Ayol kechinmasi

  • 5-12-2018, 12:44
  • 1 459
  • Hayot tarzi
  • Ayol kechinmasi

    Hayotiy voqea

    Bir kishi dinu diyonatli va go‘zal xulqli ayolga uylanibdi. Ikki yosh bir-biriga shunchalik mehr-muhabbat bilan muomalada bo‘lardi-ki, hatto kuyovning yaqinlari ham bundan biroz ko‘ngillari g‘ash bo‘lardi. Taqdir taqozosi bilan oradan uch yil o‘tsa ham ular farzandlik bo‘la olishmadi. Kelin turmush o‘rtog‘idan tibbiy tekshiruvdan o‘tishni so‘radi. Er ham bu taklifni qabul qilib, ayoli bilan birga shifokor huzuriga bordi va kerakli tekshiruvlardan o‘tishdi. Tibbiy tekshiruv xulosasiga ko‘ra ayoli farzand ko‘ra olmasligi ma’lum bo‘ldi.

    Bundan xabar topgan kuyovning yaqinlari unga oilasi bilan ajrashib, boshqa bir ayol ila hayot kechirishi zarurligini aytishdi. Hatto kuyovning onasi o‘g‘lidan kelini bilan ajrashib, ikkinchi marotaba uylanishi kerakligini aytdi. Ikki o‘t orasida qolgan yigit onasi va yaqinlariga qat’iyyat ila: “Mening ayolimni tug‘maydigan pushtsiz deb o‘ylayapsizlarmi?. Aslida, haqiqiy bepushtlik farzand ko‘rishda emas, balki er-xotin o‘rtasida mustahkam tuyg‘u va pokiza muhabbatning yo‘qligidadir. Men undan roziman. U ham mendan rozi. Bu mavzu borasida ikkinchi marotaba so‘z ochmanglar” dedi.

    Orada farzand bo‘lmasligi bu ikki yoshning bir-biriga nisbatan ko‘ngli sovishiga emas, aksincha o‘rtada mehr-muhabbati yanada ziyoda bo‘lishiga sababchi bo‘ldi. Shu zaylda oradan to‘qqiz yil o‘tdi. Kunlarning birida ayol o‘zida ba’zi bir o‘zgarishlarni sezdi. Shifokorga murojaat qilishganda, unda og‘ir hastalik borligi, uzog‘i bilan yana besh yil umri qolganini aytishdi. Ayolning holati borgan sari og‘irlashib borardi. Shifokorlar ayolning turmush o‘rtog‘iga: “Ayolingiz shifoxonada bo‘lgani yaxshi. Doimo shifokorlar nazoratida bo‘ladi deyishdi”. Biroq er bu taklifga rozi bo‘lmasdan, tibbiy muolaja uchun kerak bo‘ladigan barcha narsani uyda muhayyo qilishini aytdi. Uyida ayolining tibbiy davolanishi uchun zarur bo‘lgan barcha narsalarni tayyorladi va bitta hamshirani unga qarashi uchun yolladi.

    Ishxonasining rahbari mazkur voqeadan xabar topib, unga har kuni ishga ikki soat kelib qolgan vaqtda esa, oilasiga qarashi uchun ruxsat berdi. Er ishdan qaytgandan so‘ng ayoliga taom pishirib, unga o‘z qo‘li bilan taom yedirar, so‘ngra uni bag‘riga bosib, ko‘nlini ko‘taradigan narsalar aytib berar edi.

    Ayoli vafotidan oldin biror kishiga bildirmasdan hamshiraga kichkina quti berib, uni faqatgina olamdan o‘tgandan keyingina eriga berishligini tayinladi. Bu orada uning ahvoli og‘irlashib, hayotdan ko‘z yumdi. Ertasi kuni hamshira kelib, o‘ziga topshirilgan omonatni vafot qilgan ayolning eriga berdi.

    Er qutini ochganda uning ichida to‘ydan keyin ayoliga hadya qilgan atrning bo‘sh idishi, to‘y kuni birga tushgan rasmi va sizni Alloh uchun yaxshi ko‘raman deb yozilgan kumush uzuk turardi. Uning ostida xat bo‘lib unda quyidagilar yozilgan edi: “Suyukli mehribon jufti halolim! Mendan ayrilib qolganizga mahzun bo‘lmang. Allohga qasamki, agar menga ikkinchi marotaba umr berilganida ham hech ikkilanmasdan albatta siz bilan yashashni tanlardim. Siz xohlaysiz, men ham xohlayman. Biroq, Alloh taolo nimani xohlasa shuni qiladi. Suyukli mehribonim! Sizga meni oxirgi aytadigan so‘zim, vafotimdan keyin biror soliha ayolga uylaning. Siz vazifangizni a’lo darajada bajardingiz. Umid qilamanki, birinchi qiz farzand ko‘rsangiz meni ismimni qo‘yasiz. Shuni biling-ki, qabrda bo‘lsam ham sizni yangi oilangizdan rashk qilaman!..”
    Doktor Hasan Boshaning
    «Er-xotin ikkisiga aytiladigan nasihatlar» kitobidan
    Abdushukur MURODOV tarjimasi

    Manba: Azon.uz

    » » Ayol kechinmasi