22:28 / 14.01.2019
7 054

Otaning uzatilayotgan qiziga maktubi...

Otaning uzatilayotgan qiziga maktubi...
Kelin-kuyov o‘tirgan mashinada sovuq jimjitlik hukmron. To‘y tugab, o‘z uylariga ketayotgan kelin-kuyov bir-biriga gapirmay, tund alfozda o‘tirardilar. Mashinaga o‘tirgunlaricha ikkisi ham to‘yda majburan kulimsirab o‘tirishgandi. Endi bu majburiyatning ham quvvati tugagandi. Vaholanki, bu kunni qanchalik intiq kutgandilar. Ikki yil bo‘lgandi tanishganlariga. Bir-birlarini juda qattiq sevardilar. To‘y kuni insonning eng baxtli kuni, deb o‘ylagandi Mohiliqo. Shuning uchun ham bu kunni burnidan chiqargan qaynonasini bir qoshiq suvga cho‘ktirgisi kelayotgandi. Qaynonasi hech kimga quloq solmay, o‘zi istagan arzon to‘yxonaga buyurtma beribdi. To‘yxona mehmonlarga torlik qilib, ko‘pchilik tik oyoqda qoldi.

Mohiliqo bilan onasi “El-yurt oldida xijolatga qoldik” deya g‘azabdan o‘zini qo‘yarga joy topmadi. Abdulloh uchun to‘yda Mohiliqoning qovoq-tumshuq qilib o‘tirganini aytmaganda ortiqcha muammo yo‘q edi. Ota-onasi joy yetmay qolgan mehmonlarga stol-stul hozirlab, kamchilikni to‘ldirish uchun harakat qilishdi.

To‘ydan so‘ng Mohiliqo ota-onasi bilan xayrlashdi. Onasi kuyov tomondan xafa edi.
– “Sevaman, shundan boshqasini demayman” deb turib olding-da. Yo‘qsa shunday pastlarga qiz berarmidim? – dedi qizini bag‘riga bosib.

Otasi hech kimga ko‘rsatmay, ohistagina bir xatjild tutqazdi qizining qo‘liga:
Bu xatni uyingga borganingda o‘qiysan, – deya shivirladi.

Gul yuzli rafiqam, kel, shu ondan e’tiboran hamma dilxiraliklarni tashqarida qoldiraylik-da, uyimizga bir-birini chin dildan sevgan oshiq-ma’shuqlar bo‘lib kiraylik. Hech narsa bizdan, baxtiyorligimizdan muhim emas!

Sizga gapirish oson, – dedi. – Hayotimdagi eng baxtli kunimni burnimdan chiqardinglar. Albatta onangizning qilganini eshitishni istamaysiz. Bundan keyin onangizni aslo ko‘rishni istamayman.

O‘sha to‘y sen bilan bir paytda mening ham to‘yim edi, – dedi Abdulloh. – Sen xafa bo‘lganing uchun menga ham to‘yim tatimadi. Nima qilay, bo‘lar ish bo‘ldi. Bularning bari ortda qolsin deya senga gul uzatyapman...

Eshikni oching, men juda charchaganman. Madorim yo‘q! – dedi Mohiliqo.
Xo‘p, men ham toliqqanman. Bu kecha to‘yni muhokama qilishga holim yo‘q. Ertaga gaplashamiz. –Abdulloh eshikni ochdi.

Uylariga yetgunlaricha hech gaplashmadilar. Eshikka kelganlarida Abdulloh kalitni olib qulfga soldi, ammo eshikni ochmay Mohiliqoga qaradi:
Mohiliqo “Xo‘p” deya olmadi. To‘y davomida ichida hijalagan, gapirolmaganlari bor edi. Ularni Abdullohga gapirmay xotirjam bo‘lolmasdi.

Uyga kirib, bir og‘iz gapirmay indamay yotoqqa kirdilar. Bir-birlariga qarashni ham istamasdilar. Mohiliqo nikoh kechasi kiyish uchun mo‘ljallagani ipak tun ko‘ylagini emas, ayiqcha tasvirli pijamasini kiyib, yotoqning bir burchagiga o‘tirdi. Abdulloh ham xonaning bir burchagidan burkanib yotdi. Qattiq charchaganiga qaramay, ikkovining ham ko‘ziga uyqu kelmas, yotoqda bir-biriga orqa o‘girib yotardilar.

Mohiliqo dadasi bergan xatjildni esladi. Yotoqdan turib, sumkasini olib ayvonga chiqdi. Xatjild ichidan bir maktub chiqdi. Dadasi unga maktub yozgan ekan, qiziqish bilan o‘qishga tutindi:

“Sevimli qizim Mohiliqoyim! Bugun uydan uchirma bo‘lib, o‘z iningni qurish uchun qadam qo‘yding. Insha Alloh, albatta baxtli bo‘lasan. Baxtiyorligingga vasila bo‘lsin deya, otang sifatida senga nasihatlarim bor. Bularni senga aytishni istagandim, ammo “So‘z uchadi, yozuv qoladi” deganlar. Bir umr hamrohing bo‘lsin deya yozishga qaror qildim.

Balki “Dadajon, siz baxtli oila qurdingizmiki, menga nasihat qilasiz?” dersan. Ha qizim, baxtiyor oila qurolmadim, shuning uchun ham senga nasihat qilyapman, zotan. Onang bilan sevishib turmush qurgandik. Lekin muhabbatimiz uzoq davom etmadi. Men ham, onang ham xato qildik. Bu ishqning nega yo‘qolganini, nega muhabbatsiz turmushga o‘zimizni mahkum qilganimizni men boshqacha izohlayman, onang o‘z qarashlariga ko‘ra ochiqlaydi. “Qizlar onalaridan o‘rnak oladi” deydilar. Meni onangdan sovutgan xatolarni senga yozamanki, sen ham bularni takrorlama. Chunki sen ayol sifatida erkaklarning nimadan ranjishini bilmaysan. So‘zlarimni qulog‘ingga quyib ol, jon qizim.

Bolajonim, erkakni uch narsa ranjitadi.

Birinchisi: rafiqasi uni hurmat qilmasligi, erkak o‘rniga qo‘yilmasligi erni qattiq xafa qiladi va ayoliga bo‘lgan muhabbatini bitiradi. Aksar ayollar erini oila boshlig‘i sifatida emas, tarbiyaga muhtoj bola sifatida ko‘radi. Tanqid qiladi. Ayol erkakni erkak bo‘lishiga izn bermasa, er-xotin orasida muhabbat bo‘lishi mumkin emas. Jon qizim, eringni hurmat qilginki, u senga muhabbatli bo‘lsin!

Ikkinchsi: Ayol erining yaqinlarini hurmat qilmasa, yaxshi ko‘rmasa erkak ayolidan xafa bo‘ladi. Qizalog‘im, eringning oilasiga ehtiromda bo‘l va ularga mehr-muhabbat ko‘rsatishga g‘ayrat qil. Ortlaridan xunuk so‘zlar bilan gapirma. Albatta inson sifatida ularning ham xatolari ko‘p, hammamiz xatokor bandamiz, zotan. Sen ularning xatolariga taqalma, nazdingda nuqsonlarini kattalashtirma. Hech qaysi erkak “Sizni juda qattiq sevaman, lekin onangizni yoqtirmayman!” degan ayolning muhabbati haqiqiyligiga ishonmaydi. Aksariyat ayollar bu gapni aytmasa-da, juftining onasini sevmasligini amallari bilan anglatadilar. Erkakka “Onang g‘iybatchi, onang qurumsoq, onang meni yomon ko‘radi, onang ozoda emas!” degan malomat, uning uchun: “Sen g‘iybatchi, yomon ayolning yomon o‘g‘lisan!” degandek eshitiladi. Erkaklar bunday malomatlarni “Sen yomon xotinning yaxshi o‘g‘lisan!” degan e’tirof o‘rnida qabul qilmaydilar.

Erkaklar posbondirlar. Vatanni, oilani qo‘riqlash bizning vazifamiz sanaladi. Faqat xotinimiz va bolalarimizni emas, onamiz va qiz tug‘ishganlarimizni ham qo‘riqlashni istaymiz.

Eringning onasi haqida aytganing har bir yomon so‘z eringning yuragiga otgan toshingdir. Bu tosh yuragini qonatadi, ichini ezadi. Toshlar izi ko‘paygani sari jarohatga aylanib boraveradi. Yarador yurak bilan seni qanday sevishini istaysan?

Erkakning qalbi – ayoli, ayolning qalbi – eridir. Ering yuragida sening sevgingni olib yurgani uchun uning qalbi – seniki. Bu qalbni sindirma, og‘rintirma, jarohatlama, ehtiyot qilginki, muhabbatingiz zarar ko‘rmasin.

Eringga onasining xatolarini ko‘rsatishga urinib, behudaga uni ranjitma. Ayollar o‘ylaydilarki, biz erkaklar onalarimizning xatolarini ko‘rmaymiz. Holbuki, onamizning butun xatolarini ko‘ramiz, bilamiz, faqat juftimizga buni e’tirof etish bizga mashaqqatlidir. Onamiz bolaligimizda bizni qanchalik avaylagan bo‘lsa, biz ham uni keksayganida avaylab muomala qilamiz. Shuning uchun ham ayol qaynonasining xatolarini gapirganida, erkak onasining aybini bila turib ham himoya qilishga urinadi.

Qaynonang sening ortingdan gapirsa ham, sen u haqida yomon gap gapirma, qizim. Bir-birini yomonlayotgan ikki ayolning o‘rtasida qolgan erkak har qanday holatda ham onasi tomonda bo‘ladi va onasiga ko‘proq ishonadi. Zotan, u bilan qon bog‘liqligi va uzoq o‘tmishi bor erkakning. Haqiqiy erkak o‘zini dunyoga keltirib, katta qilgan, ustida shu qadar ko‘p haqi turgan onasiga orqasini o‘girib, xotinining yonida joy olishni istamaydi erkak. Aqlli ayol hech qachon erini o‘zi va qaynonasi o‘rtasida arosatga qo‘ymaydi.

Eringga onasining xatolarini ko‘rsatishni istasang, qaynonangni olqishla, eringga onasi haqida yaxshi gaplar gapirgin. Qaynonang “Xotining yomon, epsiz” desa, sen “Onangiz ajoyib ayol, ularni juda ham yaxshi ko‘raman!” degin. Ering qanday o‘ylaydi? “Ayolim yaxshi rafiqa, demak, onam meni uni qizg‘ongani uchun orqasidan yomonlaydi”. Shunda onasi nima desa desin, ering unga ishonmaydi, aksincha, go‘zal tutuming sababli seni qadrlaydi. Xullas, go‘zal qizim, eringni oilasiga yomonlik qilma. Muhabbatingga o‘z qo‘llaring bilan zarar berma. Qaynonang nima qilsa qilsin, sen go‘zal munosabat qilsang saodatingizga soya tushmaydi. Kelinlar o‘z qo‘li bilan yordam bermasa, qaynonalar o‘g‘lining turmushiga zarar yetkazmaydilar.

Ering bilan bo‘ladigan tortishuvlarga oilasini aralashtirma. Yaqinlarimiz biz erkaklarning zaif nuqtamizdir. Ularga kuchimiz yetmaydi, istasakda ularni o‘zgartirolmaymiz. Shuning uchun eringni hech qachon zaif nuqtasidan urmaki, sendan nafratlanmasin.

Uchinchisi: Otaning qiziga buni aytishi qanchalik to‘g‘ri, bilmadim, lekin erkakning xotini tomonidan yotoqda rad etilishi oradagi muhabbatga ziyon yetkazadi. Bu ham erkakni juda qattiq jarohatlaydi, ranjitadi va xotinidan sovutadi.

Sevimli qizim, Mohiliqoyim! Aytmoqchi bo‘lganim shular edi. So‘zlarimga beparvo bo‘lma, ularda ko‘p yillarning tajribasi bor, zotan. Bularni onangga tushuntirolmadim, biz baxtli bo‘lolmadik. Ammo sen baxtiyor bo‘lishing kerak, qizim!

Seni jonidan ortiq yaxshi ko‘rgan dadang!”

Mohiliqo maktubni uzoq mulohaza qildi. Ikkinchi bora ham diqqat bilan xatni o‘qib chiqdi. So‘ng nikoh oqshomi uchun avvaldan tayyorlagan tungi kiyimini kiydi. Sochlarini taradi, xushbo‘yliklar sepib yotoqda teskari qarab yotgan erini quchdi. Kuyovining qulog‘iga “Dilxiraliklarni hech qachon eslamaslik ahdi bilan orqaga tashlab, bundan keyin sevgilimni dunyoga keltirgan ayolga go‘zal munosabat qilishga so‘z beraman!” deya shivirladi. Mohiliqo o‘ziga o‘girilib termulgan erining ko‘zlaridagi sevgini ko‘rib, dunyoda bu muhabbatdan ortiq qadrlashga arzigulik narsa yo‘qligini angladi.
Sema MARAShLI
Umida ADIZOVA tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Otaning uzatilayotgan qiziga maktubi...