18:36 / 21.12.2018
14 812

Eri chet elga ketgan ayollar sadoqat ma’budasimi yoki oddiy inson?..(+18)

Eri chet elga ketgan ayollar sadoqat ma’budasimi yoki oddiy inson?..(+18)
Mani yorim Moskovlarga ketdi, ketdi,
Yorim bilmaydi, deb xirom etdi, etdi,
G‘iybatlari qulog‘imga yetdi, yetdi,
Men, baribir, seni kutaman…

Yulduz Usmonovaning shu qo‘shig‘i yangrashi bilan ayollar to‘y bo‘ladimi yoki ziyofat, maza qilib o‘yinga tushishadi. Nega shunday, bilasizmi? Gap musiqasining o‘ynoqiligida, dersiz. Aslo unday emas!

Hamma gap qo‘shiqning so‘zlarida! Hozirda kim ko‘p — turmush o‘rtog‘ini Rossiya, Qozog‘iston, Koreyaga ishlashga jo‘natgan ayol ko‘p. Bunday ayollar uchun qo‘shiq so‘zlari xuddi o‘z yuragidan chiqayotgandek tuyuladi. Ya’ni rafiqalar ishonib erlarini xorijga jo‘natgan, ularning ba’zilari yetti qadam ko‘chaga chiqqach, xirom aylashni boshlagan, xotinlar qulog‘iga g‘iybatlar ham yetib kelgan… Endi nima qoldi — shu qadar bevafoligiga qaramay erni sadoqat saqlab kutish. Aslida, eng qiyini mana shu! Kuta olarmikin…

SEN BO‘LMASANG, BOShQASI…

Bir oila balog‘atga yetgan o‘g‘lini uylab, yaqin orada yana bir o‘g‘lining to‘yi zaruratidan chala bitgan uchastkaga yangi kelin-kuyovni ko‘chirib chiqarishadi. Yosh oila olti oygina o‘sha yerda hayot kechirgach, kuyov pul topish maqsadida Rossiyaga ishlagani ketadi. Kelin hovlida yolg‘iz qolmasligi uchun kuyovning o‘n beshga kirgan ukasini «poyloqchilik»ka chiqarishadi. Hali yosh kelinlikning nash’u namosini surishga ulgurmay qolgan kelin bo‘y yetgan qaynisini o‘ziga o‘rgatib oladi. Ular bir yilcha xuddi er-xotinlarday yashab yurishadi. Bu orada sir ochilib, bundan xabar topgan ota o‘zini qayga urishni bilmay, har tomonga zir yuguradi. Imomlardan bu qaltis ishning shar’iy tomonini so‘raydi, o‘g‘liga xat yozib, tez yetib kelishini buyuradi, kelinni qiyin-qistovga oladi. Lekin g‘isht qolipdan ko‘chgan, endi bu fojiaviy ishni ortiga qaytarishning imkoni qolmagan edi…

YoZISh KERAKMI Yo KO‘Z YuMISh?

Bu o‘ta jirkanch va dilga g‘ashlik soluvchi mavzu haqida yozishga anchagacha qo‘lim bormadi. Ammo tevarak-atrofda bunga o‘xshash voqealarning tobora ko‘payib borayotgani, jamiyatdagi ko‘zi ochiq kishilarning, ilm ahllarining bundan qattiq xavotirga tushayotganini ko‘rgach, endi bu haqda sukut saqlab turish ham katta xato bo‘lishini anglab yetdim.

Shifokorlar orasida bir gap bor: «Kasallikni davolash uchun dastlab o‘sha kasallik borligini tan olish kerak!» Oqilona fikr. Endi ortiq paypaslamay, gapning po‘stkallasini aytaman. Jamiyatimizda turmush o‘rtog‘i xorijga ishlashga chiqib ketgan paytda «yurib ketgan» ayollar ham uchrab turibdi. Ular orasida bir xotinboz buzuqiga yo‘q degani uchun tuhmatga qolganlari, ko‘chada qo‘shni yigit bilan so‘rashgani uchun «fohisha»ga chiqib ketgani va hatto o‘zi ko‘z suzib, to‘shakka tortsa ham haliyam el ko‘zida oppoq bo‘lib qolayotganlari bor. Demak, muammo borligini tan oldik. Endi ularga nisbatan qanday pozitsiyada turamiz? Qoralaymizmi? Shundog‘am dunyoning butun qora kuchlari ularning boshiga yog‘ilgan. Oqlaymizmi? Yo‘q, axloq mezonlariga to‘g‘ri kelmaydi. Unda nima qilamiz? Shunchaki tushunishga urinib ko‘ramiz. Muammoning ildizi qayerda ekanini qidiramiz va chora topamiz.

AYoLMI YoKI SADOQAT MA’BUDASI?!

Keling, bir on ayolni sadoqat ma’budasi sifatida emas, oddiy inson deb tasavvur qilib ko‘ramiz. U ham tirik jon, fiziologik mavjudot va har kuni mehr-e’tibor istaydi. Onda-sonda qilingan qo‘ng‘iroqlar va virtual yozishmalar uning chanqoqligini qondira olmaydi. Buning ustiga nafsi bor. U yuzaga chiqqanda esa faqat eng irodali ayollargina o‘z pokligini saqlay oladi. Irodasizlari nima qilsin? To‘g‘ri, har birimiz o‘zimizdan yaxshiroq bo‘lishga intilamiz. Ammo hayot o‘z nomi bilan hayot! Real hayot! Shu reallikda xayoldagi kabi yaxshiroq bo‘lib yashash uchun ikki hissa ko‘p kuch va iroda kerak. Buni esa hamma ham eplay olmaydi.

YoLG‘IZLIK DAVRIDA AYoLLARGA ChANG SOLADIGAN KASALLIKLAR

Olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, turmush o‘rtog‘ining ma’lum sabablarga ko‘ra yo‘qligi ayollarda quyidagi kasalliklarni keltirib chiqararkan:

Tushkunlik va stress — to‘laqonli oilada yashayotgan ayollarda baxt gormoni endorfinlar yetarli, ularning organizmda yetishmasligi esa depressiyaga olib keladi. Ruhshunoslar fikricha, yaqinlik bo‘lmagach, ayollar uning o‘rnini nima bilandir to‘ldirishga harakat qiladi. Uy yumushlari, ish hamda bolalar tarbiyasiga boshi bilan sho‘ng‘ish ham ruhan, ham jismonan charchashga olib keladi va bu esa o‘z navbatida tushkunlik hamda stressga sabab bo‘ladi.

Immunitetning tushib ketishi — to‘laqonli oilaviy hayot shamollash va grippning oldini olish uchun eng yaxshi vositadir. Ingliz fiziologlari turmush qurgan insonlarning immuniteti bo‘ydoqlarnikiga qaraganda 30 foizga kuchliroq bo‘lishini aniqladi. Bundan tashqari, tuzalish ham nisbatan tezroq kechadi.

Yurak-qon tomir xastaliklari — oilali ayollar qon bosimi ko‘tarilishi, qon tomirlarining kengayishi, infarkt hamda insultdan kamroq aziyat chekadi. Bundan tashqari, mehrsizlik emotsional va jismoniy holatning yomonlashuviga olib keladi hamda yurak kasalliklariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sabab bo‘ladi.

Uyqusizlik — bir kun tunda yaxshi uxlay olmasak, ertasi kuni qay ahvolga tushishimizni bir eslab ko‘ring. Afsuski, ersiz ayollarda bu holat tez-tez bo‘lib turarkan. Ya’ni organizm uchun odat bo‘lib qolgan ayrim holatlarning to‘satdan yo‘qolishi miyaga katta zarba bo‘ladi va u buning o‘rnini to‘ldira olmay, azoblanadi.

Ortiqcha vazn — turmush o‘rtog‘i xorijga ketgan ayollar shaxsiy hayotidagi bo‘shliqni to‘ldirish uchun ovqatga ruju qo‘yishadi. Inson organizmi shunday tuzilgan: yetishmayotgan endorfinlar o‘rnini yog‘ va uglevodlar bilan to‘ldiradi.

Teri holatining yomonlashuvi — yevropalik shifokorlarning xulosasiga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i ma’lum vaqt yonida bo‘lmagan ayollar organizmida gormonal muvozanat buziladi. Erkaklik gormonlarining oshib ketishi esa terini yog‘lilikka moyil qilib, keraksiz tuklar o‘sib ketadi.

Erta qarish — ayolning yoshi haqidagi eng birinchi ma’lumotni, albatta, uning yuz terisi beradi. Ajin tusha boshlasa, unga hech qanday krem yordam bera olmaydi. Ayni shu ajinlarni esa yolg‘izlik keltirib chiqarar ekan. Yolg‘iz ayollarda muhim element kollagen kam miqdorda ishlab chiqariladi. Amerikalik olimlarning ma’lumotiga ko‘ra, 30 yoshdan oshgan oilali ayollar yolg‘izlariga qaraganda 2-3 yil yoshroq ko‘rinarkan.

KIM AYBDOR?

Agar oila buzilsa, birinchi galda xotinni ayblashga ko‘nikib qolganmiz. Qaysidir birodarimizning ajrashganini eshitsak, «Xotini yomondir-da», deb qo‘yamiz. Kamdan-kam hollarda «O‘zi yomon-da» deymiz. Nahotki erkaklar farishta kabi beayb bo‘lsa? Kunda mast-alast yursa ham er yaxshi. Xotinini do‘pposlasa ham er yaxshi. Xotin yaxshi bo‘lsa kaltak yermidi! Xotini topib kelganini sovursa ham er «yaxshi». Yaxshi… yaxshi… yaxshi! Hatto oilasiga xiyonat qilib, zino ustida qo‘lga tushsa ham er yaxshi.

Afsuski, yuqoridagi kabi rasvoliklarda Alloh bergan rizqqa ko‘nmay, orzu-havas ilinjida yosh xotinini uzoq muddatga tashlab, pul ishlagani ketayotgan, o‘zi esa nafsini harom yo‘llar bilan qondirib yurgan nodon kimsalar ayblidir!

Agar buning oldini tezda olmasak, ertaga beparvoligimizning achchiq mevasidan totib qolishimiz mumkin. Oqibati esa ayanchli bo‘ladi: nasl-nasab ayniydi, ahil oilalar buziladi, begunoh bolalar yetim qoladi, gunohsiz juvonlar badnom bo‘ladi, axloq inqirozga yuz tutadi. Axloqsizlik va fahsh ishlarga mubtalo bo‘lgan jamiyatlarning alal-oqibat halokatga yuz tutgani tarixdan yaxshi ma’lum.

ER VA XOTIN BIR-BIRIGA LIBOSDIR

Jinsiyat mavzusida Baqara surasidagi bir oyati karima g‘oyat ibratlidir: «Ular (ayollaringiz) sizlar uchun bir libosdir, siz ham ular uchun bir libosdirsizlar».

Libos, ya’ni kiyim… Er va xotin bir-birini himoya qiluvchi libos. Bir-birini yomon yo‘llardan asraydigan to‘siq… Bu qisqa dunyo hayotida nomus imtihonini topshirishlari uchun har ikki taraf bir-biriga ne’matdir. Boshqalarning nomusiga ko‘z olaytirmaslik uchun katta bir bog‘lanish…

Vaqti kelganda ba’zi narsalar uchun jonni fido qilish mumkin. Ammo nomusni hech narsaga fido qilish mumkin emas. Chunki nomus jondan ham qimmatlidir. Suvning sofligi unga qiymat bergani kabi, insonning nomusi ham unga qadr keltiradi.

P/S: Qadimdan ayol kishi erning or-nomusi sanalgan. Muhtaram oila boshliqlari! Tirikchilik dardida xotiningizni tashlab, uzoq davlatga yo‘l olyapsizmi, nomusingiz bilan tavakkal qilayotganingizni unutmang. Ayolingizni yolg‘izlik atalmish muqarrar sinov qarshisida qoldirib ketar ekansiz, undan o‘tolmasligi mumkinligini ham nazardan qochirmang. Chunki barcha ayollar ham sadoqat ma’budasi emas!
Ozoda HALIMOVA

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Eri chet elga ketgan ayollar sadoqat ma’budasimi yoki oddiy inson?..(+18)