Kundoshimning yori, yorimning zori...

  • 08 yanvar 2019, 19:15
  • 3 043
  • Hayot tarzi
  • Kundoshimning yori, yorimning zori...
    Ular chiroqlari o‘chirilgan, zulmatdan-da dahshatliroq, qo‘rqinchliroq, sovuqroq xonada ikki kishilik yumshoq divan chetida o‘tirgancha sukut saqlashardi. Har biri o‘z xayollari bilan band. Hech kim birinchi bo‘lib gap boshlashga shoshilmasdi…

    Saltanat yonida qunishibgina o‘tirgan eri Shavkatning ichga botgan yuzlarini o‘zgacha mehr bilan silardi. Shu asnoda muhabbat dengizining hukmroni bo‘lmish umidvor nigohlari yona-yona Shavkatga qadalgandi.

    «Mayli, indamasa ham roziman, — derdi xayolan Saltanat. — Yonimda o‘tiribdilar-ku begim! Mana, hasmi halolimning yuzlarini silash baxtidan ham mosuvo emasman. Sho‘rligim, bu shafqatsiz, zolim hayotning og‘ir yuklarini orqalayverib ozib ketdilar. Hatto, yuzlarigacha ichga botdi. Ko‘zlari kirtaydi. U maraz Halima yoqasi toza ko‘ylak ham kiydirib qo‘ymabdi. Shuyam xotinmi? Shunday Shavkatim, arslonimni ham kir ko‘ylakda ko‘chaga chiqaradimi? Eh, kundosh, kundosh! Ishqilib senga xudoyimning o‘zi insof bersin! Agar kelasi safar ham Shavkatimni shu ahvolda ko‘rsam, bilib qo‘y, ikki qo‘lim yoqangda bo‘ladi…»

    — Nega jimsiz, begim? — nihoyat ortiq sukut saqlashga bardoshi yetmay, Saltanat Shavkatning ikki yelkasidan tutdi. — Qanday tashvishki, sizni shunchalar indamasga aylantirdi, begim? Arslonim! Kundoshim dilingizni siyoh qilyaptimi yo? Ayting, kundosh ekan-u, vallomati ko‘nglingizni og‘ritsayam ayab o‘tirmayman!.

    — Jinnimisan? — Shavkat ijirg‘anibroq Saltanatning qo‘lini yuzidan olib nari surdi-da, aftini bujmaytirdi. — Hech kim meni ranjitgani yo‘q. Halima juda mehribon, didli ayol.

    — Nega unda yoqasi kir ko‘ylakda uydan chiqardi? — so‘radi Saltanat qovoq uyib. — Didli xotin shunaqa bo‘ladimi? Erining ustidagi kiyimlarga qaramaydimi? Yeching, hozir o‘zim yuvib quritib, dazmollab beraman.

    — Esing joyidami? — uni jerkib berdi Shavkat. — Menga yana ortiqcha tashvish tug‘dirmoqchimisan? Hozir borib almashtirvolaman ko‘ylagimni. Ishing bo‘lmasin!..

    — Bo‘pti, begim, — Saltanat qaytadan Shavkatning yuzlarini silash uchun qo‘l cho‘zdi-yu, ammo ikkilanib, istamaygina qo‘lini tortib oldi…

    Oradan yarim soatcha vaqt o‘tgach, Shavkat asta o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
    Saltanatning ikki ko‘zi javdirardi.

    Shavkatning yana biroz o‘tirishini juda-juda xohlardi-yu, istagini tiliga ko‘chirishdan arang tiyilib turardi.
    Mahramini ranjitib qo‘yishdan cho‘chirdi.

    U ranjisa, yuragi g‘ash tortib, yuzlari tundlashini o‘ylagani sayin ich-etini yerdi.
    — Qizim Shalola bog‘chadan kelsa, o‘pib qo‘yarsan, — dedi Shavkat bosh qashib. — Men… Ketdim endi…

    — Bo‘pti, — dedi Saltanat yig‘lagudek bo‘lib. — Albatta o‘pib qo‘yaman. Dadang seni so‘radi deb aytaman. O‘zingizni ehtiyot qiling! Vaqtida nonushta qiling har kuni. Bilasiz-ku, nonushta qilmasangiz, boshingiz og‘rib qoladi. Sizning boshingiz og‘risa, men chidolmay ketaman.

    — Bo‘pti, hadeb g‘alchalik qilaverma, — do‘qlagan ohangda so‘z qotib eshik tomon yo‘naldi Shavkat. — Yaxshi o‘tiringlar!
    — Yaxshi boring, begim! Iloyim sizni xudoning o‘zi asrasin!..
    * * *
    Shavkat ketdi. Ammo Saltanatning yuragini uzib olib ketgandek bo‘ldi. Ayol entika-entika, o‘pkasi to‘la-to‘la, ko‘zlaridan achchiq yoshlar oqa-oqa ancha paytgacha yo‘l chetida eri ketgan tarafga javdirab boqqancha qarab qoldi. Shunchaki qarab qolmadi. Bo‘g‘ziga tiqilgancha turib qolgan faryod vujud-vujudiga singib, Saltanatni titrashga, chayqalishga, telbalarcha so‘zlanishga undayverdi.

    — Yo‘q, men bunday qilmasligim kerak, — deya nihoyat o‘zini sal qo‘lga olgan bo‘lib o‘ziga o‘zi so‘z qotdi Saltanat. — Shavkat akamning chehrasi ochiq. Ko‘zlarida hayotdan minnatdorlik alomatlarini ko‘rdim. Mana shu ko‘zlarim bilan o‘zim ko‘rdim. Xursand bo‘lishim kerak-ku! Xo‘sh, o‘sha xotinga uylanib olgan bo‘lsa nima qipti? Erkak kishi- it kishi deb bekorga aytishmagan. Lekin Shavkat akamni hech qachon it kishi demayman. U shunchaki… Hayotda adashdi xolos. Ertami-kechmi, baribir bir kun xatosini anglab yetadi va mening bag‘rimga qaytadi. Hoy, shayton, meni yo‘ldan uraman deb o‘ylama. Sendaqalarni Shavkat akamning bosib ketgan izlarigayam olmayman. He basharang qursin shayton bo‘lmay! Iloyim traktorlarning tagida qolgin!..

    Shu payt uzoqdan o‘ziga tanish ayol yurib kelayotganini ko‘rdi-yu, Saltanat shosha-pisha ko‘z yoshlarini yengiga artib, ma’yus jilmaydi.
    «Vay, singlim Sabina-ku, — o‘yladi jonlanib. — Xayriyat-ey! Kelarkan-ku!.. O‘rgilib ketay o‘zimning sariqsoch singlimdan!..»

    Oradan hech qancha o‘tmay, singlisi unga yaqinlashib keldi-da, Saltanatni mahkam bag‘riga bosdi.
    — O‘zimning «lox» opamdan aylanay, — dedi Sabina kinoya aralash. — Tag‘in anavi «shestyorka» erchangiz kep ketganga o‘xshaydi-a? Shunga ko‘chaga chiqvolib telbaday turibsizmi? Nega indamaysiz, opa?

    — Hadeb o‘zingning o‘rischa gaplaringni gapiraverma-da, — dedi singlisining ikki yuziga kaftlarini bosib Saltanat. — Bilasan-ku, men unaqa gaplarni tushunmayman! Yur, uyga kiraylik! O‘zim ham zerikib o‘tirgandim. Yaxshi bo‘ldi kelganing!..
    * * *
    Ichkariga kirishgach, Sabina opasining kirtaygan ko‘zlariga, yig‘layverib shishgan qovoqlariga achinish aralash tikilib turdi-da, yana o‘zi birinchi bo‘lib so‘z boshladi.

    — Opa, qachongacha o‘sha hezalakni kutib yashaysiz? — dedi kuyinchaklik bilan. — Ustingizga xotin olvoldi. «Naglo» oldingizga poxol sop ketdi. Baribir o‘shani deyaverasizmi? Sizda g‘urur bormi o‘zi? Xafa bo‘lmang-u, sizning o‘rningizda bo‘lsam, Shavkatni allaqachon sudga berib adabini berdirtirardim. Qarang, qizi Shalolaniyam tashlab ketdi. Bir tiyin bermayotganini ko‘rmasam ham bilaman. Faqat tonmang!

    — Bu nima deganing? — Saltanat singlisining qo‘llarini yuzlaridan olib tashladi-da, nari surildi. — Pochchang-a, pochchang!

    — Pochchamas u, qaro yer! — deya qo‘l siltadi Sabina. — Nega tushunmaysiz. Qaysi dunyoda tug‘ilgansiz o‘zi, opa? Nahotki, ko‘rmayapsiz? Nahotki, qalbingiz azoblanmayotgan bo‘lsa? Ko‘zingizni kattaroq oching munday, opa!..

    Bu gaplardan so‘ng Saltanat daf’atan o‘rnidan turib ketdi. Birpas gezargancha Sabinaga tikilib turdi-da, nariga tashlangan sumkachani qo‘liga olib singlisiga tutqazdi.

    — Jon singlim, ketaqol endi, — dedi boshini sarak-sarak qilib. — Agar meni yaxshi ko‘rsang, ketaqol! Uyingdagilar, ering qidirib qolishadi. Mo‘ydinjonni bunaqa kutdirma! Xafa bo‘ladi-ya! Qaynonang qarib qolgan. Turtinib-surtinib o‘zi ovqat pishiradimi sen bo‘lmasang? Yo‘q, ketmasang bo‘lmaydi. Meni… Meni qo‘yaver!.. Men-chi, yaxshiman! Ana, boyagina Shavkat akam kep ketdi. Shalolamni so‘radi. Mendan hol so‘radi. Yonimda yarim soatdanam ko‘proq o‘tirdi. Gaplashib o‘tirdik… Sen… Pochchangni haqorat qilmagin, singiljon! U seni juda yaxshi ko‘radi. Nuqul Sabinaxon yaxshimi deb so‘ragani so‘ragan.

    — Yaxshi ko‘rmay har balo bo‘lsin o‘sha buzuqi, — deya asta o‘rnidan turdi Sabina. — Sizga achinaman xolos. Shuning uchun gapirib tashladim-da, opa! Mendan ranjimang! Jigaringizman, axir! Jiyanim Shalolaga achinaman!

    — Xavotirlanma, — dedi Saltanat uning ikki yelkasiga qo‘llarini qo‘yib. — Biz juda yaxshimiz. Biror kun qoladigan bo‘lib kelsang, rosa gaplashib o‘tiramiz!

    — Mayli, yaxshi qoling! — deya ketishga chog‘landi Sabina. — O‘zingizni ehtiyot qiling!.. Eh, o‘zimning «lox» opam-ey! Do‘st-dushmanning farqiga bormaydigan opam-ey!..

    Sabina so‘zlana-so‘zlana tashqariga chiqib ketdi. Saltanat esa joyidan jilmadi.
    Tizzalarigacha dag‘-dag‘ titrab ko‘zlari qaytadan jiqqa yoshga to‘lgancha xona devoriga suyanib qoldi.

    U yig‘lardi. O‘kirib-o‘kirib faryod chekishni xohlardi. Ammo to‘satdan Shavkat kelib qolsa, sannab yig‘layotganini eshitib qolishidan, ranjishidan, ko‘ngli ozor chekishidan qo‘rqardi.
    * * *
    Oradan uch kun o‘tdi. Dam olish kuni bo‘lgani bois Shalola qizi bog‘chaga bormagandi.

    Saltanat qizalog‘ini cho‘miltirib, sochlarini havas bilan turmakladi. Xuddi sezgan kabi o‘zi olib bergan xarir ko‘ylagini kiydirdi. Shundan keyin nari borsa bir soatcha vaqt o‘tdi-da!

    Kutilmaganda tashqari eshik taqillay boshladi. Saltanat yuragi hovliqqancha yo‘lakka chopqilladi va eshikni ochdi.
    Ochdi-yu, ko‘ngli yorishib ketgandek bo‘ldi.

    Ro‘parasida Shavkat kulimsirab turganiga ko‘zi tushdi-yu, o‘zining ham yuz-ko‘zlariga tabassum yugurgiladi.
    Lekin Shavkat yolg‘iz emasdi.
    Uylanib olgan ayoli bilan birga kelgandi.

    Saltanat lab buribgina turgan bu ayolga ko‘zi tushgani hamono o‘zi sezmagan holda chehrasi tundalshdi. Biroq bu holat uzoqqa cho‘zilmadi. Majburan bo‘lsa-da, Shavkatga qarab jilmaydi.
    — Tanish, Saltanat, — dedi Shavkat orqaroqda turgan ayolga ishora qilib. — Bu Halima. Halima, bu Saltanat!

    Ikki ayol bir-biri bilan yovqarash orqali so‘zsiz salom-alik qilgan bo‘ldi. Garchi Halima hamon lab burishdan tiyila olmayotgan bo‘lsa-da, Saltanat e’tibor bermaslikka intilardi. Ayolning o‘ziga qur-qur masxaraomuz nazar tashlab qo‘yayotganini ham ko‘rgandi. Ko‘r emas-ku!..

    Biroq ko‘rmaslikka olardi xolos. Shavkat akasining xijolatda qolishiga, mulzam tortishiga sira yo‘l qo‘ya olmasdi. Shu sababli ham o‘zini bosardi. Yasama jilmayishlardan tiyilmasdi.

    Shu ahvolda bir zumda stol ustiga topgan-tutganini keltirib qo‘yib, Shavkat yoqtirgan achchiq ko‘k choyni ham damlab keldi.
    — Saltanat, senga bir iltimosim bor, — dedi Shavkat Halima tarafga o‘g‘rincha qarab olib. — Agar… Yo‘q demasang…

    — Vay, bu nima deganingiz, dadasi? — Saltanat birdan ma’yuslanib, goh Shavkat, goh Halimaga javdirab boqdi. — Iltimos qilmang! Buyuring! Axir…

    Uyog‘ini ayta olmadi. Aslida «xotiningizman-ku» demoqchi edi. Xudo ko‘rsatmasin, shu so‘zni tiliga ko‘chirsa, Halima keyinchalik ta’na qiladigandek, Shavkat akasi mulzam tortadigandek, ikki o‘t orasida kuyadigandek tuyulib, tilini tishladi…

    Buning o‘rniga nimadir esiga tushgan kabi darrov gapni boshqa yoqqa burdi.
    — Vay, Shalolangiz haliyam chiqmaganini qarang! Hozir opchiqay! Judayam uyatchan-da qizingiz!..

    Saltanat yugurgancha zalga o‘tib bir zumda Shalolani yetaklagancha Shavkatning yoniga olib chiqdi.
    — O‘, asal qizim katta bo‘p qopti-ku! — deya Shalolani ko‘tarib olishga tutindi Shavkat. Ammo qizaloq darhol o‘zini orqaga oldi. Qora ko‘zlaridan bir nechta tomchi yosh dumalab yuzlariga tushdi.

    — Shalola, dadang-ku bu odam! — deya tanbeh bergan bo‘ldi Saltanat. — Nega yotsiraysan? Ko‘rish dadang bilan!..
    — Yo‘q, — deya yanada orqaroqqa tisarilib oldi Shalola. — Bu odam mening dadammas! Mening dadammas! U hov anavi… Hov anavi xotinning dadasi!..

    Shunday deb qizaloq qaysarlarcha zalga kirib ketdi va eshikni ichkaridan tambalab oldi.
    Bu holat Saltanatni ado qilayozgandi. Ayniqsa, Shavkatning tusi o‘zgarganini ko‘rgach, sarosimalanib qoldi.

    — X-xafa bo‘lmang, dadasi, — deya Shavkatning atrofida girdikapalak bo‘lib aylana boshladi Saltanat. — Bilib-bilmay gapiraveradi-da! Bola-da hali!..
    — Mayli, xijolat chekma, — dedi Shavkat asta Halimaning yonidagi kursiga cho‘kib. — Sendan bir iltimosimiz bor. Maylimi?

    — Vay, iltimos deganingiz nimasi? Buyuring dedim-ku!
    — Biz… Bugun senikida… Qolsak devdim… Shunga… Nima deysan?..

    Ayol-ku! Saltanatning bu gapdan keyingi ahvolini tushunsa bo‘lardi. Ichida qaysidir tomirchasi uzilib ketgandek, dili og‘rigandi. Faqat… Yana o‘sha yovqur va qaysar muhabbati tinchlanishga, chidashga, majburan bo‘lsa-da, jilmayishga undayverdi. Mabodo qovog‘i uyilsa, Shavkat akasi ranjishidan, ko‘ngli xira tortishidan cho‘chidi.

    — M-mayli, o‘z uyingiz-ku, — deya oldi zo‘rg‘a. — Shalolayam xursand bo‘ladi qolsangizlar. Ana, zalga joy to‘shab beraman! Osh damlayman!
    Bu gaplarni aytmasa, Shavkatdan shunday taklifni eshitmasa bo‘larkan.

    Qalbi battar azobda qoldi. Rashkmi, alammi, ishqilib nimadir ko‘ksini xuddi yovvoyi mushukdek tirmalab azob bera boshladi. Ko‘ksining tub-tubidan otilib chiqayotgan alamni bazo‘r jilovlay oldi. Mana-mana hozir faryod cheka boshlaydigandek, bilinar-bilinmas titrab-qaqshab asta oshxonaga o‘tib ketdi. Halima esa bu holatiga masxarali boqar, hadeganda Shavkatni turtar, kulib yuborishdan arang o‘zini tiyib turardi.
    * * *
    Ertasi kuni tushga yaqin Shavkat negadir ko‘ngli g‘ash torta boshlaganini his etdi. Ko‘z o‘ngida Saltanatning ma’yuslangancha kuzatib qolgani gavdalanib, asabiy lab tishladi. Qilib qo‘ygan ishidan nadomatlar chekib, o‘zini qo‘yarga joy topa olmay qoldi. Endi-endi bu ishi gunohi azim ekani, bir begunoh ayolning ko‘nglini og‘ritganidan, shafqatsizlikka erk berib qo‘yganidan kuydi…

    Bora-bora bu kuyiklar Shavkatni oyoqqa turg‘azdi. Halimaga aytib ham o‘tirmay, kiyindi-yu, mashinasiga o‘tirib gazni bosdi…
    O‘z uyi, Saltanat va qizi Shalolani tashlab ketgan kulbasi Halimanikidan nari borsa o‘n besh daqiqalik yo‘l.

    Ko‘z ochib yumguncha uyiga yetib keldi.
    Ko‘p qavatli uy atrofida sukunat hukmron edi.

    Yuragi battar g‘ashlanib ichkariga o‘zini urdi.
    Kvartira eshigi negadir ochiq ekan.

    Hovliqqancha zalga o‘tdi.
    Hech kim yo‘q. Jimjitlik.
    Jonholatda yotoqqa o‘tdi.

    Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, Saltanat karavotda chalqancha yotar, og‘iz burni, yostiq, choyshablargacha qonga botgandi.
    — Saltanat, ko‘zingni och, — deya uni turtkilab uyg‘ota boshladi Shavkat. — Saltan, ko‘zingni ochsang-chi! Odam ham shunchalik qattiq uxlaydimi? Uyg‘ona qolsang-chi!.. Senga nima bo‘ldi?..

    Shavkat Saltanatni ko‘tarib o‘tqazishga tutindi.
    Afsuski, uning boshi pastga osilib tushdi.

    Shundagina Saltanat olamdan o‘tganini idrok etdi. Hovliqqan ko‘yi Saltanatni qaytadan karavotga yotqizib, atrofga alangladi.
    Naridagi xontaxta ustida oppoq qog‘oz yotardi. Shosha-pisha qog‘ozni qo‘liga oldi.

    Qog‘ozga shunday so‘zlar bitilgandi:
    «Shavkat aka, meni kechiring! O‘zboshimchalik qip qo‘ydim. Sizning ikki o‘t orasida azoblanishlaringizga bardosh qila olmadim. Ishoning, yuzlaringiz ma’yus tortsa, ko‘zlaringizda dard ko‘rsam, ko‘tara olmayman. Bu yukni ortmoqlab yura olmayman. Sizni maza qilib, yayrab-yashnab yashashingizni xohlayman! Iltimos, meni qarg‘amang! Shalolani ham tashlab qo‘ymang! Hech qachon siqilmang. Dard chekmang! Ma’yuslanmang. Vijdon azobida qiynalmang! Shunda men tinch bo‘laman! Sizni u dunyo-yu bu dunyo sevib qoluvchi Saltanatingiz!..»

    Shavkat bu jumlalarni o‘qib bo‘lgach, birpas titrab Saltanatning jasadiga javdirab turdi.

    Keyin…
    Bor ovozda qichqirib yubordi:
    — Nima qip qo‘ydim, Saltanat? Nima qip qo‘ydi-i-im???
    Olimjon HAYIT

    Manba: Hordiq.uz

    » » Kundoshimning yori, yorimning zori...