16:10 / 14.12.2018
6 268

Ayol tafti

Ayol tafti
— Onang qani? Yana qayerlargadir sang‘ib ketdimi? «Uyga boryapman, chuchvara qilaman», deb qo‘ng‘iroq qilgan edi-ku…

Mahmud eshikdan kira solib, ostonada qarshi olgan qiziga do‘q qildi. Lazokat dadasidan xuddi shunaqa muomalani kutayotgan bo‘lsa-da, baribir, achchig‘i chiqdi, shekilli, kipriklari pir-pir uchdi.

— Chuchvarani tugib ketdi, hozir o‘zim bir zumda pishirib kelaman. Haligi… bolalari gap talashib… Xullas, oxiri janjalga aylanib, hammasini mashinaga bosib olib ketishibdi. Direktori qo‘ng‘iroq qildi.

— Onang «Men bormasam bo‘lmaydi, osmon uzilib, yerga tushadi», deb chopqillab ketgandir. Direktor rahbar bo‘la turib, nega tarbiyachiga qo‘ng‘iroq qiladi? O‘zining so‘zi o‘tkirroq-ku?! — Mahmud javrashdan to‘xtamadi.

Lazokat dadasiga gapirish ortiqcha ekanini bilib, e’tirozlariga izoh berib o‘tirmadi.

Chunki nima desa ham dadasi gapiga gap topib berishini biladi. Lazokatning oyisi — mehribonlik uyining tarbiyachisi. Salima uchun o‘sha ko‘ngli kemtik bolalar ayolning jonu jahoni edi. Hatto dugonalari:

— Salimaxon, siz to‘kis oilada o‘sgan bo‘lsangiz. Muncha bu yetim bolalarni deb o‘zingizni o‘tga, cho‘qqa urasiz? — deb hayron qolishardi.

Salima dugonalarning bu savoliga javob bera olmaydi. Institutni tugatgach, kimlar bolalar bog‘chasi, kimlar maktablarning boshlang‘ich sinfiga ketayotganda u o‘zi xohlab mehribonlik uyini tanladi.

O‘qituvchilari: «Qizim, ilmiy ish qilsang, institutda qolsang bo‘ladi», deyishganda ham: «Rahmat, ustoz. Men ana shu ko‘zlari mungli bolalarning yonida bo‘laman», degandi Salima.

Mahmud unga uylanayotganida:

— Men ishimni o‘zgartirmayman, hayotim yengil kechmaydi, bir tarafimda doim o‘sha ko‘ngli yarim bolalarning dard-tashvishi bo‘ladi, — deganida qalbi shu qizga moyil bo‘lib turgani uchun ortiqcha e’tiroz bildirmagan edi. Ammo xotini o‘n besh yillik ro‘zg‘origa aylangach, ikki farzand ko‘rgach, yoshi o‘ta boshladimi yo yaqinda u chavandozlik bo‘yicha musobaqaga tayyorlagan bolalar ko‘nglidagidek natijaga erisha olmaganidanmi, Mahmud ancha jizzaki bo‘lib qoldi…

— Akamga ham ovqat suzaveraymi, kelib qoladimi?

Dadasining ko‘nglini olib, onasi bilan orasida paydo bo‘layotgan og‘ir toshni yumshatish uchun Lazokat salat tayyorlagan, pishiriq pishirib, dasturxonni chiroyli qilib bezatgan edi.

— Yo‘q, uning tegishini pishirmay tur, hali mashqlari bor, agar onang hadeganda yetimxonasiga «Bolalarimga til o‘rgatasan», deb sudrayvermaganida, akang musobaqada nimagadir erishar edi…

Mahmud qizining shuncha harakat qilib san’atkorona tuzagan dasturxoni boshida ham jahldan tushmadi. Lazokat dadasiga choy quyib uzatar ekan: «Xo‘p, akam-ku, yetimxonaga qatnab, yetarlicha mashq qilolmadi. Xo‘sh, boshqa shogirdlaringiz-chi, ular yetimxonaga bormagan bo‘lsayam, siz kutgan natijaga erisha olmadi-ku!» desa bo‘ladi. Bunday deyish xayoliga ham keldi. Lekin bu bilan dadasi jahldan tushmaydi. Shuning uchun indamay chuchvarani suzib keldi-da:

— Oling, dadajon, ko‘katlardan, qaymoqdan soling, — dedi.

* * *

Salima Mahmudni uyg‘otib yubormay deb, oyoq uchida yurib kirdi. Lekin ayolining sharpasini sezgan zahoti Mahmud boshini yostiqdan ko‘tardi.

— Ha, janob qozi, keldingizmi? Albatta, bir-birining og‘zi-burnini qonga belagan yetimchalar uchun melisalardan tiz cho‘kib, uzr so‘ragandirsiz? «Men kafil, boshqa bunday qilmaydi», deb yalingandirsiz? Balki, barmog‘ingizdagi nikoh uzugi, bo‘yningizda qolgan yagona zanjiringizni zargarga berib, pulini jarimaga to‘lagandirsiz?

Salima bo‘yin tomirlari bo‘rtib, narigi xonada bolalar yotibdi, demasdan bor ovozi bilan janjal chiqarayotgan erining oyoq tarafiga o‘tirib «uf» tortdi.

— Qo‘ying, dadasi, asabiylashmang. Hammasi joyiga tushdi, ertaga o‘tmaydigan bo‘ldi tashvishimiz. Bormasam, ish kattalashib ketardi. Bola-da, bular hali… Qoni qizigan davri. To‘g‘ri yo‘lga solmasangiz, adashib ketishadi. Hukumatning, bizning shuncha mehnatimiz suvga oqmasin, deyman-da!

Salima iloji boricha mayin ovozda gapirishga harakat qildi.

— O‘zining ota-onasi bolalariga achinmaganida, sen nega ularni deb jon koyitasan? O‘z bolalaringni o‘ylasang-chi! Zafarning yarim umri yetimchalaringga dars qildirish bilan o‘tadi. Axir o‘ziyam bu yil institutga kirishi kerak-ku. Bor-yo‘g‘i besh oy qoldi. Lazokatni-ku, qozon-tovoqdan bo‘shatmaysan. Mushtday qiz halitdan ro‘zg‘or boshida…

— Dadasi, o‘zining ota-onasi o‘ylamasa, biz ham ularni tashlab qo‘yishimiz kerakmi? Axir ularning gunohi nima? Siz oliy ma’lumotli murabbiy bo‘la turib, ko‘ngli yarim bolalarni yetimchadan olib, yetimchaga solsangiz, omi odamlar nima deyishadi?

Salimaning endi tili qichishdi. Ba’zan o‘ziyam haddidan oshayotganini bilardi. Chunki hozir mehribonlik uyida yashayotgan o‘g‘il-qizlarninggina emas, uchirma bo‘lib ketganlarning ham tashvishini qilaveradi. Mana, masalan, Aziza ismli qiz turmushga chiqadigan bo‘ldi.

— Yetti yoshidan qanotimda o‘sgan. Beg‘ubor qiz. Kelin qilib olsangiz, kam bo‘lmaysiz. Axir bu taqdirni uning o‘zi ataylab tanlamagan-ku. Kim ota-onali bo‘lgisi kelmaydi? Sepini mana biz qilib beramiz, — dedi.

Bo‘lg‘usi qaynonani ko‘ndirgach, Salima: «Eldan kam qilmaylik, dadasi, bizga Xudo beradi», deya yalinib-yolvorib eriga bir zotdor otini sottirdi. Mahmud past odam emas, lekin xotinining ishini pulni shamolga sovirish, deb baholaydi. Mehribonchilikning me’yori bo‘lishi kerak, deydi. Salimalarning uyi koshona bo‘lmasa-da, boshpanasiz qolgan sobiq mehribonlik uyining bolalariga qo‘nalg‘a bo‘la oladi. Eri bilan chiqisha olmagan qizlar, ishxonasida o‘rnasha olmagan yigitlar: «Ayajon, (hammasi Salimani «aya» deb chaqirishadi) sizdan boshqa kimim bor», — deb kelishaveradi.

Salima o‘zi yemasa ham, kosasini ularning oldiga qo‘yadi.

— Hammasi yaxshi bo‘ladi, bu kunlar o‘tib ketadi, — deya taskin beradi.

Ularni yetaklab, eshikma-eshik yuradi, kimlargadir yalinib-yolvoradi.

Ehtimol, hozir Mahmudni junbushga keltirayotgan faqat bugungi janjal-to‘polon deb xotinining yarim kechasi kelgani uchun emasdi… Ishdagi alamzadaligi ham qo‘shilgan. Xullas, shu kecha er-xotinning g‘idi-bidisi uzoq cho‘zildi.

— Bor, o‘sha yetimxonangga ko‘ch-ko‘roningni olib ko‘chib ket! Sening oxiri ko‘rinmaydigan tashvishlaring jonimga tegdi. Qizingniyam olib ket. O‘zi mendan beruxsat ismini Lazokat qo‘yganingning alami haliyam unutilmaydi. Nima emish, yetimxonadagi ustozining ismi emish! Ammo Zafarga tegma, uni o‘zim yo‘rig‘imga solaman, — dedi Mahmud.

Eridan koyish, urishish kutsa-da, «Ket!» degan keskin so‘zni kutmagan Salima gangib qoldi.

— Ketsak, ketaveramiz, — deya o‘rnidan turdi.

Mahmud bunday bo‘lishini qaydan bilibdi? Jahl ustida aytib yuborgan edi, xolos…

Keyin: «Ada, oyimlarni qaytarib olib kelaylik», — degan Zafarga ham «Qo‘yaver, oyingsiz ham kunimiz bip-binoyidek o‘tyapti», — dedi.

Lekin qilgan ishiga Xudoning qahri keldimi, Mahmud Salima ketgach, bir haftadan so‘ng to‘siqdan sakrayotgan ot ustidan sapchib ketib, yomon yiqildi. Falokat deb shuni aytishsa kerak-da, bo‘lmasa, har kuni ko‘rib yurgan maydoni, har kuni minib yurgan oti…

Do‘xtirlar: «Umurtqangiz shikastlangan, bu qismini gips qilib bo‘lmaydi. Qimirlamay yotasiz, xolos», deyishdi.

O‘g‘lining bir-ikki soatini ham mehribonlik uyidan qizg‘anar edi, endi Zafar doim yonida, usiz ishi bitmaydi. To‘g‘ri, jiyanlari, singil, kuyovlari xabar olib turishibdi. Lekin hammasi shoshiladi, hammasining o‘z hayoti bor. Mahmud og‘riq qoldiruvchi dorilarni ichib, karaxt bir ahvolda yotar ekan, Salima xayolidan ketmay qoldi.

… Mahmud Zafarga bir necha bor: «Onangsiz ham yashayveramiz», degani uchun o‘g‘liga endi. «Ularni qaytarib olib kel», deyishga uyalardi.

Shunday kunlarning birida Salima qizi bilan birga kirib keldi. Lazokat hech narsa bo‘lmagandek dadasi yotgan taxta karavotga tiz cho‘kib, Mahmudning yuzidan o‘pdi.

— Dadajon, yomon og‘riyapsizmi? Nima qilay? Qanaqa ovqat qilib beray? — deb parvona bo‘ldi.

Salima:

— Tuzukmisiz? Biz endi eshitibmiz. Zafar ham aytmabdi. Dorilaringiz bormi? Nimadir olib kelish kerak emasmi? — deya uy ishlariga unnab ketdi.

Lazokat onasining yoniga kirdi. Tuxum qovurilaverib, yog‘ bosgan qozonlar yaraqladi.

«Nafas olsam, havo yetmayotgandek tuyular, boshim og‘irlashardi. Xotinim uyni tozalab, derazalarni ochgach, qushday yengilman. Aslida, bu hayotda odam odamga kerak ekan», deya o‘ylagan Mahmudning qarog‘ida yosh halqalandi…
Qutlibeka RAHIMBOYeVA

Manba: Hordiq.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ayol tafti