16:12 / 01.12.2018
3 303

Nega yolg‘onga ishonamiz?

Nega yolg‘onga ishonamiz?
Chunki u shirin, yoqimli bo‘ladi. Shuning uchun yolg‘onligini bilib tursak ham, shubhalansak ham unga ishonamiz, o‘zimizni balki rostdan hamdir deb ishontiramiz.

Yaqinda men ham ana shunday yolg‘on domiga tushdim. Yozda bolalikdan yaqin do‘stim o‘z bojasi bilan gektariga 200 ming so‘m evaziga mosh ekayotganini aytib, mendan qarz so‘radi. Olti gektarga ekyapmiz, hamma ishni bojam qiladi, hosilni esa yarmi meniki, dedi. Undan yana bormikan, so‘rab ko‘r, menam pul berardim bo‘lsa dedim. So‘radi, olti emas, jami 13 gektarga ekadigan bo‘ldik. Agar gektaridan 1,2 tonna hosil olsayam, tikilgan pul 2 gektar yerdan chiqib ketishi, qolgani foyda ekanini aytdik.

Shunday qilib do‘stim va o‘zim uchun avval yerga, keyin "gurkirab o‘sayotgan" moshlarni dorilashga, kuzda esa qo‘lda yig‘ib olinishi uchun ish haqiga pul berdim. O‘zimcha hisob-kitob qilib, falon million so‘m pul tusharkan, undan falonchiga buncha, pistonchiga buncha ajrataman, o‘zimgayam oz-moz qoladi, deb shirin xayollarga berilib yurgan vaqtim...

Yolg‘onning shakari tugab, qalampiri boshlandi. Birdaniga yuzim burishdi, pullar havoga uchgani, ularni do‘stimning bojasi ichib, maishatlarga ishlatgani, bizni esa juda mohirlik bilan aldagani oshkor bo‘ldi.

U orada men chetga ketdim, bu ishning ortidan chopish do‘stimning vijdoniga qolib ketdi. Ichim kuygani, yetim-yesir, juda qiynalgan bir-ikki oilaga bir ish boshlab qo‘yganman, Xudo xohlasa o‘xshasa yordam beraman, duo qilib turinglar, deb va’da berib qo‘ygandim. Ular bilan ham aloqam uzildi, bir-ikkisining salomlariga alik olishdan boshqa ish qila olmay qoldim.

Bu haqda yaqin akaxonimga aytgandim, siz yaxshilab o‘ylab ko‘ring bergan pullaringizda qandaydir harom-xarishmi, nimadir aralashgan bo‘lsa kerak, dedi. Tilimni tishladim. Hosildan uzaman, deb qarz ham olgandim, yonimdagi omonat puldan ham ishlatgandim (albatta hammasini tiyin-tiyinigacha yozib qo‘yganman, insha Alloh o‘z vaqtida undan qutulaman).

Xullas shunaqa gaplar. Shirin yolg‘onlar, osonlikcha keladigan jaraq-jaraq pullarga ishonmang. Hammasiga mehnat va izlanish, kallani ishlatish va albatta halol yo‘l bilan erishish mumkinligini unutmang.
Sanjar SAID

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nega yolg‘onga ishonamiz?