19:18 / 29.01.2019
8 461

“Ishlamaydigan” ayol

“Ishlamaydigan” ayol
Yaqinda qizimdan SMS oldim. “Dada, bir narsaga hayron qolaman, – deb yozibdi u. — Bir oʻzingiz ishlab bizni qanday boqqansiz? Bitta oylikka toʻrtta farzandni oʻqitgansiz, ichirgansiz, yedirgansiz, kiydirgansiz… Biz kuyovingiz bilan ishlab, ming bir tejab-tergab, qizimga kecha zoʻrgʻa palto oberdik”.

«Xudo bergan, qizim, Xudo bergan, – deb javob yozdim unga. Lekin ichimdagi gapni unga aytmadim. Biz ham bitta emas, ikkita boʻlib ishlaganmiz demadim. Aslida aytishim kerak edi. Ishonmaydi, lof deb oʻylaydi.

Xayol uzoqlarga olib qochadi…

«Men davlat idorasida 133 soʻm oylik olardim, — deya ichimda qizim bilan gaplashaman, — keyinchalik u 150-200 ga koʻtarildi. Oylik olgan kunim uyga bozor qilsam, onang quvonish asnosida dakki berardi: kartoshkani qimmat opsiz, sabzi Qoʻyliqda yarim bahosida sotilyapti, sholgʻomni yupqa poʻstlisidan oling, chiqitga kamroq chiqadi. Tabiiyki, bu gaplardan keyin bozor ham onangning zimmasiga tushadi. Chunki, onang biladiki, mening boyvachcha feʼlligim bilan oyning ikkinchi yarmida qoʻni-qoʻshnidan qarz izlashga toʻgʻri keladi. Uyimizda gilam boʻlmasada, olachamiz bor edi, lekin toʻrtta bolaning toʻp-toʻpidan keyin ham uyimiz ozoda turardi.

Oshxonadan tortib balkonga dovur chinniday yaraqlardi. Hamma narsa batartib edi va hozirgacha shunday. Vaholanki, uyimizda choʻrimiz yoʻq edi. Oʻsha sen, shuningdek, boshqalar ham peshonasiga “ishlamaydi” degan tamgʻa bosgan onang bor edi...

Akangning kiyimini ukang, sening kiyimingni singling kiyib katta boʻldinglar. Kiyimlaringning yamogʻi boʻlishi mumkin edi, lekin kiri yoʻq edi. Ichki kiyimlar qariyb sotib olinmas, mashinkada onangning oʻzi tikardi...

Nevaralar tugʻilganida onang boʻxchadan akangning bolaligidan qolgan eski kiyimlarini, garchand kennoying burnini jiyirsada, chaqaloqqa kiydirgandi. Onang tikkan koʻrpachayu yostiqlar, darpardayu dasturxonlar endilikda eskilik sarqiti boʻlib qaysi bir tokchalarda yotibdi... Vaholanki, ortiqcha kiyim sotib olishga bizning qurbimiz yetmasdi, tikuvchiyu koʻrpachiga berishga oyligim kamlik qilardi.

Bilasan, uyimizdan mehmon arimasdi. Viloyatlardan yoʻli adashib Toshkentga kelgan borki, biznikida mehmon boʻlardi. Ular vaqt ham, imkoniyat ham tanlamasdi, toʻgʻri bostirib kelaverardi. Yarim oqshom boʻlishiga qaramasdan, xuddi mehmon kutib oʻtirganday bir pasda dasturxon bezalardi. qand-qurs, piroshka-somsa deganday… Dasturxondagi taom va shirinliklarning yarmi “Made in Mom” edi. Aniqrogʻi, ishlamaydigan onangning “ishi” edi. Chunki oshpaz yollashga mening oyligim yetmasdi. Ukalaring bugun kiygan kiyimini maktabdan yirtib yoki kir-chir qilib kelardi. Afsuski, oʻshanda bizning shaxsiy tikuvchimiz ham, kir yuvish mashinamiz ham yoʻq edi. “Ishlamaydigan” onang kiyimlarni tikib, yuvib, ertalabgacha quritib, dazmollab farzandlariga kiydirib, maktabga joʻnatardi. Sababi, ukangning ikkita koʻylagi yoʻq edi. Bor-yoʻgʻi bitta boʻlardi, uyam akasining eskisi. “Ishlamaydigan” onang darsdan keyin toʻrtta farzandining har biri bilan individual dars qilardi. Koʻzining nurini toʻkib, sizlarga ertaklar oʻqib berardi, qayta-qayta mashqlar bajartirardi. Ana shularning hosilasi oʻlaroq, hammalaring oʻqib, kasb-hunarli boʻldinglar.

Ha, bugun ignaga ip oʻtkazolmay qolgan onangning koʻz nurlari sizlarning bolaligingiz qat-qatlariga sochilib ketgan. “Xudo bergan” degan soʻzlarimning maʼnisiga endi tushungandirsan. Xudo menga boylik bermadi, Xudo menga sen aytgan “ishlamaydigan” onangni berdi! Va onangga qoʻshib hamma narsani inʼom etdi menga Allohim!

Qator-qator farzandlar berdi! Ularning har biriga yarasha aql-idrok berdi. El-yurt oʻrtasida obroʻ-eʼtibor berdi, birovdan kam qilmadi... Topganimga baraka berdi! Qator-qator toʻylar qildim, birin-ketin mashinalar mindim. Birovning qoʻliga qarab qolmadim. Onang bilan shaharma-shahar, ijarama-ijara yurgan kunlarim evaziga Allohim qoʻsha-qoʻsha uylar berdi.

Hammasiga sekin-sekin, sabr-qanoat bilan erishdik, ammo birovning haqiga xiyonat qilmadik, kimsani ranjitmadik, yolgʻon gapirmadik, Xudodan qoʻrqdik. Men nimaiki martabaga erishgan boʻlsam uning toʻqson foizida qariyb bir umr “uy bekasi” tamgʻasi ostida yashagan Onangning xizmatlari bor!

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Ishlamaydigan” ayol