07:53 / 01.01.2019
4 384

Vaqti kelmagan ertani qo‘ying!

Vaqti kelmagan ertani qo‘ying!
"Allohning amri keldi. Bas, uning tezroq kelishini talab qilmay qo‘ya qoling". Hodisalardan oldinlab ketmang. Nima, homilasi hali yetilmagan bolani tug‘dirib yoki pishmagan mevani uzib olasizmi? Axir ertaga degani yo‘q narsa, uning haqiqati yo‘q. Borligi yo‘q, ta’mi ham, rangi ham yo‘q. Shunday ekan, nima uchun hali kelmagan kunning hali yo‘q musibatlarini o‘ylab ezilamiz, xavfsiraymiz va hali yuz bermagan hodisalarga ahamiyat beramiz? U hali yuz beradimi, yo‘qmi, bilmaymizku? Yuz bersa ham, balki xursandchilik va shodlik bo‘lar?!

Muhimi, u hali g‘ayb olamidadir. Hali-beri yerda sodir bo‘lmagan.
Demak, kelmasidan oldin ko‘prik qurib, undan o‘tishning hojati yo‘q.

Imkoni ham yo‘q. Kim biladi, balki ko‘prikka yetib kelmay to‘xtab qolarmiz. Yoki yetib bormasimizdan oldin ko‘prik qulab tushar, ehtimol ko‘prikka yetib ham borarmiz, sog‘-omon o‘tib ham olarmiz.

Kelajak haqida fikr yuritish uchun zehnga keng imkoniyatlar berib, g‘aybga taalluqli kitoblarni varaqlash, keyin sodir bo‘lishi ehtimoli bor narsalarga bezovtalanish shar’an oqlanmaydi ham. Chunki bular oddiy orzu-havaslar bo‘lib, aql uni ayblaydi. Bu narsa soya bilan olishuv kabidir. Ko‘pincha kelajakda ochlik-yalang‘ochlik, bemorlik, kambag‘allik va musibatlar sodir bo‘ladi deb qo‘rqitildi. Bunaqa ishlar shayton maktabining o‘quv dasturlaridir. "Shayton sizlarni (xayr-ehson qilishda) kambag‘al bo‘lib qolishdan qo‘rqitadi va faxsh ishlarga undaydi. Alloh esa sizlarga O‘zidan mag‘firat va fazl boylik va’da qiladi. Alloh karami keng va bilimdon zotdir".

Ko‘p yig‘loqilar ertaga och qolishi, bir yildan keyin kasalga chalinishi yoki dunyo yuz yildan so‘ng tamom bo‘lib qolishi... kabilardan qo‘rqadi. Umri boshqaning iznida bo‘lgan odam yo‘qlikdan garov olishi aslo mumkin emas. Qachon o‘lishini bilmaydigan kimsa haqiqati yo‘q, hali kelmagan narsa ila mashg‘ul bo‘lishi ham joiz emas. To yetib kelgunicha ertani tark eting. Xabarlari haqida so‘rab o‘tirmang, bostirib keluvchi mashaqqatlarini o‘ylamang. Chunki siz buguningiz bilan bandsiz.

Ajablanish kerak bo‘lsa, g‘amni qarzga olib naqdga aylantirgan, so‘ng hali quyoshi chiqmagan, nuri ko‘rinmagan kunda uni nasiyaga to‘laydigan kishilardan ajablaning. Behuda o‘ylanaverishdan o‘zingizni tiying.
"O‘kinma" kitobidan

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Vaqti kelmagan ertani qo‘ying!