"Odamlar nima deydi?"

  • 1-12-2018, 11:55
  • 1 095
  • Hayot tarzi
  • "Odamlar nima deydi?"
    Menimcha, yer yuzida bizdan boshqa "birovlar fikri uchun" yashaydigan, "odamlar nima deydi?"dan qo‘rqadigan millat bo‘lmasa kerak.

    Bir o‘rtog‘imiz uylanadigan bo‘ldi. To‘yiga atab yig‘ayotgan puli "ko‘ki"da besh minga yetibdi.

    Bir necha yigitlar unga, "pulinga yarasha ixchamroq to‘y qilaver, iloji bo‘lsa uch mingini ishlatib qolganiga to‘ydan keyin biron ish boshla" deb maslahat bergandek bo‘ldik.

    U bo‘lsa, "bir o‘g‘il bo‘lsam, uni ustiga ko‘pchilikni oshini yeganman. Do‘st dushman nima deydi?" – dedi va yana olti ming dollar qarz olib o‘n bir mingga to‘yini o‘tkazdi.

    O‘smirlik chog‘imda oilaga yordam berish maqsadida o‘qishdan bo‘sh paytimda chorsu bozorida "napitka"lar sotardim.
    Agar tanishlar uchrab qolsa, xuddi ular meni malomat qiladigandek uyalib, bo‘zarib, iloji boricha ulardan berkinishga harakat qilardim.

    O‘zimcha, bu qilayotgan tijoratimni "do‘stlar ko‘rib qolsa nima deydi", derdim-da.

    Bir qadrdon okamizni ishlari yurishgan paytida moliyaviy ibodatlarni (umra, haj) qivoling! Variantlar chiqib turibdi, yo‘li bor! – dedik.

    Okamiz, "uyni kengrog‘iga almashtirib olay, keyin..."

    Bu uyimga mehmon kutolmayman. Uyimga kelganlar, "Ko‘chada yurishini qara, yashayotgan (katalakdek) uyini qara" deyishmaydimi? – dedilar.

    Odamlar nimayam derdi?

    O‘rtog‘imizning xozirgacha chumolidek tinmay ishlashi, lekin haliyam qarzini "dumi" uzilmaganini ko‘rgan "do‘st-dushman", "imkoniyatiga qarab ish qilsa bo‘lmasmidi" – deyishdi.

    Men esa ishlab, maktab xarajatlarimdan orttirib qolgan pulni, ro‘zg‘orga ishlatarsizlar deb onamga berganimda (dadamga berishga uyalganman) onam, "voy meni bolam ishlab bizni boqadigan bo‘libdi" deb, yig‘lab haqimga duo qilganlarini, odamlarning har qanday gapiga alishmayman!

    "Odamlar nima deydi?" dan uyalib ibodatni keyinga surgan okamiz, afsuski uylari yangilanishidan oldin olamdan o‘tib ketdilar!

    Umr qisqa! Odamlarning gapi uchun emas, o‘zingiz uchun yashang azizlar.
    Hojiahmad UMRZOQOV

    Manba: Azon.uz

    » » "Odamlar nima deydi?"