13:00 / 27.01.2019
9 337

Qarindoshlik rishtalari

Qarindoshlik rishtalari
Biror inson kishilar jamiyatidan ayrilib, o‘zicha yashay olmaydi. Inson zoti borki, boshqa odamlar bilan o‘zaro munosabat o‘rnatishga, boshqalar bilan ahil, totuv yashashga majbur. Bu esa, kishilik jamiyatining ajralmas qonunidir. Insonni jamiyat bilan uzviy bog‘laydigan rishtalar juda ko‘p va turlichadir.

Bularning ichida eng muhimi, eng kuchlisi qon va nasab qarindoshligidir. Yaqin qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi aloqa ham mana shu rishtalardan hisoblanadi. Inson bu rishtaga suyanadi, undan kuch va quvvat oladi. Hayot muammolarini yechishda unga tayanadi va shu narsa orqali inson hayoti tinch va osoyishta kechadi.

Jamiyat saodati, qonuniy tartib va nizom mustahkamlanishida asosiy omil bo‘lgan qarindoshlik aloqalarining, ya’ni silai rahmning ahamiyati adolat, yaxshilik qilish va boshqa chiroyli amallar kabi muhimdir.

Alloh taolo bu borada bunday marhamat etadi: “Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyuradi hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytaradi. Eslatma olursiz, deb U sizlarga doimo nasihat qilur”.

Alloh taolo qarindoshchilik rishtalarini mahkam bog‘lashga chaqirar ekan, bunda qarindoshlarga va qarindosh qo‘shnilarga alohida e’tibor qaratishga buyuradi, hatto buni ibodat darajasiga ko‘taradi va ota-onaga yaxshilik qilish bilan tenglaydi:

“Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shniyu begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi musofirga va qo‘l ostingizdagi qaramlarga ham yaxshilik qiling! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi”.

Qarindoshlik aloqalarini mustahkamlash Islomda “silai rahm” deyiladi va dinimiz musulmonlarni doimiy ravishda silai rahmga buyurgan.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ham ummatlarini silai rahmga chaqirganlar va qarindoshlik aloqalarini uzganlarni oxiratda og‘ir azob-qiynoqlar kutayotgani haqida ogohlantirganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Silai rahm qilmagan, ya’ni qarindoshlaridan aloqani uzgan odam jannatga kirmaydi. Silai rahm doimiy bordi-keldi emas, balki uzoqlashib ketgan qarindosh holidan xabar olishdir”.

Qarindoshchilik rishtalarini turli yo‘l va usullar bilan mustahkamlashga harakat qilish insonning rizqi va umriga baraka berishi haqida ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bashorat berib, bunday deganlar: “Kimni rizqi keng bo‘lishi va umri uzoq bo‘lishi xursand etsa, bas u silai rahm qilsin, ya’ni qarindoshlik rishtalarini mustahkamlasin”.

Biron-bir kishi: “Men qarindoshlarimga silai rahm qilaman, lekin ular mendan uzilib ketadilar, qanchalik ularga yaxshilik qilsam, menga yomonlikni ravo ko‘radilar, ularga yaxshi muomalada bo‘lsam, buni aslo e’tiborga olmaydilar”, degan o‘yda silai rahmni uzib qo‘ymasin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ba’zi sahobalar shunday shikoyat qilishgan vaqtda ularni yomonlikka yomonlik bilan javob berishdan qaytarganlar. Ularga chiroyli muomalada bo‘lishga, qarindoshlik rishtalarini aslo uzmaslikka chorlab, shunday deganlar:

“Qarindoshlariga oqibat qilmaydigan odam qarindosh emas, balki uzilib qolgan qarindoshlik aloqalarini tiklovchi odam qarindoshdir”.

Shu bilan birga qarindoshlik rishtalarini uzish eng katta gunohlardan va yomon ishlardan bo‘lib, bemehrlik, toshbag‘irlik va hissiyotsizlik deb bilinadi. Bunday kimsadan biron bir yaxshilik kutilmaydi, undan rahm-shafqat umid qilinmaydi. Zero, odam o‘z yaqinlariga yaxshilik qilmasa, begonalardan butunlay chetda bo‘ladi. Uning qalbi o‘z tug‘ishganlariga nisbatan toshbag‘ir bo‘lsa, ulardan boshqalarga esa yanada qattiq va bemehr bo‘ladi. Islom ta’limoti bunday ishlardan qat’iy ogoh etadi. Chunki buning oqibati la’nat va gumrohlikdir.

Alloh taolo aytadi: “Agar iymondan bosh tortsangiz, aniqki, sizlar yerda buzg‘unchilik qilarsizlar va qarindoshlaringiz bilan ham aloqalaringizni uzasiz, albatta. Unday kimsalarni Alloh la’natlagandir, bas, ularning quloqlarini kar, ko‘zlarini ko‘r qilib qo‘ygandir".

Alloh taolo qarindoshlik aloqalarini mustahkamlashni O‘zi buyurgani, ammo shunga qaramay ayrimlar bu aloqalarni kesib, yer yuzida buzg‘unchilik qilishlarini qoralab, bunday deydi:

“Bundaylar Alloh ahdini mahkam qilganidan keyin buzishadi, Alloh ulanishga buyurgan qarindoshlik rishtalarini kesishadi va yer yuzida buzg‘unchilik qilishadi, ana shular ziyonkorlardir”.

Alloh taolo qarindoshlik aloqalarini ulashga buyurgani holda gumroh kimsalar xesh-aqrabolariga silai rahm qilmay, bu rishtalarni ham uzishadi. Oqibatda ular jannat yuzini ko‘rishmaydi.
Olimjon KARIMOV
Peshku tuman "Xo‘ja Peshku"
jome masjidi imom xatibi

Manba: O‘MI Buxoro viloyati vakilligi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qarindoshlik rishtalari