10:48 / 27.01.2019
6 559

Tug‘ilmagan go‘dakning rizqi...

Tug‘ilmagan go‘dakning rizqi...
Er ayolining qo‘llarini kafti orasiga olib tasalli berayotgandi. Farzand kutayotgandilar. Hatto tug‘ruqxona xarajatlarini to‘lashga imkoni yo‘qligi uchun ayol tug‘ilajak go‘dagini qanday boqishni o‘ylab qayg‘urayotgandi.

Yoshli ko‘zini eriga qadab:
– Yegani bir burda nonimiz yo‘q-ku, xojam, farzandimizni qanday boqamiz? – dedi o‘ksinib. Erkak ishdan bo‘shagan, qo‘llarida bor uch-to‘rt so‘m pulni ham ehtiyojlari uchun sarflagan edilar.

Rafiqasining qo‘lini tutib:
– Qimirlagan jonning rizqini bergan Alloh bizning tug‘ilmagan go‘dagimizni ham quruq qo‘ymaydi, xonimim, – deya taskin bergan bo‘ldi.

Xonadan chiqib tug‘ruqxona eshigi ortida devorga suyangan ko‘yi o‘yga tolib qoldi. Shu payt kasalxonada dardli chinqiriq eshitilib, bir odam uyoqdan buyoqqa yugurgancha bemor yaqiniga shoshilinch qon quyilishi kerakligini aytib yordam istayotgandi. Xavotirdan esini yo‘qotayozgan odam so‘rayotgan qon guruhiga ko‘ra topilishi qiyin edi. Erkak bir muddat o‘z tashvishini unutib, to‘rt tomonga jonsarak chopayotgan odamning oldiga bordi:

– Mening qonim to‘g‘ri keladi, sizga yordam beraman! – Chorasiz odamning ko‘zi yorishib, qayta-qayta minnatdorchilik bildirib erkakni qon quyish xonasiga boshladi.

Bu voqeadan ikki kun o‘tib ularning oilasida sog‘lom go‘dak tug‘ildi. Uyga ruxsat tekkanda go‘dagini quchib olgan xotini bilan g‘aznaga bordilar. Qo‘liga tutqazilgan to‘lov varaqasini ko‘rib, erkakning tomog‘iga allanima tugildi. Xijolatdan boshini quyi solib, buncha puli yo‘qligini aytdi. G‘aznadagi ayol vaziyatni tushuntirish uchun boshlig‘iga kirmoqchi bo‘lib o‘rnidan qo‘zg‘algan edi, oynadan boshqa bir erkak pul uzatdi. Erkak boshini ko‘tarib qaragan edi, ikki kun oldin xotini uchun qon so‘ragan kishini ko‘rdi. U ikki kundan beri xotiniga qon bergan odamni izlardi. G‘aznada ko‘zi tushib, minnatdorchilik uchun chopib kelgan edi, erkakni muztar alpozda uchratdi.

– Agar ishlashni istasangiz, bog‘bonga ehtiyojim bor, – dedi bir dasta gulni titroq qo‘llari bilan tutib turgan erkakka. – Ertadanoq ish boshlashingiz mumkin.

Erkak bolasini bag‘riga bosib, sevinchdan ko‘zlariga yosh kelgan ayoliga mehr bilan termuldi. Ikki kun oldin unga tasalli berib aytgan so‘zlarini yolg‘onga chiqarmagani uchun ko‘nglida qayta-qayta Allohga hamd aytayotgandi...
Suat O‘ZGE
Umida ADIZOVA tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Tug‘ilmagan go‘dakning rizqi...