16:43 / 17.12.2018
11 840

Semizlik – to‘qchilikmi yoki kasallik?

Semizlik – to‘qchilikmi yoki kasallik?
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2013 yilda semizlik bo‘yicha hisobot tayyorladi. Hisobot 2008-2010 yillarning ma’lumotlariga asoslangan bo‘lib 20 ta aholisining semizlikka chalinganlar soni eng ko‘p bo‘lgan davlat ro‘yxati keltirildi. Ular ichida Meksika aholisining 32,8% semizlikka chalinganligi bilan birinchi o‘rin, AQSh esa 31,8% bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. Ushbu ro‘yxatda Turkiya 29,3% bilan 9-o‘rinni, Rossiya 24,9% bilan 19-o‘rinni egallagan.
«The Lancet» jurnalida 2016 yili chop etilishicha 2025 yilga borib yer yuzidagi 20% aholi semizlikka chalinadi.

Semizlik nima o‘zi?

Semizlik bu – kasallik bo‘lib, yog‘ to‘qimasining teri osti yog‘ kletchatkasi, charvi, ko‘ks oralig‘i va tananing boshqa joylarida me’yordan ortiqcha yog‘ to‘planishi.
Amerika endokrinologlari uyushmasining 23 kongressida berilgan ta’rifiga ko‘ra bu – surunkali kasallik bo‘lib, yog‘ to‘qimasininig ortiqcha to‘planishi bilan kechadi (“adiposity-based chronic disease (ABCD)”.
Amerika metabolik va bariatrik xirurgiyalar uyushmasining 2015 yili bergan ta’rifiga ko‘ra semizlik – surunkali, doimiy rivojlanuvchan, ko‘p faktorli, neyropsixologik holat bo‘lib, bunda yog‘ning organizmda ko‘payishi, yog‘ to‘qimasi vazifasining buzilishi va yog‘ning yondosh a’zolarga biomexanik ta’sir etishi natijasida kishi sog‘lig‘iga metabolik va psixologik-ijtimoiy ta’sir etishi bilan kechadi (American Society for Metabolic & Bariatric Surgery Updates to the 2014-2015).
Semizlik qadim zamonlarda to‘qchilik, to‘la-to‘kis ta’minlanganlik va badavlatlilik belgisi bo‘lgan, hatto eramizdan oldingi asrlarda ham semiz kishilar hurmat va izzatda bo‘lganlar.

Semizlik qanday yuzaga keladi va kimlarni semiz deyish mumkin?

Semizlik iste’mol qilingan ovqatning energetik quvvati bilan organizmning sarf qilgan energiyasi o‘rtasidagi muvozanatning buzilishi, ya’ni kam energiya sarf qilib ko‘p qabul qilish natijasida ortiqcha energiya yog‘ shaklida tananing har xil qismlarida to‘planib qolishi natijasida yuzaga keladi.
Odam organizmi, evalyutsion tarzda ovqat yetarli bo‘lgan paytda uni zaxira sifatida to‘plash va ovqat yetarli bo‘lmaganda uni sarflashga moslashgan. Biroq uning haddan tashqari ko‘p to‘planishi va sarf etilmasligi kasallikga olib keladi.

Semizlikni keltirib chiqaruvchi faktorlar:
– kam harakatlanish;
– genetik faktorlar, ya’ni lipogenez (yog‘ hosil qiluvchi) fermentlar faolligining oshishi va lipoliz (yog‘larni parchalovchi) fermentlar faolligining pasayishi;
– endokrin kasalliklar (gipogonadizm, gipotireoz, insulinoma);
– noto‘g‘ri ovqatlanish yoki psixologik buzilishlari (ovqatlanishning psixogen buzilishi);
– stresslarga beriluvchanlik;
– gipotalamus funksiyasining buzilishi;
– psixotrop dori vositalarini istemol qilish;
– uyqusizlik;
– gormonal kontratseptivlarni qo‘llash;
– insulin va insulin sintezini kuchaytiruvchilar iste’mol qilish.
Ushbu sababalardan eng ko‘p uchraydigani kam harakatlanish, noto‘g‘ri ovqatlanish va genetik faktorlardir.

Qanday holatlar semizlik deb baholanadi va u qanday o‘lchanadi?

Bugungi kunda semizlikning bir necha darajasi mavjud va uni aniqlashning ham har xil usullari bor.
Asosan semizlikni aniqlashda “Tana vazni indeksi”dan foydalaniladi.
Bu kilogramlarda aniqlangan tana vaznini kishi bo‘yini metr kvadratiga bo‘linmasiga teng. Ya’ni, tana vazni indeksi = tana vazni (kg) / bo‘yi m2

Shunga asosan semizlik darajalari quyidagicha belgilanadi:
Tana vazni indeksi normada 18,5-24,9 kg. gacha bo‘ladi
– 25-29,9 kg – ortiqcha vazn deb aytiladi;
– 30-34,9 kg. – semizlik birinchi darajasi;
– 35-39,9 kg. – semizlik ikkinchi darajasi va
– Tana vazni indeksi 40 kg. va undan ortiq bo‘lsa semizlik uchunchi darajasi yoki morbid semizlik deb aytiladi.
– Tana vazni indeksi 18,5 kg.dan kam bo‘lsa vazn yetishmovchiligi hisoblanadi.

Odam tanasida ortiqcha yog‘ yig‘ilishi asosan 2 xil ko‘rinishda bo‘ladi. Erkaklarda asosan android turidagi yog‘ yig‘ilishi kuzatiladi, ya’ni yog‘ asosan qorin devori va qorin ichida (visseral semirish) va bu olma shaklidagi semirish deb ham aytiladi.
Ayollarda yog‘ asoan ginoid shaklida yig‘iladi, ya’ni yog‘ son va tos sohasida va bu nok shaklidagi semirish deyiladi.
Android Ginoid (Olma shaklida) (Nok shaklida)

Magnitli-rezonans tomografiyatanadagi yog‘ miqdorini aniqlashning eng aniq va qulay usuli hisoblanadi.
Odatda odam organizmidagi yog‘ miqdori, analizatorli oddiy tarozida bioimpidansometriya usuli orqali aniqlanadi.

Semizlikni aniqlashning usullari:
Tibbiyotda semizlikni aniqlashning yana bir usuli – bu kishi bel hajmining son sohasi hajmiga nisbati bilan aniqlanadi. Agar erkaklarda bu nisbat 0,8 dan ayollarda esa 0,95 dan oshsa bemorda markaziy (visseral) semizlik bor deb hisoblanadi.
Butujahon sog‘liqni saqlash tashkilotining klassifikatsiyasiga ko‘ra erkaklarda belining hajmi 94 santimetrdan, ayollarda esa 80 santimetrdan oshsa semizlik zaminida yo‘ldosh kasalliklar va semizlik asoratlari rivojlanish xavfi oshadi.
Semizlikda yog‘ to‘qimasi organizmning boshqa to‘qimalari vazifasini buzilishiga va buning zaminida ko‘plab kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Semizlik keltirib chiqaruvchi asoratlar:
Metabolik sindrom — bu organizmda metabolik, gormonal va klinik buzilishlar bo‘lib, yurak, qon-tomir kasalliklarini keltirib chiqishiga asosiy sabab hisoblanadi. Bu sindromning negizida insulinga sezuvchanlikning buzilishi yotadi.
Gastroezofageal reflyuks kasallik — bu meda-ichak tizimining keng tarqalgan kasalligi bo‘lib, qizilo‘ngachning pastki qismiga meda va o‘n ikki barmoqli ichak saqlanmasining tushishidir. Reflyuks asosan semiz, ko‘p ovqat istemol qilishni yoqtiradigan, ayniqsa kechasi ko‘p ovqatlanadigan, ko‘pincha spirtli ichimliklar, kofe istemol qiluvchi va chekuchi kishilarda kuzatiladi.
Qandli diabet 2 turi — insulinga rezistentlikning rivojlanishi (hujayralarning insulin ta’siriga berilmasligi) va oshqozon osti bezida insulin ishlab chiqarilishining buzilishdir.
Yurak ishemik kasalligi (YuIK) — yurak tomirlarining torayishi natijasida ularda qon aylanishining buzilishi.
Miokard infarkti — yurak mushaklari bir qismining o‘tkir qon yetishmovchiligi natijasida o‘lishi.
Insult — miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi, ulardagi arteril qon tomirlarining tiqilib qolishi, torayishi va bekilishi natijasida sodir bo‘ladi.
Gipertoniya kasalligi — qon-tomir tizimining keng tarqalgan kasalligi bo‘lib, arterial qon bosimining oshishi bilan kechadi.
Surunkali vena qon-tomirlarining yetishmovchiligi — vena qon tomirlarida qon aylanishining buzilishi natijasida maxallik kichik tomirlarda qon aylanishi va to‘qimalarning qon bilan ta’minlanishini buzilishiga olib keladi.
Xoletsistit — o‘t pufagining yallig‘lanishi;
O‘t-tosh kasalligi — o‘t pufagi yoki o‘t yo‘llarida tosh hosil bo‘lishi.
Artritlar — buautoimmun kasallik bo‘lib, bo‘g‘inlarning surunkali yalig‘lanishi, bo‘g‘in oldi to‘qimalar, a’zolar va organizmning boshqa tizimlarini zararlaydi, shuning uchun revmatoidli artrit tizimli kasalliklarga kiradi.
Deformatsiyalovchi osteoartroz — bo‘g‘inlarning surunkali yalig‘lanishsiz kasalligi.
Umurtqa pog‘onasi churralari – umurtqa pog‘onasini qoplovchi to‘qimaning yorilishi va qon quyilib churra hosil bo‘lishi bilan kechadi.
Tuxumdonlarning ko‘pkistali sindromi — endokrin kasallik, tuxumdonlar kattalashgan va ko‘plab kichik kistalar bo‘lib suyuqlik bilan to‘lgan.
Pankreatit — meda soti bezining yalig‘lanishi.
Jigarning yog‘li distrofiyasi – jigar hujayralarida yog‘ning yig‘ilishi;
Onkologik kasalliklar — xavfli o‘smalar, epiteliy hujayralarining tez va tartibsiz bo‘linishi natijasida o‘smalar hosil bo‘ladi.
Erektilfunksiyaning buzilishi — erkaklarda semizlik va testesteronning kamayishi natijasida ereksiya holatiga yetmaslik va uni tutib turolmasligi hamda androgenodefitsitning rivojlanishi kuzatiladi.
Butujaxon sog‘liqni saqlash tashkilotining statistik ma’lumotiga ko‘ra, yurak, qon-tomir kasalliklari yer yuzida o‘limning asosiy sababchisi bo‘lib, semizlik va vitseral yog‘ning yig‘ilishi uning rivojlanishiga olib keladi.

Ortiqcha vazn va semizlikni davolash usullari

Ortiqcha vazn va semizlikni davolashning asosiy usullari quyidagilardan iborat:
1. Diyetoterapiya – iste’mol qilinadigan ovqat tarkibining asosiy qismini kletchatka va vitaminlar (meva-sabzavotlar, yong‘oq, ko‘katlar va boshqalar) hosil qilishi va tez hazm bo‘ladigan uglevodlarni cheklash (qand, shirinliklar, pishiriqlar, non, makaron va oliy navli undan tayyorlangan mahsulotlar);
2. Jismoniy tarbiya – sport bilan shug‘ullanish, piyoda yurish, gimnastika mashqlarini bajarish, badantarbiya bilan shug‘ullanishdan iborat;
3. Dori-darmonlar bilan davolash – semizlikka qarshi dorilar istemol qilish.
4. Psixoterapiya usullari;
5. Yuqoridagi davolash usullari foyda bermagan taqdirda xirurgik davolash usullarini qo‘llash.
Semizlikda diyetoterapiya – ko‘p yillik kuzatuvlarning natijasiga ko‘ra diyeta orqali muqum natijaga erishilmagan. Amerikalik psixolog Treysi Manni va uning hamkasblari o‘z tekshirishlari natijasiga asosan diyeta semizlikka qarshi kurashishda foydasiz usul deb xulosa bergan. Biroq shuni ta’kidlash joizki semizlikka qarshi kurashishda iste’mol qilingan ovqatdan olinadigan energiya miqdori va jismoniy mehnatga sarf etiladigan energiya miqdori doimiy nazorat qilinmasdan yaxshi natijaga erishib bo‘lmaydi.
Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tana vaznini kamaytirishda sezilarli natijaga erishish uchun, organizm sarf qilgan energiya hajmidan 300-500 kkal. kam energiya quvvatiga ega bo‘lgan ovqat istemol qilishi kerak, deb tavsiya beradi.
Psixoterapiya – bu usul o‘z-o‘zini boshqarish hissini uyg‘otishga, ovqatga bo‘lgan munosabatni va u bilan bog‘liq odatlarni o‘zgartirishga, jismoniy harakatni doimiy oshirib borishga va ishonchli ijtimoiy quvvatlash hosil qilishga qaratilgan.

Semizlikni dori vositalari bilan davolash

Dori vositalari bilan davolash faqat vaqtincha tana vaznini kamaytirishga yordam beradi xolos, u doimiy, muqum vaznning kamayishini ta’minlamaydi. Agar, dori vositalari qabul qilgandan so‘ng bemor o‘z hayot tarzini o‘zgartirmasa, jismoniy harakatni ko‘paytirmasa va ovqatlanish bo‘yicha vrach tavsiyalarini to‘liq bajarmasa, tana vazni yana oshib boraveradi.
Dori vositalari bilan davolanishda har bir dori vositasi vrach tomonidan individul tanlanadi.
Fentermin (adipeks-P, fastin, ionamin — amfetamin gruppasi) — noradrenalin neyromediatori sifatida ta’sir qiladi, appetitni (ishtahani) pasaytiradi. Nevroz holati, bosh og‘rig‘i va uyqusizlik chaqirishi mumkin.
Orlistat (ksenikal) — meda osti bezi lipaza fermenti ingibitori. Taxminan 30 foizga yog‘larning so‘rilishini kamaytiradi, och qolish hisini kamaytirmaydi, biroq ich ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Metformin — uglevodlar metabolizmiga ta’sir qiladi, asosan qandli diabet bilan bog‘liq bo‘lgan semizlikda tavsiya etiladi
Sibutramin (meridia) — serotonin va noradrenalining ibitori. Gipotalamusda joylashgan to‘yinish va termogenez markazlariga ta’sir etadi, Ushbu dori vositasini boshqarib bo‘lmaydigan arterial gipertoniyada qo‘llash man etiladi.
Fluoksetin (prozak) — antidepressant, appetitni pasaytirish uchun ayrim shifokorlar tomonidan tavsiya etiladi, biroq muqum foydaliligi to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.
Lorkaserin (belvik) — 5-HT2C-retseptorlar agonisti, appetitni pasaytiradi.
Bupropion (velbutrin, ziban) — noradrenalinva dofaminning ingibitori, appetitni pasaytiradi.
Topiramat —epilepsiyaga qarshi dori vositasi, tana vaznini kamaytirish mexanizmi o‘rganilmagan.
Naltrekson — opioid retseptorlar antagonisti, appetitni pasaytiradi.
Liraglutid (viktoza, saksenda) – GPP-1 retseptorlari agonisti.
Semizlikka qarshi dori vositalarning ko‘pligiga qaramasdan ularning nojo‘ya ta’sirlari ko‘pligi sababli AQShning oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari sifatini nazorat qilish boshqarmasi tomonidan deyarli ularning barchasini qo‘llash taqiqlangan. Bugungi kunda ularning atigi 5 tasi (orlistat, lorkaserin, fentermin-topiramat, bupropion-naltrekson va liraglutid) tasdiqlangan.

Semizlikning xirurgik davolash usullari:

Ko‘p yillik tadqiqotlar asosida aniqlanishicha semizlikni davolashda eng yuqori, muqum va kam asoratli natijaga faqat xirurgik usulda davolash bilan erishish mumkin. Faqatgina xirurgik davo bu muammoni batamom hal etishi mumkin. Hozirgi kunda semizlikni davolashda butun dunyoda uch xil xirurgik usul eng ko‘p qo‘llaniladi. Ushbu uch operatsiya amaliyoti bariatrik xirurgiyaning ko‘p yillik evalyutsiyasi natijasida tana vaznini kamayishiga eng yuqori natija berishi va eng kam asoratlar berishiga ko‘ra saralangan.
Medani shuntlash (gastric bypass) eng uzoq tarixga ega va eng ishonchli hisoblanadi. Uni 20 asrning 60-yillarida qo‘llay boshlashgan. Bu operatsiya medani “katta va kichik” bir-biri bilan ulanmaydigan ikki qismga bo‘lishdan iborat. “Kichik meda”ga ingichka ichak ulanadi va ovqat qisqa yo‘l bilan yo‘g‘on ichakka tushadi. Ushbu operatsiya 2 xil ta’sirga ega: biri (restriktiv – meda hajmining kamayishi) meda hajmining 50 ml. gacha kamayishi va ikkinchisi esa ovqatning qisqa yo‘l orqali o‘tib (malabsorbtiv) kam so‘rilishi.
Medani bandajlash. Operatsiya meda bilan qizilo‘ngach orasiga silikondan halqa (bandaj) qo‘yishdan iborat. Bandaj ovqatni o‘tishiga qarshilik ko‘rsatadi va meda tubidagi retseptorlarni qo‘zg‘atib to‘yinish hisini uyg‘otadi. Barcha zamonaviy bandajlar boshqariluvchan, ya’ni bemor holatiga ko‘ra ovqat o‘tkazish halqasini kengaytirish yoki toraytirish mumkin. Zamonaviy boshqariluvchan bandaj turini amerikalik xirurg Lyubomir Kuzmak taklif etgan.
Yengli gastroplastika (Sleevegastrectomy). Operatsiya medaning bir qismina olib tashlash va uni ingichka trubkaga aylantirishdan iborat. Bunda medaning katta egriligi olib tashlanadi va kichik egriligi bo‘ylab ingichka trubka hosil bo‘ladi, ushbu trubkaning hajmi haqiqiy medaning hajmidan taxminan 10 barobar kichik va 150-200 ml.ni tashkil etdi. Bu operatsiyaning asosiy ta’sir mexanizmi restriktiv ta’sirdan iborat. Ovqat ingichka trubka orqali o‘tib tezda to‘yinish hissini uyg‘otadi va medaning katta egriligi, hamda tubida joylashgan grelin (och qolish gormoni) hosil qiluvchi retseptorlar yo‘qligi tufayli och qolish hissi so‘nadi. Yengli gastroplastika 2004 yildan boshlab mustaqil operatsiya sifatida qo‘llana boshlandi. Biroq, oxirgi ilmiy tadqiqotlarning ko‘rsatishicha bu operatsiyada ham tana vaznini doimiy me’yorda ushlab turib bo‘lmaydi. Vaqt o‘tishi bilan ingichka tubka kengayib oldingi meda hajmini egallashi mumkin.
Bugungi kunda ushbu uch operatsiya turidan tashqari ko‘plab operatsiyalar tavsiya etilgan bo‘lib ular kamdan-kam qo‘llaniladi. Hozirda barcha bariatrik operatsiyalar laparoskopik usulda (kesmasiz) optik tolali tizimlar orqali bajariladi.
Yana bir narsaga e’tibor qaratish lozim, plastik xirurgiyaga kiruvchi liposaksiya va abdominoplastika operatsiyalari semizlikka qarshi kurashish uchun emas balki mahalliy estetik kamchililarni bartaraf etish uchun ishlab chiqilgan. Liposaksiya va abdominoplastikada tana vazni bir oz kamaysada, ularning sog‘liqni tiklash uchun hech qanday foydasi yo‘q.
Ikkinchidan, bu operatsiyalarda teri osti yog‘ kletchatkasi olinadi, sog‘liq uchun zararli esa ichki a’zolardagi yog‘ (visseral yog‘) hisoblanadi. Ayrim tadqiqotlarda aniqlanishicha teri osti yog‘ qatlami olingandan so‘ng ichki a’zolardagi yog‘ (visseral yog‘) tez ko‘payadi. Shuning uchun semizlikka qarshi plastik (estetik) operatsiyalar esa, balki bariatrik operatsiyalar bajarilishi lozim.
Semizlikning operativ davolash usuli qat’iy ko‘rsatmaga ega, bu operatsiyalar shunchaki ortiqcha vazni borligi uchun emas, balki “tana vazni indeksi 40 dan yuqori bo‘lganda, biroq bemorda qandli diabet 2-turi, gipertoniya kasalligi, venalarning varikoz kengayishi, bo‘g‘inlaridagi muammolar bo‘lganda indeks 35 dan yuqori bo‘lsa operatsiya qilinishi mumkin. Butun jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga ko‘ra Osiyo xalqlari uchun metobolik sindrom belgilari bo‘lgan bemorlarda hatto tana vazni indeksi 27 dan yuqori bo‘lsa operatsiyaga ko‘rsatma beriladi.
Bugungi kunda Toshkent tibbiyot akademiyasi xirurgik kasalliklar kafedrasining klinik bazasi, 1-son shaxar klinik shifoxonasida ham semizlikka qarshi bariatrik operatsiyalar bajarilmoqda. 30 dan ortiq semizlikka chalingan bemorlarga operativ davolash usuli qo‘llanildi va ortiqcha vaznni kamaytirish, uni keltirib chiqargan asoratlarini bartaraf etish borasida yaxshi natijalarga erishilmoqda.
Oktyabr TEShAYeV,
Toshkent tibbiyot akademiyasi Xirurgik kasalliklar
kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Semizlik – to‘qchilikmi yoki kasallik?