12:42 / 08.12.2018
4 376

Behuda va foydasiz gaplarning zarari

Behuda va foydasiz gaplarning zarari
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir odam vafot etdi, boshqa bir odam Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga eshitarli qilib: “Jannat muborak bo‘lsin!” deb yubordi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Qayerdan bilasan? Balki u mo lo ya’ni – bekorchi gaplar gapirgandir yoki xasislik qilgandir?” (Termiziy).

“Mo lo ya’ni” so‘zini qisqacha qilib “dunyo va oxirat uchun kerak bo‘lmagan narsa” deb izohlash mumkin. Olimlar mo lo ya’niga ta’rif berishda ba’zi nozik jihatlarni bayon etganlar. Ibn Rajabning aytishicha, mo lo ya’ni amallarimiz va gap-so‘zimizda bo‘lishi mumkin. Inson mo lo ya’nidan harom, makruh, shubhali va ortiqcha muboh amallar va gap-so‘zlardan tiyilish orqali uzoqda bo‘ladi. Ortiqcha muboh – foydasi yo‘q narsa.

Ali Qori masalaga chuqurroq yondashadi. Uning fikricha, insonga amal, so‘z, nazar va fikr sifatida foydasi bo‘lmagan har qanday narsa mo lo ya’nidir. Bu nafaqat amal va gap-so‘zlarimiz, balki nazar solayotgan, fikr yuritayotgan, xayol surayotgan narsalarimizda ham zararli va foydasiz xatti-harakatlardan uzoqlashish deganidir. Shu nuqtai nazardan ortiqcha so‘z, amal va fikr mo lo ya’niga kiradi.

G‘azzoliy bu atamani boshqacharoq tushuntiradi: “Mo lo ya’ni – inson sukut qilganida o‘zi va moliga zarar yetkazmaydigan so‘zdir. Aytaylik, bir odam sayohati haqida so‘zlab berdi. Sayohati asnosida ko‘rgan tog‘ va daryolari, boshidan o‘tkazganlari, yoqtirgan taom va ichimliklari, kiyim-kechaklari, uchratgan odamlari va ularning ahvoli haqida gapirib bermasdan sukut qilganida na gunoh qilardi va na zarar ko‘rardi. Agar u kimsa gapida davom etsa, istar-istamas mubolag‘a, qo‘shimcha va xulosalar qilib, o‘zini maqtashi, ko‘rganlaridan g‘ururlanishi, havolanishi, u yoki buning g‘iybatini qilishi, Allohning yaratganlarinidan ba’zilarini yerga urib gapirib qo‘yishi mumkin. Holbuki, u mana shu vaqtda judayam qimmatli umrini bekor sarfladi. Zikr, tafakkur kabi foydali ishlar turganida bu behuda va hatto zararga to‘la so‘zbozlik bilan foydani zararga alishtirdi. Inson zoti tilidan ham hisob beradi”.

Islom dini insonni har bir amali, gapi va hatto fikru xayoliga ham yuqori darajada mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishga undaydi. Qalbi, tili, ko‘zi, umuman barcha a’zolari unga qarshi guvohlik beradigan qiyomat kuniga munosib tayyorgarlik ko‘rishni qat’iy tavsiya qiladi. Irodali bo‘lishga chaqiradi. Insonni iroda kuchi bilan amallari, gap-so‘zlari va fikrlarini nazorat qilishga undaydi. O‘zini to‘la nazorat qila olgan kishilardan iborat jamiyat bu dunyoda ham farovon va xotirjam yashaydi.
Shoakmal AKBARZODA tayyorladi.

Manba: Irfon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Behuda va foydasiz gaplarning zarari