08:51 / 14.12.2018
3 449

Tartibsizlik va mukofot. O‘smirlar miyasi qanday ishlaydi?

Tartibsizlik va mukofot. O‘smirlar miyasi qanday ishlaydi?
Miyani o‘rganishning yangi texnologiyalari yaratilishi bilan kuni kecha ruhiyatning bizga jumboqli ko‘ringan hodisa va jarayonlarini tushunish boshlandi. Agressiya va ijtimoiy tarmoqlar, empatiya va agressiya biologiyasi, ahloq va altruizmning kelib chiqishi – bular mashhur neyrobiolog va primatolog Robert Sapolski qalamiga mansub “Yaxshilik va yomonlik biologiyasi: fan bizning harakatlarimizni qanday izohlaydi?” nomli yangi kitobning ayrim syujetlaridan biridir. Quyida o‘smirlar harakatlari asosida yotuvchi nevrologik va kimyoviy jarayonlar tavsiflangan ushbu kitobdan ba’zi parchalar keltiriladi.

Serra-Nevada tog‘ etaklarida mashhur Kaliforniya g‘orlari joylashgan. Bu 50 metrlik chuqurlikdagi jarlikka olib boruvchi 10 metrli o‘nqir-cho‘nqir yo‘llardan iborat yer osti tizimidir. Bu g‘orni o‘rganuvchilar 100 yillar avval ushbu ko‘z ilg‘amas tubsizlikka tushishga qiziqqan odamlarning suyaklarini topishgan. Ularning barchasi o‘smirlar suyaklaridir.

Tajribalarning ko‘rsatishicha, o‘smirlarda keskin qarorlar qabul qilishda orqa miya po‘stlog‘i faollashuvi kattalarga nisbatan kamroq bo‘ladi va shu sababli ular xavf darajasini yaxshi baholay olmaydi. Bu esa London universiteti kollejidan bo‘lgan Sara-Jeyn Blekmor ko‘rsatganidek, o‘ziga xos tus oladi. Dastlab ulardan biror-bir hodisaning ehtimoliy darajasiga baho berish so‘ralgan (masalan, lotereyada yutuq yutib olish yoki avtohalokatda halok bo‘lish). So‘ng voqea sodir bo‘lishi ehtimolining haqiqiy darajasini ma’lum qilishgan.

Taqqoslash natijalari ham ijobiy (agar yaxshi narsaning sodir bo‘lish ehtimoli kam, yomon narsaniki esa yuqori deb baholangan bo‘lsa), ham salbiy (agar yomon narsaning sodir bo‘lish ehtimoli kam, yaxshi narsaniki esa yuqori deb baholangan bo‘lsa) bo‘lishi mumkin edi. Keyin xuddi shu hodisalarning sodir bo‘lish ehtimolini qaytadan baholash so‘ralgan.

Kattalar olingan ma’lumotlarni tahlil qilgan holda, unga yangicha baho berishgan, o‘smirlar esa faqatgina olingan ma’lumotlarning faqat ijobiysini e’tiborga olishgan, xolos. Salbiysini esa hisobga olishmagan. (Tajribachi savoli: “Spirtli ichimlik ichib olib mashina haydaganda avtohalokatga uchrash ehtimoli qanchaga teng?” O‘smir javobi: “Milliarddan birga teng”. Tajribachi: “Aslida esa o‘rtacha 50 foizga teng”. O‘smir: “Nimalar deyapsiz, axir rulda men bo‘laman-ku?! Milliarddan birga teng”.) Bu qimor o‘yinlariga bo‘lgan ishtiyoq o‘smirlarda kattalarga nisbatan 2-4 marta ko‘p kuzatilishini isbotlovchi misollardan biridir.

Shunday qilib, o‘smirlar xavf-xatar ehtimoli borligiga ham qaramay, dadil ravishda tavakkal qilishadi. Lekin gap faqat o‘smirlar qaltis ishlarni bajarib ko‘rishni xohlashlarida emas. Buni kattalar ham xohlaydi, lekin ularda bosh miya po‘stlog‘i yaxshi shakllangani sababli buni yaxshiroq nazorat qilishadi. Biroq kuchli hissiyotlarga bo‘lgan ishtiyoq yosh ko‘rsatkichlari bo‘yicha baribir farq qiladi.

Yangiliklar izlashga chanqoqlik barcha o‘smirlar dunyosini qamrab oladi. Aynan shu davrda bizning musiqa va ovqatlarga bo‘lgan tanlovimiz, biror-bir moda tarafdori bo‘lishimiz shakllanadi va turli innovatsiyalarga bo‘lgan ochiqlik asta-sekin kamayadi. Bunday holat faqat odamlarga xos emas. Masalan, kemiruvchilarda ham o‘tish davrida hayvonlar yangi yegulik turini tatib ko‘rishga harakat qiladi.

O‘smirlik – bu xavf-xatarlar va yangiliklar izlash davri, deyish mumkin. Xo‘sh, bunga mukofotlashning dofamin tizimi qanchalar aloqador va u mazkur vaziyatda qanday ishlaydi?

Ikkinchi bobning ventral qoplamaga oid paragraflarini eslaylik. Shu sohadan yondosh yadroga mezolimbik dofamin yo‘li hamda old qatlamga mezokortikal dofamin yo‘li boshlanadi. O‘smirlik davrida ham mezolimbik, ham mezokortikal yo‘lda dofamin aksonlarining zichligi va samaradorligi tinimsiz o‘sib boradi (shunga qaramay, yangilik qidirish xohishi shu davr o‘rtasida kuchayadi, bu o‘smirlik davrining ikkinchi yarmida peshona sohasi regulyatsiyasi yo‘lga qo‘yilishini ko‘rsatadi).

O‘smir bolalar va kattalar ustida o‘tkazilgan bir tadqiqotda ular neyroskanerga ulab ko‘yilgan va biror-bir masalani yechish so‘ralgan. Agar yechim to‘g‘ri bo‘lsa, ularga turli pul mukofotlari berilgan. Tadqiqotda ma’lum bo‘lishicha, bolalar va o‘smirlardagi miyaning prefrontal po‘stlog‘i tartibsiz va tarqoq bo‘lgan. Biroq o‘smirlardagi yadroga yondosh qismning faollashuvi yaqqol bo‘lgan. Kattalarda kichik, o‘rtacha va katta mukofotlarga javoban dofamin miqdori ham shunga yarasha kichik, o‘rtacha va katta darajada bo‘lgan. O‘smirlarda-chi?

Agar mukofot o‘rtacha kattalikda bo‘lsa, o‘smirlarning bunga javoban holati bolalar va kattalar kabi bo‘lgan. Lekin kattaroq mukofot berilganida esa uning faollashuvi katta kishilarnikidan ham yuqori ekani kuzatilgan. Kichikroq mukofot berilganida esa kamaygan. Boshqacha qilib aytganda, o‘smirlar katta mukofotdan katta yoshlilarga qaraganda ko‘proq quvonadi, kutilganidan kichikroq sovg‘a olganlarida esa bu ularda nafratlanish hissini uyg‘otadi.
Robert Sapolski

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Tartibsizlik va mukofot. O‘smirlar miyasi qanday ishlaydi?