Olimlar yurakning chidamliligini oshiruvchi mahsulotni ma’lum qilishdi

  • 1-12-2018, 10:12
  • 1 652
  • Hayot tarzi
  • Olimlar yurakning chidamliligini oshiruvchi mahsulotni ma’lum qilishdi
    Zarchava yurakning salomatligi uchun juda foydali mahsulot ekani aniqlandi. Uning iste’mol qilinishi yurakning katta zo‘riqishlarni ko‘tara olish qobiliyatini ancha yaxshilagan.

    “Biz kurkumin (zarchava tarkibiga kiruvchi modda) yurak mushaklari va boshqa mushaklar hujayralaridagi oksidantlarga qarshi kurash uchun javob beruvchi Nrf2 geni faolligi darajasini oshirishini ko‘rsatdik. Bunday strategiya yurak bilan bog‘liq muammolardan aziyat chekuvchi odamlar turmush tarzini ancha yaxshilashi mumkin”, deb aytgan Nebraska shtati universiteti vakili Ahmad Vafi.

    Olimlar yaqinda zarchava negizida tayyorlanuvchi ko‘plab ziravorlar nafaqat taomning ta’mi va ko‘rinishini yaxshilashi, balki ko‘plab foydali xususiyatlarga egaligini aniqlashdi. Misol uchun, bir yil avval amerikalik biologlar zarchavani kimyoterapiya vositalarini saraton hujayralariga yetkazishda qo‘llash mumkinligini aniqlashgan.

    Yanada avvalroq boshqa olimlar zarchavaning asosiy komponenti bo‘lgan kurkumin moddasi organizmga yallig‘lanishlar va ular bilan bog‘liq kasalliklarga qarshi kurashda yordam berishini hamda ko‘rlik va aqli zaiflikdan himoyalashini aniqlashgan. Ba’zi tadqiqotchilarning fikricha esa, bu modda suvda erimasligi va qonga yomon singishi tufayli hech qanday foydali jihatga ega emas.

    Vafi va uning hamkasblari zarchavaning yana bir foydali xususiyatini aniqlashdi. Ular kurkuminning bir nechta sichqonning yuragi ishiga ta’sir qilishini kuzatib, uning organizmga ta’sirining molekulyar mexanizmlarini aniqlashgan.

    Tajriba davomida sichqonlarning koronar arteriyasi shunday tikilganki, yurakning chap qorinchasi doimo to‘la holda bo‘lgan va o‘zi orqali odatdagi hajmning yarmidan ko‘prog‘ini o‘tkaza olmagan. Olimlarning aytishicha, qon aylanish tizimida bunday sun’iy buzilishlar yurak yetishmovchiligining turli shakllaridan aziyat chekuvchi odamlar yuragida nima bo‘lishini ko‘rsatgan.

    Tinch holatda bu buzilishlar insonga kuchli ta’sir qilmaydi, biroq kichik zo‘riqishlar paydo bo‘lishi bilanoq yurak zo‘riqib, tez charchay boshlaydi. Olimlarning ta’kidlashicha, yurak faoliyatidagi bunday muammolar yallig‘lanishlar sababli yuzaga kelgan bo‘lishi yoki avj olishi mumkin.

    Vafi hamkasblari bilan birga zarchavaning katta miqdori arteriyasi tikib qo‘yilgan sichqonlar yuraklariga qanday ta’sir qilishini tekshirib ko‘rgan.

    Tajribaning ko‘rsatishicha, ziravor sichqonlar yuragi faoliyatini haqiqatan ham yaxshilagan. Sichqonlar yugurish yo‘lakchasi bo‘ylab hech narsa olmagan sichqonlarga nisbatan 1,5 marta uzoqroq masofaga va 20-30 foizga tezroq yugurgan.

    Kurkumin molekulalari Nrf2 geni va u bilan bog‘liq DNKning ikkita qismi – HO-1 va SOD2 faolligini oshirgan.

    Yana e’tiborli jihati, zarchava iste’mol qilgan sog‘lom sichqonlar ham uzoqroq va tezroq yugura boshlagan. Bularning barchasi esa zarchava yoki Nrf2 genining boshqa aktivatorlarini yurak salomatligini yaxshilash va inson bardoshliligini oshirish uchun qo‘llash mumkinligidan darak beradi.

    » » Olimlar yurakning chidamliligini oshiruvchi mahsulotni ma’lum qilishdi