15:53 / 28.01.2019
4 894

Ishda baxtli bo‘lishning 15 ta sinalgan usuli

Ishda baxtli bo‘lishning 15 ta sinalgan usuli
Ko‘proq tabassum qiling, do‘st toping va hordiq haqida unutmang.

1. Bajarayotgan ishingizning mohiyatini tushuning
1983 yilda Stiv Jobs Apple’ning bo‘lajak bosh direktori Jon Skallini o‘zining PepsiCo kompaniyasidagi ishini tashlashga ishontirish uchun bor-yo‘g‘i bitta savol berdi: «Hayotingizning qolgan qismini limonad sotish bilan o‘tkazishni istaysizmi yoki hayotni o‘zgartirishni xohlaysizmi?». Nima uchun bu savol shu qadar samarali? U tasavvurni uyg‘otgan va kishiga ahamiyatli ish bilan shug‘ullanish umidini bergan.

Uorton biznes maktabi professori Adam Grant quyidagi fikrda: bajarayotgan ishlari nafaqat o‘zlari, balki boshqalar uchun ham ahamiyatli ekanini biladigan xodimlar o‘zlarini ancha baxtli his etishadi va unumli ishlaydilar.

2. Ofis uyasini yarating
Ko‘pchilik haftasiga 40 soatdan ko‘proq vaqtni ishxonada o‘tkazishadi. Shunday ekan, o‘z ish joyingizni qulay, shinam va yoqimli tarzda tashkil qiling. Albatta, xonada ko‘nglingizga ma’qul bo‘lgan plakatlarni osish va devorni boshqa rangga bo‘yay olmasangiz kerak. Biroq yoqimli mayda-buyumlar bilan to‘ldirish mumkin.

3. Ishxonada do‘st toping
Rahbarlar iste’dodli va mas’uliyatli xodimlarni nafaqat ishga olishlari kerak, shu bilan birga tashkilotdagi yaxshi mikroiqlimni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratishlari kerak. Odamlarda bir-biri bilan muloqot qilish imkoniyati mavjud bo‘lishi lozim.

Ishxonada do‘stlarga ega xodimlar faoliyatlarini qiziqarli, foydali va yoqimli vaqt o‘tkazish sifatida qabul qilishadi. Bundan tashqari, hamkasblari tomonidan qo‘llab-quvvatlashni his etishadi, bu esa o‘z navbatida tashkilotga bo‘lgan sodiqlikni ham oshiradi.

4. Tabassum qiling
Tabassumdan ham oddiyroq narsa bormi? Kayfiyatni undan boshqa yana nima tezda ko‘tara oladi? Tabassum qiling! Aytgancha, unutmang, tabassum yuqumli. Tez orada nafaqat siz, balki hamkasblaringiz ham tabassum qilish ehtimoli juda katta.

5. Shaxsiy muammolarni uyda qoldiring
Zo‘riqish kuchlarni «yeb bitiradi». Bu hayotingizning barcha sohalari, ayniqsa kasbiy faoliyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Har daqiqada soatga qarab kun hech qachon tugamaydi degan fikrga kelasiz. Doimiy ravishda chalg‘iysiz va oxir-oqibat hech qanday foydali ish qilmaysiz.
Ish vaqtida shaxsiy muammolaringiz haqida o‘ylamaslikka harakat qiling. Ana o‘shanda faqat g‘olib bo‘lasiz: o‘zingizni og‘ir fikrlar bilan azoblab, hech narsaga erishmaysiz.

6. Kelajakka qarab intiling
Biznes bo‘yicha kitoblar muallifi, strategik marketing bo‘yicha mutaxassis Jeffri Jeymsning fikricha, ishimiz kelajakda natija berishini bilsak, qarorlarni o‘ylab qabul qilamiz va yaxshi natijalarga erishamiz. Ya’ni uzoq muddatli reja va maqsadlarimiz doim bo‘lishi kerak.

7. Rahmat ayting
Turli tadqiqot natijalari bizga minnatdorchilik bildirishganida o‘z-o‘zimizga beradigan bahomiz ko‘tarilishi, o‘zimizni mamnun his etishimizni isbotlagan. Bu esa o‘z navbatida boshqa ijobiy hislarni olib keladi.
Agar biror kompaniya yoki muayyan insonning buyurtmasini muvaffaqiyatli bajargan bo‘lsangiz, undan minnatdorchilik xati yozib berishini so‘rang.

8. Tanaffus qiling
Har kuni oldingizda ko‘plab hal etilishi kerak bo‘lgan vazifalar turadi. Ishga kirishib ketib, hordiq haqida unutish hayratlanarli holat emas. O‘zingiz uchun qisqa dam olish tanaffuslarini tashkil qiling. Hech bo‘lmaganda bir necha daqiqa xotirjam o‘tiring, yengil nafas oling va keyingi vazifaga kirishing.

«Ishdagi haqiqiy baxt» kitobining muallifi Sheron Zalsberg quyidagi fikrni aytadi: "Ishdagi vazifalarni tanaffussiz amalga oshirganda o‘zimizning barcha kasbiy mahoratimizni namoyish etish, masalani hal etishga ijodiy va hazil bilan yondashish ancha qiyin kechadi. Agar tanaffuslar tashkil etmasak, boshqalarga nisbatan jahldor bo‘lib qolamiz yoki bizga nisbatan tanqidlarni to‘g‘ri qabul qila olmaymiz. Shunday ekan, kichik hordiq – ishdagi zo‘riqishni kamaytirish usullaridan biri."

9. To‘g‘ri ovqatlaning va yetarli miqdorda suv iching
Yo‘q, kelasi safar tushlikdagi tanaffusda shirinliklar bilan ovqatlanish kerak emas. Foydali va to‘yimli taomlarni iste’mol qiling. Yetarli miqdorda suv ichishni unutmang. Agar to‘q bo‘lsak va chanqoqni his etmasak – quvvatimiz yetarli, o‘z ishlarimizni samarali bajarishga qodir bo‘lamiz.

10. Ish stolingizda tartibni saqlang
Atrofdagi tartibsizlik fikrlardagi tartibsizlikka ham hissa qo‘shadi. Shusiz ham ishda asabiylashasiz, shuning uchun uni chuqurlashtirmagan ma’qul. Ana shunda e’tibor bilan ishlay olasiz.

11. Ko‘p vazifalilik rejimiga «yo‘q» deng
Ko‘p vazifalilik – samarali emas. Stenford universiteti psixologiya professori Klifford Nass bunday rejim ko‘proq vaqt olishini ta’kidlamoqda. Diqqatni jamlash va bor ijodiy salohiyatimizni namoyish etish murakkab kechadi.

Bir vaqtning o‘zida bir necha ishni bajarish bilan maqtanish o‘rniga yaxshisi bitta vazifaga diqqatni jamlang va uni sifatli bajaring. Kun uchun ishlar ro‘yxatini tuzing, ustuvorliklarni belgilang va «ikkita quyonning ortidan yugurmang».

12. Odamlarni boricha qabul qiling
Boshqalarning xarakterini o‘zgartira olmaymiz. Muloyim bo‘lish va mayda-chuyda narsalarga asabiylashmaslikka harakat qiling. Hamkasblar bilan yaxshi munosabatlarni qo‘llab-quvvatlang.

Aybdor bo‘lsangiz, uni boshqaga ag‘darishga harakat qilmang. Agar kimdir jig‘ingizga tegsa, tinchlanish, 10 gacha sanash va ana shundan keyingina o‘sha odamga biror narsa aytishga harakat qiling.

13. Faqat o‘tirish holatidagi ish kunlaridan xalos bo‘ling
Sakkiz soatlik ish kunini xuddi stulga yopishib qolgandek o‘tkazmang. Zinadan pastga tepaga chiqib tushing yoki ofis atrofida bir necha marta aylanib chiqing. Hatto 10 daqiqalik jismoniy mashg‘ulotlarni bajarishingiz va unga hamkasblarni ham taklif qilishingiz mumkin.

Kompyuter monitori oldida o‘tkazilgan ish kunlari salomatlik bilan bog‘liq muammolarni kafolatlaydi: ortiqcha vazn, ko‘rish qobiliyatining yomonlashuvi, yurak kasalliklari.

14. O‘zingizni rag‘batlantiring
Muhim bandni muvaffaqiyatli yakunlagan yoki a’lo natijalarga erishgan bo‘lsangiz, o‘zingizni rag‘batlantiring. Restoranda ovqatlaning, anchadan beri orzu qilgan yangi gadjetingiz yoki sevimli shirinligingizni xarid qiling.

15. Maqsad va muvaffaqiyatlaringiz haqida fikr yuriting
Nima uchun qat’iyat bilan ishlaysiz, qaysi maqsad sizni olg‘a boshlaydi? Bu savolga javob bering va uni saqlang. Ishdagi muvaffaqiyat va yutuqlaringizni ham yozib borishga harakat qiling.
Murakkab loyiha bilan ishlashda turtki zarur bo‘lganida o‘z qaydlaringizga murojaat qiling. Ular nima uchun yengilmaslik kerakligini yodingizga soladi.

Manba: Kun.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ishda baxtli bo‘lishning 15 ta sinalgan usuli