13:43 / 10.01.2019
8 692

Oʻzbekistonlik Guli Murodovaning 77 yoshli angliyalik lord bilan sevgi tarixi...

Oʻzbekistonlik Guli Murodovaning 77 yoshli angliyalik lord bilan sevgi tarixi...
Oʻzbekistonlik 32 yoshli Guli Murodova multimillioner va lord, Konservativ musulmon forumi asoschisi, baron va Buyuk Britaniya Lordlar palatasining umrbod aʼzosi boʻlgan Muhammad Iltafga turmushga chiqqani haqida xabar berilgan edi.

Ushbu xabar chop etilganidan soʻng ijtimoiy tarmoqlarda oʻzbekistonlik Guli Murodova haqida qoʻpol va haqoratomuz izohlar yozib qoldirila boshladi. Asossiz gap-soʻzlarga nuqta qoʻyish maqsadida Guli Shayx (Murodova) tahririyatga murojaat qildi va “Daryo” muxbiri Sevara Nishonova bilan suhbat davomida shaxsiy hayoti haqidagi maʼlumotlarga oydinlik kiritdi.

«Saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda chop etilgan maʼlumotlardan soʻng men internet foydalanuvchilarining nafrati va haqoratomuz izohlariga duchor boʻldim.

Keng jamoatchilikning bunday munosabati meni tashvishga soldi, sababi eʼlon qilingan material notoʻgʻri boʻlib, oʻquvchilarga yolgʻon maʼlumotlar yetkazdi. Agarda OAV ushbu materiallarni chop qilishdan avval men bilan bogʻlanib, maʼlumotlarga aniqlik kiritganida maʼlumotlarning barchasi oʻquvchilarga toʻgʻri yetkazilgan, asossiz, sensatsion detallarga qurilmagan boʻlardi.

Shuning uchun ham men shaxsiy hayotim haqidagi gap-soʻzlarga chek qoʻyadigan quyidagi maʼlumotlarni soʻzlab bermoqchiman», — dedi Guli Shayx.

“Angliyaga oʻqish uchun kelgandim”

Men Samarqand shahrida tugʻilib oʻsganman. Samarqand tibbiyot universitetining “Hamshiralik ishi” fakultetini tamomlaganman. Soʻngra Respublika shoshilinch tibbiy xizmat shifoxonasining Samarqand viloyati boʻlimida ishlaganman.

Men Angliyaga oʻqishimni davom ettirish uchun kelganman. London shahrida universitetga kirdim, “Yetakchilik va menejment” mutaxassisligi boʻyicha bakalavr darajasini egalladim. Keyinroq men oʻqishimni moliya sohasida davom ettirdim.

“Hech qachon ofitsiant boʻlib ishlamaganman”

Oʻqish davrida Belgiya kompaniyasida yarim stavkada menedjer boʻlib ishlaganman. Ushbu kompaniya Angliyada eksklyuziv Belgiya shokoladi savdosi bilan shugʻullanardi.
Shuning uchun mening ofitsiant boʻlib ishlaganim haqidagi gap-soʻzlar asossiz. Men hech qachon ofitsiant boʻlib ishlamaganman.

Men oʻsha kompaniyada ishlayotganimda lord Muhammad Shayx bizning doʻkonimizga tez-tez kirib turar hamda oʻziga va hamkasblariga shokolad sotib olar edi.

Doʻstlikdan boshlangan sevgi

U Oʻzbekistonning ajoyib tarixi haqida koʻplab maʼlumotlarga ega edi. Biz boy merosimiz va Imom al-Buxoriy, Zahiriddin Muhammad Bobur, al-Xorazmiy, Alisher Navoiy, Ibn Sino, Ulugʻbek, Amir Temur kabi tariximizning ajralmas qismi sanalgan buyuk shaxslar haqida soʻzlashishni odat qildik.

Vaqt oʻtishi bilan bizning oʻrtamizda maʼnaviy doʻstlik yuzaga keldi. Biroq, u hech qachon menga Britaniya parlamentida lord ekanligi yoki oʻzi egallagan boshqa lavozimlar haqida gapirmagan. Men bu haqda oradan biroz vaqt oʻtgach bilganman.

“Shayx xotini bilan allaqachon ajrashgan edi”

Oʻsha payti u xotini bilan islomiy urf-odatlarga koʻra allaqachon ajrashgan edi. Yaʼni u xotiniga taloq bergan. Musulmoncha ajrashuvdan soʻng jarayon yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan.

Uning xotini bilan ayrilishi va ajrashishiga mening umuman aloqam yoʻq. Shuning uchun men ijtimoiy tarmoqlarda men va turmush oʻrtogʻim haqida yozib qoldirilgan salbiy izohlarga umuman munosib emasman, deb hisoblayman.
U mening qoʻlimni soʻradi hamda ota-onamning roziligini olib, menga uylanish uchun Samarqandga keldi.

Guli va Shayxning toʻyi qanday oʻtgan?

Biz 2015 yilning 1 noyabr kuni nikoh oʻqitganmiz. Nikoh London shimolidagi masjidda, bir necha kishining guvohligida oʻqildi.
Marosimdan soʻng bizga guvohlar tomonidan imzo chekilgan sertifikat berildi.

Keyinroq, bizning nikohimiz Angliyadagi yetakchi sanaladigan “Rijentpark” masjidi bosh direktori tomonidan ratifikatsiya qilindi.

Soʻngra biz er-xotin sifatida Haj ziyoratiga bordik. Biz ikki marta Haj ziyoratida boʻldik. Ikkinchi marta bizni Saudiya Arabistoni qiroli Hazrati Oliylari shaxsan taklif etdi. Saudiya Arabistoni hukumati mening lord Muhammad Shayxga turmushga chiqqanim haqida pasportimga belgi qoʻydi.

2015 yilda nikohdan soʻng biz nikohni qayd etishning rasmiy marosimini oʻtkazishga qaror qildik.
Ushbu marosim Londondagi Lambet kengashi binosida, 2018 yilning noyabrida boʻlib oʻtdi, unda koʻplab mehmonlar ishtirok etdi.

“Turmush oʻrtogʻim — sogʻlom va kuchli inson”

Turmush oʻrtogʻim haqiqatan ham 77 yoshda, biroq u ham Britaniya parlamentida, ham biznesda oʻta faol hayot tarzini olib boradi.
U sogʻlom va kuchli inson boʻlib, xayriya va jamoatchilik manfaatlarini himoya qilish bilan ham shugʻullanadi.

Turmush oʻrtogʻim butun dunyodagi jamoatchilik va xayriya faoliyati uchun “Faxriy doktor” unvoniga sazovor boʻlgan. Uning energiyasi va faolligiga undan ancha yoshroq erkaklar xavas qilsa arziydi.

“Lord Shayx har doim ʻOʻzbeklar xushmuomala, mehmondoʻstʻ deydi”

Lord Shayx toʻrt marta Oʻzbekistonga kelgan hamda mamlakatimiz rahbariyati bilan uchrashgan. U Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasidagi siyosiy, savdo, madaniy va taʼlim aloqalarining rivojlanishi va mustahkamlanishida faol ishtirok etadi.

Lord Oʻzbekiston haqida uchta doklad tayyorlagan. Hujjatlarda mamlakatdagi vaziyatni yaxshilash boʻyicha tavsiyalar keltiriladi. U ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida Buyuk Britaniyaga tashrif buyurgan Oʻzbekistonning bir nechta delegatsiyalari bilan uchrashgan.

Lord Shayx 2016 yilda prezident saylovlarini kuzatish uchun Oʻzbekistonga taklif qilingan. Saylovdan soʻng Lord Shayx jarayonning shaffof oʻtgani, yaxshi tashkillashtirilgani hamda saylov Oʻzbekistonning barcha aholisi uchun oʻzining fuqarolik burchini bajarish imkonini berganini qayd etgan.

Lord Shayx shuningdek, Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov haqida nekrolog yozgan. Soʻngra u Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan oʻtkazilayotgan islohotlarni batafsil tahlil qilib, ularning chuqur oʻylanganligi va yuqori maqsadlarni koʻzlagani uchun prezidentga minnatdorchilik bildirdi. U prezidentimizning istiqbolni koʻra oladigan inson ekanligini his qilmoqda.

Turmush oʻrtogʻim Oʻzbekistonning yaqin doʻsti, oʻz chiqishlarida mamlakatimizning boy madaniyati va milliy merosi haqida koʻp marta gapirgan.

U har doim “Oʻzbekiston xalqi xushmuomala, mehmondoʻst” deb gapiradi. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda men haqimda yozib qoldirilayotgan qoʻpol va haqoratli soʻzlardan shok holatiga tushdi.

“Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirishga hissa qoʻshmoqchiman”

Men Oʻzbekiston fuqarosi ekanligim hamda Buyuk Britaniya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo aloqalarining rivojlanishiga hissa qoʻshayotganimdan faxrlanaman. Turmush oʻrtogʻim bilan birgalikda Silk Route Global kompaniyasiga asos soldik. Men Oʻzbekiston hunarmandlari tomonidan tayyorlangan koʻplab qoʻl mehnati mahsulotlarini sotib oldim hamda tez orada internet orqali ularni sota boshlayman. Oʻzbekistonga investitsiya kiritmoqdaman, chunki Vatanimni sevaman. Shuningdek, men Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirishga hissa qoʻshmoqchiman.

Shu bilan birga, men Oʻzbekistonda xayriya ishlarini amalga oshirib, nogironligi boʻlgan bolalar, yetimlar hamda kam taʼminlanganlarga yordam berish va qoʻllab-quvvatlashga harakat qilmoqdaman. Mamlakatimiz aholisiga doimo gʻamxoʻrlik qilaman.

“Lord Shayxga turmushga chiqishim — taqdir”

Odamlar turmush oʻrtogʻim va mening yoshim oʻrtasidagi farq haqida gapirmoqda. Biroq, Paygʻambarimiz Muhammad (sallollohu alayhi vassallam) ham Bibi Oyshaga uylangan vaqtda undan ancha katta boʻlganini unutmaslik zarur.

Ular birgalikda baxtli hayot kechirgan, Bibi Oysha hamisha Muhammad Paygʻambarni qoʻllab-quvvatlagan, u esa rafiqasini odamlar u haqda qoʻrqinchli gap-soʻzlar tarqatganida himoya qilgan.

Men Lord Shayxga oʻz xohishim bilan turmushga chiqdim, uning yoshi, mavqei yoki boyligi mening qarorimga hech qanday taʼsir koʻrsatmadi. Men uchun yosh — bu koʻngil holati, ayrim keksa kishilar yosh erkaklarga qaraganda koʻproq energiya va gʻayratga ega boʻladi.

Men turmush oʻrtogʻimni har doim kuchli intellektga ega boʻlgan, shu bilan birga atrofdagilarga oʻta gʻamxoʻr munosabatda boʻladigan mukammal inson deb hisoblaganman.

Biz bir-birimizni qoʻllab-quvvatlaymiz hamda men u bilan baxtliman. Unga turmushga chiqishimni esa taqdir deb atayman.

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Oʻzbekistonlik Guli Murodovaning 77 yoshli angliyalik lord bilan sevgi tarixi...