20:04 / 13.12.2018
4 573

Maqsadga nima olib boradi?

Maqsadga nima olib boradi?
Zakovatda dong‘i ketgan rohib kamonbozlikda ham mamlakatda tengsiz edi. Bir kuni tongda u mahoratiga bepisandlik bilan qaraydigan shogirdi hamrohligida rohiblar uyi atrofini o‘rab olgan quyuq o‘rmonzorda kamondan o‘q uzish mashqlarini bajarar edi. Bunday mashg‘ulotlarga yuz marotabadan ziyod guvoh bo‘lgan izdoshi o‘zini rohibning mashqlariga befarqdek tutardi.

Ustoz eman daraxti ostida o‘sgan yovvoyi atirgul g‘unchasini uzib, daraxtning baland shoxiga ildi. So‘ng undan yuz qadam uzoqlashdi. Uning harakatlaridan taajjubga tushgan o‘quvchisi jarayonni diqqat bilan kuzata boshladi. Ustoz sadog‘idan o‘q olib, noyob yog‘ochdan tayyorlangan yoyiga ildi. Keyin o‘quvchisiga ro‘molcha uzatib, ko‘zini bog‘lashini so‘radi:

"Mardlik timsoli bo‘lgan qadim kamonbozlik bilan shug‘ullanganimni ko‘p ko‘rgansan, to‘g‘rimi?"

"Har kuni", dedi shogird. "Va, har kuni atirgul g‘unchasini 300 qadam uzoqlikdan turib urasiz", qo‘shimcha qildi u.

So‘ng ustoz qaddini rostladi, oyoqlarini qulay joylashtirib, o‘ng yelkasi bilan orqaroq tisarildi, kamonni tarang tortib, o‘qni nishonga to‘g‘riladi. Vaziyatdan karaxt bo‘lgan shogird vishillab uchgan o‘qning ovozidan sergak tortdi. O‘q gul tugul, emanga ham tegmaganini ko‘rgach, u miyig‘ida kuldi.

"Xo‘sh, o‘qni tekkiza oldimmi?", so‘radi ustoz ko‘zlarini to‘sib qo‘ygan ro‘molchani yechar ekan.

"Yo‘q! Taassufki, o‘q tamomila boshqa yoqqa qarab uchdi. Men inson idrokining qudrati bilan bog‘liq mo‘’jizaviy hodisaga guvoh bo‘lamanmi deb o‘ylab turgan edim. Afsus ...!"

"Hozirgina senga inson idrokiga daxldor muhim saboqni berdim", xotirjamlik bilan javob berdi rohib. "Ko‘zim ochiqligida g‘unchani 300 qadamdan ura olaman. Garchi, bugun unga 2 barobar yaqin tursam-da, nishonga ololmadim.

Unutma, maqsadingga unga ko‘zing yetsagina erishasan. Aks holda, unga qanchalar yaqinliging ahamiyatsiz. Bu dunyoda o‘zi ko‘ra olmagan nishonga o‘qni urish hech kimga nasib qilmagan".
Shuhrat SATTOROV tarjimasi va talqini

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Maqsadga nima olib boradi?