00:44 / 31.01.2019
7 767

Zamonamiz ayollari – “Go‘zallik Sanoati” qurbonlari(mi?)

Zamonamiz ayollari – “Go‘zallik Sanoati” qurbonlari(mi?)
Ozodalik, orastalik, ko‘rkamlik har qanday ayolu qizning ziynati. Biroq yangi ming yillik ostonasida, ya’ni o‘tgan asrning ikkinchi yarmidan so‘ng dunyo xotin-qizlari o‘rtasida “sun’iy go‘zallik vasvasasi” degan xastalik paydo bo‘ldi va u tezlik bilan butun dunyoga tarqalib, qiz-juvonlarning ongiga chuqur o‘rnasha boshladi. Bugungi kunga kelib bu xastalik dunyoning eng chekka hududlaridagi qizu juvonlarni ham o‘z domiga tortib ulgurdi. Eng achinarlisi, “sun’iy go‘zallik vasvasasi”ni yuzaga keltirayotgan sanoat mezonlari bilan ayol go‘zalligiga baho berish aksariyat yigitlar va erkaklar ongiga ham chuqur o‘rnashmoqda.

Aslida Alloh taolo har bir bandasini, ayniqsa, ayol zotini go‘zal qilib yaratgan. Kimdir jozibali, kimdir juda istarali, latofatli, dilbar, zebo, qoshlari payvasta, ko‘zlari yulduzdek chaqnoq... Xullas har bir ayolning Alloh tarafidan ato etilgan o‘ziga xos tabiiy chiroyi, ko‘rkamligi bor. Biroq Allohning ato etganidan ko‘ngli to‘lmayotgan, bunga noshukrlik qilib, yuzi-qoshu ko‘zini o‘zgartirish uchun qayta-qayta kosmetik muolajalar, ukollar olishdan va hatto jarrohlik stoliga yotishdan-da o‘zlarini tiya olmayotgan qiz-juvonlar safi ortib bormoqda. Biroq ularning hech biri bu ishlar ayolni ikki dunyo halokati sari yetaklovchi omillardan biri ekanini o‘ylamayapti!

“Ko‘zgu, ko‘zgu ayt menga kim hammadan chiroyli?”
Behuda ishlarga havas kuchaygan zamon olimlari ham behuda tadqiqotlar bilan chalg‘ib yashar ekan. Avstraliyalik olimlar, xotin-qizlarning o‘z tashqi qiyofasiga munosabatini o‘rganishganida yer kurrasidagi ayollarning teng yarmi o‘z chiroyidan norozi ekanligi ma’lum bo‘lgan. 10 yoshgacha bo‘lgan qizaloqlarning 81 foizi o‘zlarini go‘zal deb hisoblasa, balog‘at yoshiga yetgan 57 foiz qizlar o‘zining tashqi qiyofasidan ko‘ngli to‘lmasligini e’tirof etishgan.

Ijtimoiy so‘rovnomalar natijasida dunyo ayollarning 40 foizi yuz-ko‘zini, 24 foizi ko‘krak qismini o‘zgartirish, 36 foizi qornidagi ortiqcha yog‘larni ketkazish uchun jarrohlik operatsiyalariga rozi ekanini bildirishgan. Tirnoq ustiga tirnoq, kiprik ustiga kiprik o‘rnatishlarni-ku aytmasa ham bo‘ladi. Dunyo ayollarining deyarli 70 foizi tatuaj orqali qoshi va labini ham o‘zgartirib ulgurdi. Afsuski, ularning orasida musulmon ota, muslima onalarning qizlari ham bor... Plastik jarrohlik stoliga yotish, o‘z qiyofasini o‘zgartirish uchun million-million dollar pullarini hamda Alloh tarafidan bebaho ne’mat sifatida ato etilgan umrining eng aziz daqiqalarini havoga sovurayotganlarning 80 foizi ham afsuski ayollardir.

Salomat bo‘lish uchun emas, qaysi yo‘l bilan bo‘lsa-da ozish uchun (!) turli parhezlar, mashg‘ulotlar o‘ylab topildi. Uzluksiz och yurish, noto‘g‘ri parhez, ortiqcha jismoniy yuklamalar oqibatida salomatligida tiklab bo‘lmas muammolar yuzaga kelgan, nogiron bo‘lib qolayotganlar, noto‘g‘ri plastik jarrohligi muolajalari sabab qiyofasi qo‘rqinchli tusga kirayotganlar soni yildan yilga ortib borayotgan bo‘lsa-da, bu halokatlar ayollarni “sun’iy go‘zallikka intilish vasvasasi”dan xalos etolmayapti.

Sotsiologlarning yana bir tadqiqotiga ko‘ra 6 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan qizaloqlar har kuni 7 daqiqa vaqtini, 10-15 yoshdagilar esa kuniga yarim soatni, 15-20 yoshdagi qizlar har kuni kam deganda 30-40 daqiqani ko‘zgu oldida o‘tkazishar ekan. 20 yoshdan keyin esa qiz-juvonlar kuniga bir soat o‘zlarini ko‘zguga solisharmish.

Biroq 60 yoshdan keyin bu holat asta kamayib borar ekan. Sog‘lom fikrli keksa ayollar kuniga 10 daqiqa oynaga qarashi mumkin, biroq qarishdan qo‘rqib, turli go‘zallik muolajalariga ruju qo‘yganlar 60 yoshdan keyin ham har kuni bir soat oynaga termilishdan tiyila olmaydi.

Agar hisoblab ko‘rilsa, bir ayol o‘rtacha hayoti davomida 7 ming soat vaqtini, ya’ni umrining 10 oyini oynaga termilib (!)o‘tkazar ekan.

Professional pardozchilar, sartaroshlarga murojaat qilganlar esa har bir muolaja uchun bir soatdan uch soatgacha vaqt sarflaydi. To‘y-tantanalarga qilinadigan pardozlar kamida 3-5 soat vaqtni olishi endilikda hammaga ma’lum.

“Go‘zallik salonlari”da sochni turmaklatish, kestirish, bo‘yatish, oyoq-qo‘l tirnoqlariga, qoshu kipriklar va yuzga oro berish muolajalariga sarflanadigan vaqtlar qo‘shilsa, “bir-ikki soat chiroyli bo‘lish uchun” ayollar va qizlar umrining qanchasini havoga sovurayotgani oydinlashadi.

“Go‘zallik poygasi”da g‘oliblar bo‘lmaydi
Natijada asl vazifasi – onalik va tarbiyachilikdan chalg‘ib, faqat o‘ziga mahliyo bo‘layotganlar, zamondoshlari, tengqurlari bilan “go‘zallik poygasi”ga umrini baxsh etayotganlar soni ortmoqda.

“Homilador bo‘lish, farzandni dunyoga keltirish va emizib voyaga yetkazish ayollar qomatini buzadi”, degan aqida allaqachon milionlab xotin-qizlar ongiga singdirib yuborilgan. Natijada rivojlangan mamlakatlarda aksariyat ayollar ona bo‘lishdan bosh tortmoqda. Farzandni dunyoga keltirayotganlar esa unga e’tibor va mehr berish, g‘amxo‘rlik qilish o‘rniga o‘z qomati va qiyofasi haqida qayg‘urmoqda. Yuz-ko‘zlarini pardozlash, qosh chizdirish, tatuj, labini shishiriuvchi ukollar qabul qilish kabi muqaddas dinimizda ta’qiqlangan amallarga ruju qo‘yayotganlar afsuski, hamyurtlarimiz orasida ham tez-tez uchramoqda.

“Go‘zallik salon”larida bugun navbat kutayotgan juvonlarning aksariyati yosh onalar ekani, ayrimlari hatto bolasini uyda yolg‘iz qoldirib chiqayotgani ham sir emas. Bunday ayollarga tanbeh bersangiz, “Nima endi bolamni deb o‘zimga qarmasligim kerakmi”, deb o‘zlarini oqlashga urinishadi.

Afsuski, bu “go‘zallik poygasi”da g‘oliblar bo‘lmaydi. Chunki bu poyga ayolning eng ulug‘ maqomi onalikka putur yetkazadi.

– Ayol orasta bo‘lishi, har doim pokiza kiyinishi, ayniqsa boalalik bo‘lganidan keyin ozodalikka qattiq e’tibor berishi kerak, – deydi ikki kelinning qaynonasi Anorxon Nishonova.

– Biroq har xil pardoz bo‘yoqlarni yuziga chaplab, yuvilmagan qo‘li bilan bolani ovqatlantirish, pardozli yuzini bolaning yuziga, lablariga yaqinlashtirib uni erkalash menimcha, mutlaqo noto‘g‘ri. Ayol ona bo‘ldimi, endi u eng avvalo farzandi kamolini, unga dinu diyonatdan saboq berishni o‘ylashi kerak.

Aslida “sun’iy go‘zallik” targ‘iboti zamirida xotin-qizlarni pardoz vositalari va muolajalari texnologiyalariga qiziqtirish, turli reklamalar va targ‘ibot usullari orqali “go‘zallik vasvasasi” xastaligini avj oldirish va “go‘zallik sanoatini” yanada rivojlantirib, mo‘may pul topish maqsadi yotganini anglab yetayotganlar ham ko‘pchilikni tashkil etmoqda.

Ayol o‘zining asl vazifasi – onalik, soliha ayollik va Allohga ibodat qilish ekanini anglagan kunidan boshlab, ko‘nglidagi har qanday havoyi intilishni bir me’yorda ushlab turish qudratiga ham ega. Bu qudrat ham unga Alloh taolo tarafidan ato etilgan buyuk ne’matdir. Ayollar ana shu qudratga tayansagina go‘zalligini asragan holda o‘zini ham oilasini ham farzandlarini ham chiroyli kelajak sari yetaklab bora oladi.
Hamroxon MUSURMONOVA

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Zamonamiz ayollari – “Go‘zallik Sanoati” qurbonlari(mi?)