09:47 / 30.01.2019
7 371

Siz bilmaysiz...

Siz bilmaysiz...
“Shoyadki yoqtirmagan narsangiz siz uchun yaxshi boʻlsa. Va shoyadki yoqtirgan narsangiz siz uchun yomon boʻlsa. Alloh biladi, siz bilmaysiz”
(“Baqara” surasi, 216-oyat).


Mahallamizda tili achchiq bir ayol boʻlardi. (Alloh tirikligidagi gunohlarini avf etib, rahmatiga mastahgʻiq qilgan boʻlsin!) Bir mahalladoshimiz bilan tortishganida “Xudo bermasa, urib olasanmi?!” deya malomat qilgan edi. U kezlari bola edik. Bunday gaplarning maʼnisini anglamasdik, tabiiyki. Ammo kattalarning attang bilan lab tishlaganini koʻrib, yanga qattiq gapirganini chamalagandik bola aqli bilan. Bugun har lahzasi imtihon dunyoda yashayotganimizni anglab borar ekanman, oʻsha yanganing achchiq ammo mulohaza qilganda maʼnisi boshingga gurzidek tegadigan iborasini tez-tez eslayman:

“Xudo bermasa, urib olasanmi?!”
Bandamiz. Mashaqqatlarga dosh bermaslik, oson, osuda va halovatli hayot istaymiz. Istaymizu, bizning istagimiz emas, Allohning istagi biz uchun yaxshiligini tafakkur qilmaymiz. Zotan, Alloh bandasiga goʻdagini emizayotgan onadan koʻra mehribon va shafqatliroqdir.

Ularning uch oʻgʻli bor edi. Goʻzal, muhabbat toʻla turmushlari toʻkin va sokin kechayotgandi. Er-xotin bir-biriga yaqin sohada ishlar, ham oilada, ham ishda bir-birlariga hamfikr, hamaslak edilar. Ammo muhabbatli oilaviy turmush, toʻkin hayot, quchogʻini toʻldidargan uch alpomish oʻgʻil juftlikning baxtini butun qilmadi, goʻyo. Qiz farzand koʻrishi kerak ekan toʻla-toʻkis baxtiyor boʻlishi uchun. Negadir uchinchi farzandidan keyin homilador boʻlmadi. Boz ketma-ket farzand koʻrgani uchun kamqonlik yopishgan edi ayolga. Yoshi ham oʻttizdan oshgan edi.

— Oʻzingni urintirma,- dedi er. - Allohga shukr, uch polvon oʻgʻlimiz bor-ku! Xuddi farzandi yoʻq odamlarday qaygʻurib, iztirob chekib shifokoru tabiblarga yugurayotganingni qara. Xudoning qahri kelmasin, bu ishingga. Besh-oʻn yildan keyin oʻgʻillarimizni uylantiramiz, kelin keladi qiz boʻlib, inshaaAlloh. Qiz nevaralarimiz mehribonimiz, boʻynimizdagi marvaridimiz boʻladi...

— Yoʻq,- dedi ayol yigʻlamsirab. - Kelin qiz boʻlmaydi! Birovning bolasidan bola chiqarmidi? Oʻzimizga bersin!..

Uzoq davom etgan muolajalardan keyin ayol yukli boʻldi. “Homilangiz qiz” dedi shifokor ekrandagi tasvirga qarab. Er-xotin juda xursand edi. Shifokorning tashvishli yuzi, homilaning ahvoli haqidagi ogohlantirishi qulogʻi kirmadi ularning. Homiladorlik ogʻir kechdi. Oʻn kun uyida, yigirma kun kasalxonada yotish bilan oʻtdi farzand kutish davri. Yettinchi oyda muddatiga yetmay chaqaloq tugʻildi. Qizaloq. Ammo quvonchli boʻlmadi tugʻilishi. Ona tugʻruqdan keyin ancha payt oʻziga kelolmay yotdi. Chaqaloq yigʻlamay tugʻilgan edi. Buning ustiga kasalmand, nuqsonli...

Bugun u oʻn besh yoshda oʻsha qizaloq. Ammo... ota-ona olib bormagan shifokoru tabibi qolmadi. Hatto xorijlarga ham olib bordilar. Shifokorlar chorasiz bosh chayqaydi: “Tugʻma bu xastalik. Davolashning imkoni yoʻq. Qizingizning bosh miyasi rivojlanmay qolgan...” Oʻgʻlini uylantirishdi. Kelin keldi. Qaynota-qaynonaga mehribon, bemor qaynsingilga dugona. Allohning marhamati bilan toʻngʻich nevarasi qiz tugʻildi.

Ularning oʻziga yaxshi deb bilgani yomon, yomon sanagani yaxshi boʻlib chiqdi. Biroq buni anglash juda qimmatga tushdi...

Olti qizi bor edi. Oʻgʻil istadilar. “Olti qizingizni munosibiga qoʻshsangiz, olti oʻgʻilli boʻlasiz. Qizlaringizning oʻgʻil farzandlari uyingizni toʻldiradi” deganlar koʻzlariga dushman koʻrindi. Yettinchi farzandi — oʻgʻli dunyoga keldi. Chiroyli, polvon, yuzidan nur taraladigan goʻdak ulgʻaygani sari hammaning eʼtiboriga tushib boraverdi. Erkaladilar. Oʻgʻilning aytgani aytgan, degani degan boʻldi. Katta boʻlib na otaga va na onaga boʻysundi. Afsuski, beboshligi oqibatida ajal topdi. Farzand dogʻida kuygan ota-onaning dardiga olti kuyov va nabiralar malham boʻldilar.

Ularning oʻziga yaxshi deb bilgani yomon, yomon sanagani yaxshi boʻlib chiqdi. Biroq buni anglash juda qimmatga tushdi...

Hikmati Oʻziga ayon
Hayotda bu kabi misollarni juda koʻplab keltirish mumkin. Ammo bandalik xususiyatiga borib, noshukrlik qilamiz. Goʻyoki biz yaxshisiga munosibmizu, Alloh bizga ravo koʻrmayapti. Aslida turmush qurishga kechikayotganimiz, farzand koʻrmayotganimiz, faqat oʻgʻil yoxud faqat qiz farzandlarga ota-ona ekanimiz, yana nimalargadir erishmayotganimiz aslida biz uchun yaxshisidir. Zotan, har nening hikmati bor. Va bu hikmatni Hikmatli Zotning oʻzi, fursati kelganda ochiqlaydi. Bizning vazifamiz esa: “Har narsaning hikmati va xayrini bilguvchi Zot Oʻzingsan, men uchun yaxshisini taqdir qilgin va Sening rozilingga erishadigan amallarda sobit qilgin!” deya duo qilishdir.
Umida AZIZ

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Siz bilmaysiz...