‘ldiray uzoq duo qildi. Tovushsiz qon yig‘lay-yig‘lay ikki yoshni tabrikladi…

To‘yga tanigan-tanimaganlarning barchasini chaqirishgandi.

Qishloqning bir chetida qad ko‘targan kattakon va hashamatli hovli mehmon deganiga to‘ldi.

Kelganlarning hamma-hammasi Nafisa va Sharofning taqdiridan quloqma-quloqma xabar topgandi. Bilol duo qila boshlagan payt barchalari yig‘lab-yig‘lab olqishlashdi…

XOTIMA O‘RNIDA:

Yaqinda eshitib qoldim. Oradan yillar o‘tib, Nafisa va Sharof to‘rt o‘g‘il ko‘rishibdi.

Sharof o‘zi aytganidek fermerlikni qoyillatibdi.

Davlatdan 50 gektar yerni ijaraga olib katta og‘ilxona qurishgan, qolgan yerga ekin ekishgan ekan.

Mol-qo‘ylar o‘zidan ko‘payib og‘ilxonaga sig‘mas bo‘libdi. Bilol ham keksayganiga qaramay, shu mol-qo‘ylarni boqarkan. Qachon qarasangiz, nigohlaridan baxt, shukronalik balqib turarkan. Har kuni kechalari so‘zsiz bo‘lsa-da, farzandlarini, nevaralarini uzoq-uzoq vaqt duo qilarkan. Har duoga qo‘l ochganda, to‘yib-to‘yib yig‘larkan. Ammo bu baxt, shukronalik ko‘z yoshlari ekaniga sira shubha yo‘q.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bir kechalik kelinchak… (31-qism. Uchinchi fasl)