Vaznga ta’sir qiluvchi 5 omil ma’lum bo‘ldi (foto)

  • 13 yanvar 2019, 10:43
  • 1 288
  • Hayot tarzi
  • Vaznga ta’sir qiluvchi 5 omil ma’lum bo‘ldi (foto)
    Ko‘pchilik ortiqcha vazndan xalos bo‘lish insonning irodasiga bog‘liq deydi, ammo tibbiyot buni aksini ko‘rsatadi, deya xabar qiladi BBC.
    Quyida vaznga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan beshta biz kutmagan omillar keltirib o‘tiladi.

    1. Ichak mikrobiomasi
    Jillian bilan Jeki egizak, biroq biri boshqasidan 41 kg og‘ir.
    Professor Tim Spektor 25 yil davomida egizaklarni o‘rganish bo‘yicha Britaniya umummilliy dasturi doirasida ularning rivojlanishini kuzatib keladi. Professorning aytishicha, ularning vaznidagi farq kichik mikroorganizmlarga, ya’ni ichagimizda yashaydigan mikroblarga bog‘liq.

    «Har safar nimadir iste’mol qilayotganingizda, trillionlab mikroblarni oziqlantirasiz. Hech qachon yolg‘iz ovqatlanyapman deb o‘ylamang,» – deydi professor.

    Opa-singil egizakning ikkalasidan olingan tahlil natijalari biroz ozg‘inroq bo‘lgan Jillianning juda ham xilma-xil ichak florasiga ega ekanligini, Jekida esa ichak mikroblari juda ozligini ko‘rsatdi.

    «Bu xilma-xillik qanchalik ko‘p bo‘lsa, inson shunchalik ozg‘in bo‘ladi. Agar vazningiz juda og‘ir bo‘lsa, bilaveringki, mikroblaringiz har xil emas ekan», deydi professor Spektor besh ming kishini o‘rganib chiqqach.

    Foto: BBC
    Mikrobiomani diversifikatsiya qilish uchun turli xil hujayralarga boy bo‘lgan sog‘lom va turfa xil parhezga amal qilish kerak.
    Professor ta’kidlaganidek, Britaniyaliklarning ko‘pchiligi kerak bo‘lgan hujayraning yarmini iste’mol qiladi.

    Foydali hujayralar manbasi quyidagilar:
    - suli yormasi (ovsyanka);
    - mevalar;
    - sabzavotlar, masalan, brokkoli yoki sabzi;
    - loviya;
    - dukkakli mahsulotlar;
    - yong‘oq.
    2. Irsiyat
    Nima uchun ba’zi odamlar turli xil parhezlarga qat’iy rioya qiladi, muntazam ravishda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanadi-yu, ammo sira ozmaydi, qolganlar esa deyarli hech narsa qilmasdan ham qomatini yaxshi holatda saqlaydi?

    Kembrij universitetining olimlari vaznning 40-70 foizini ota-onadan meros qilib olgan geniga bog‘liq deb hisoblaydi.
    «Bu xuddi lotereyaga o‘xshaydi. Agar sizning geningizda nuqson bor bo‘lsa, shubhasiz, semirishingizga sababchi bo‘ladi,» – deydi professor Sadaf Faruki.

    Bu o‘ziga xos genlar ishtahaga, iste’mol qiladigan taomning miqdoriga va xatto qaysi ovqatni afzal ko‘rishimizga ta’sir qiladi. Genlar, shuningdek, organizm kaloriyalarni qanday qabul qilayotgani va tanaga samarali ravishda yog‘ yetkazib berish-bermasligini ham belgilaydi.

    Umuman olganda, vaznga ta’sir qiluvchi genlar, jumladan ochlik hissi va ishtahani boshqaradigan MC4R geni ham, kamida 100 tani tashkil qiladi.

    Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, har ming kishidan birida MC4R geni nuqsonli bo‘ladi, ya’ni bunday gen egalarining qorni tezroq ochib qoladi hamda ko‘proq yog‘li taomlar iste’mol qilishga moyilligi bo‘ladi.

    «Gen borasida hech narsa qilolmaysiz, ammo ba’zi odamlar o‘zlarining genlari ularni semiritirishga moyilligini bilib qo‘yishsa, foydadan holi bo‘lmaydi. Chunki ular buni bilgach, ovqatlanish ratsionini o‘zgartirib, sport bilan shug‘ullanishlari mumkin,» – deydi professor Faruki.

    3. Kechki ovqat dushmanmi?
    «Nonushtani o‘zing ye, tushlikni do‘sting bilan baham ko‘r, kechki ovqatni dushmaningga ber,» degan naqlda qandaydir ma’noda haqiqat bor.

    Ortiqcha vazn muammolari bo‘yicha mutaxassis doktor Jeyms Braunning aytishicha, qanchalik kech ovqatlansak, shunchalik vazn yig‘ish ehtimoli ko‘payadi. Lekin bu tunda faol harakat qilmaslikdan emas, balki ichki soatlar tufayli amalga oshadi.

    «Organizmimiz kaloriyalar bilan kunduzi samaraliroq ishlashga mo‘ljallangan, tunda emas,» – izoh beradi u.
    Aynan shu sabab, navbatchilikda ishlaydigan yoki belgilanmagan soatlarda ishlaydigan odamlar ortiqcha vazn to‘plashga moyil bo‘ladi.

    Kechasi organiz yog‘ va shakarni hazm qilishga qiynaladi, shuning uchun agar ozish istagidagilar kaloriyali mahsulotlarni kechki soat 7 gacha yegani ma’qul.

    Foto: BBC
    «O‘tgan o‘n yil mobaynida, Buyuk Britaniyada o‘rtacha kechki ovqat vaqti 17:00 dan 20:00 gacha etib belgilandi. Natijada og‘ir vaznli odamlarning ko‘payishi boshlandi,» – deydi doktor Braun.
    Ammo hatto bugungi kun tempida ham, ish soatlari qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, yaxshi qomatga ega bo‘lish uchun nazorat qilishingiz mumkin bo‘lgan narsalar mavjud.

    Doktor Braun aytishicha, nonushtaga faqatgina toster bilan kifoyalanish mumkin emas.
    Nonushtada oqsil, biroz yog‘ va uglevodlar tanavvul qilish kerak, masalan, tuxum va suli yormasidan tayyorlangan bir parcha non. Bu yo‘l bilan siz uzoqroq vaqt o‘zingizni to‘q his qilib yurasiz.
    Tushlik esa ozuqaviy, kechki ovqat yengil bo‘lishi kerak.

    4. Miyani qanday aldash mumkin
    Hukumatning «Behavioral Insights Team» ijtimoiy guruhining aytishicha, britaniyaliklar qancha ovqat yeyishlarini nazorat qilmaydi va natijada qo‘shimcha yeyilayotgan 30-50% kaloriyani sezmaydilar.

    Xulq-atvori fani bo‘yicha mutaxassis Hyugo Xarper qanday qilib har doim kaloriya hisoblab yurmaslik uchun ovqatga bo‘lgan odatlarni o‘zgartirishning bir qancha usullarini taklif qiladi.
    Misol uchun, irodangizning kuchiga tayangandan ko‘ra, ishtahangizni qo‘zg‘ayotgan narsani ko‘zdan nariga olib qo‘yish samaraliroq bo‘ladi.

    Shuning uchun salomatlikka zarar keltiruvchi zakuskalarni oldingizga yoyib qo‘ygandan ko‘ra meva yoki boshqa bir foydaliroq narsa bilan to‘ldirilgan idishni qo‘ying.
    Televizor qarshisiga bir paket pechene bilan o‘tirmang. O‘zingizga yetadigan miqdorda (eng ko‘pi ikkita) idishga solib oling.

    Doktor Xarper, shuningdek, biror narsani bekor qilishdan ko‘ra, o‘rnini boshqa narsa bilan almashtirishni maslahat beradi, ayniqsa, u siz yoqtiradigan yegulik bo‘lsa past kaloriyali variantni tanlang.

    Masalan, gazlangan ichimliklarning past kaloriyalisini iching. Yoki miqdorini kamaytiring. Bu shokoladli pechene bilan choy ichish odatidan butunlay voz kechishga urinishindan ancha samaraliroq bo‘ladi.

    Foto: BBC
    «Odamlar porsiyasi 5-10% ga qisqarganini sezmaydilar,» – deydi Xarper.
    Kichik tarelkadan foydalansangiz yoki qadoqdagi normaga amal qilsangiz, kaloriyalarning cheklanmagan miqdorda yutilishiga to‘sqinlik qilishga erishasiz.

    5. Gormonlar
    Bariatrik jarrohlikning muvaffaqiyati shundaki, u nafaqat oshqozonni kichraytiradi, balki keyinchalik gormonal o‘zgarishlarga ham olib keladi.
    Gormonlar ishtahani nazorat qiladi. Shuning uchun shifokorlar bariartrik jarrohlikni semizlikdan xalos bo‘lishning eng samarali usuli deb topdi. Jarrohlik natijasida to‘qlik hissini beruvchi gormonlar ko‘payadi, aksincha, ochlik hissini beruvchilari esa kamayadi.

    Ammo, bu jiddiy operatsiya bo‘lib, u oshqozon hajmini 90% ga qisqartiradi va faqat tana massasining ko‘rsatkichi 35 dan kam bo‘lmaganlar uchun tavsiya etiladi.
    London Imperial kollejining olimlari shu kabi operatsiyadan keyin ishtahani o‘zgartiradigan ichak gormonlarini qayta yaratdi va hozir ular yordamida yangi klinik sinovlar olib borilmoqda.

    Bemorlarga to‘rt hafta davomida har kuni uch gormon aralashmasi in’eksiya tarzida yuboriladi.
    «Bemor ochlik hissini kamroq tuyadi va kamroq ovqat yeydi. 28 kun ichida ikki kilogramdan sakkiz kilogramgacha bo‘lgan vaznni yo‘qotadi,» — deydi Trisha Tan.

    Agar ushbu usul xavfsiz deb topilsa, bemor normal og‘irlikka yetgunga qadar undan foydalanishi rejalashtiriladi.

    » » Vaznga ta’sir qiluvchi 5 omil ma’lum bo‘ldi (foto)