08:01 / 02.12.2018
4 754

Tasodif va aql

Tasodif va aql
Nima sababdan dahriy (ateist) odamlar koinotni “tasodifan” paydo bo‘lganiga ilmiy xulosa deb qaraydilar-u, uning aql bilan yaratilgan bo‘lishini safsata deb o‘ylaydilar?

Koinot chuqur o‘rganilgan sari, uning aniq o‘lchov bilan yaratilganligi oydinlashmoqda.

1966 yilda olimlar nazdida biror bir sayyorada hayot bo‘lishi uchun o‘sha jism ikki talabga javob berishi: unda issiqlik va yorug‘li bilan ta’minlovchi yulduz (quyosh) ning mavjudligi va o‘sha yulduzdan sayyoraning ma’lum masofada uzoqda bo‘lishi yetarli deb o‘ylanardi. Bo‘ldi.

Shu tushuncha bilan olimlar o‘zga sayyoralardan hayot qidira boshladilar. Olimlar qaysidir ongli mavjudotlarning radio signallarini tutishga urinar, o‘zlari ham cheksiz osmonga radio to‘lqin orqali xabarlar yuborardi. Barchasi behudaga ketdi. Koinot sukut saqlardi.

1966 yildan keyin, biror bir sayyorada hayot bo‘lishi uchun unda mavjud bo‘lishi kerak bo‘lgan xususiyatlar soni ikkitadan 10 taga ko‘paydi, so‘ng 50 taga va hozirda esa, bu sayyora o‘zida 200 dan ortiq xususiyatlarni jamlashi kerak degan xulosaga kelindi.

Bu raqam kelajakda yana ham ortishi mumkin. Hayotiy talablarning ortishi sayin, koinotda yashashga yaroqli yoki hayot mavjud bo‘lgan sayyoralar bo‘lishi ehtimoli tobora kamayib, kamayib, kamayib bormoqda.

Quyida sayyorada hayot mavjud bo‘lishi uchun kerak bo‘lgan ba’zi talablarni keltiraman:

– U spiral shakldagi gallaktikada joylashgan bo‘lishi kerak. Ups, barcha gallaktikalarning atigi 6% spiral ko‘rinishda.

– Unga qo‘shni sayyoralar mavjud bo‘lishi va ular samoviy jismlar – asteroidlar hujumidan ushbu sayyorani saqlab turishi, lekin “quyoshi”ning nuridan to‘sib qolmasligi kerak. Masalan, katta hajm va ulkan gravitatsion kuchga ega bo‘lgan Yupiter Yerni asteroidlardan saqlab, lekin Quyosh nuridan to‘smaganidek.

– Sayyoraning o‘z quyoshi atrofidagi orbitasi elliptik (qovunsimon) emas, balki doira shaklida bo‘lishi kerak. Aks holda, yozda sayyora quyoshga juda yaqin kelib, isib ketishi, qishda uzoqlashib, muzlab qolishi mumkin. Bunday keskin o‘zgaruvchan sharoitda evolyutsiyaning “e”si ham bo‘lmaydi. Yer Quyosh atrofida deyarli aylana shaklda maromida aylanadi. Shuning uchun, butun sayyora birdan isib, birdan sovib ketmaydi. Mavsumlar makonlarga qarab maromida almashib turadi. Qayerdadir qish bo‘lsa, qayerdadir yoz.

– Sayyorada Ozon qatlami bo‘lishi va u quyoshidan keladigan ultra binafsha nurlariga qalqon bo‘lib turib berishi kerak.

– Ummonlar, undagi suvning hajmi va quruqlikning o‘zaro nisbati maromida bo‘lishi kerak.

– Oyga o‘xshash yo‘ldoshi bo‘lishi, uning kattaligi va sayyoradan uzoqligi ham maromida bo‘lishi kerak. Ma’lumki, Oyning gravitatsion kuchi okeanlardagi suvning harakatiga, suvning qirg‘oqdan ma’lum vaqt uzoqlashishiga, so‘ng yana qaytib kelishiga, ya’ni okeanning “nafas olishiga” sabab bo‘ladi. Agar Oy bo‘lmaganda, yoki uzoq bo‘lganda, okeanlardagi suv qimirlamasdan, akvariumdagi suvga o‘xshab, aynib qolardi. Unda hayot bo‘lmasdi.

– Sayyoraning qattiq qobig‘i bo‘lishi. Yupiter, Saturn va Uran sayyoralarning Yerdan qancha katta bo‘lishiga qaramay, ularda qattiq qobiq yo‘q ekanligini bilasizmi? Bu sayyoralarda tosh yo‘q, faqat quyuq gazdan iborat. Agarda ularga kosmik apparat yuborsangiz, bu sayyoraga qo‘nolmaydi, balkim, cho‘kib ketadi.

Bu xususiyatlar biror sayyorada hayot bo‘lishi uchun kerak bo‘lgan 200 dan ortiq talablarning bir nechtasi xolos. Bunday talabga javob bermaydigan sayyorada hayot paydo bo‘lishi mumkin emas (evolyutsion nuqtai nazardan, albatta, chunki Alloh har narsaga qodir).

Koinotda esa, mazkur talablarning atigi o‘ttiz ikkitasiga javob bera oladigan sayyoralar bo‘lishining ehtimoli treditsilliontaga bir. Bu degani har treditsillionta sayyoradan bittasi o‘ttiz ikkita talabga javob beradi degani. Oldinda yana 168 dan oshiq talab turibdi.

Aytgancha, treditsillionda 42ta nol bo‘ladi. Raqam bilan yozilsa, 1,000,000,000,000,000,000,000,000,000,000,000,000,000,000 shaklida bo‘ladi.
Said Komil XOLXO‘JAYeV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Tasodif va aql