07:57 / 31.01.2019
5 971

Bermaganning ikki yuzi qora...mi?

Bermaganning ikki yuzi qora...mi?
Bekatda manzilimga eltadigan avtobusni kutayotgandim. Ko‘rinishi parishonroq, nimadandir xavotirda ekani yuz-ko‘zidan ko‘rinib turgan, avzoidan avtobus kutish uchun emas, boradigan joyi bo‘lmagani uchun bekatda o‘tirgan 45- 50 yoshlar chamasidagi erkakning telefondagi muloqoti beixtiyor qulog‘imga chalindi:

— ... Aka, kasalxonada davolanayotgan onamdan xabar olgani shaharga kelgandim. Shifokorga uchradim, aytgan dori-darmonlarini olib berdim, xarajatlarim ko‘payib ketdi. Yonimda pulim ozroq edi, oldingizga o‘tsam yo‘l kiraga pul berib tursangiz, keyingi hafta onamni ko‘rgani kelganimda pulingizni qaytarardim. Shunga qo‘ng‘iroq qilayotgandim...

Yuragim bir qalqib ketdi. “Ishqilib, qo‘ng‘iroq qilgan odami quruq qaytarmasin-da!” degan o‘y miyamdan ham, tilimdan nari ketmasdi. Yer ostidan zimdan notanish erkakni kuzatdim. Birdan shashti so‘ndi.

— Yo‘q, aka, tushunaman, hechqisi yo‘q, xijolat bo‘lmang. Hozir hammada shu ahvol-ku. Bir amallab ketarman...

Demak, go‘shakning naryog‘idagi odam bir olam bahonayi sabablarni ro‘kach qilib, rad javobi bilan muztar tanishini xijolatga qoldirdi. Yuragimga ming botmonlik tosh osilganday cho‘kib qoldim. O‘zimda bo‘lsa, shu odam qanday tushunishidan qat’iy nazar bor pulimni qo‘liga tutqazgan bo‘lardim. Axir, Alloh har kuni ham savob olish, osongina xayrli amalga erishish imkoniyatin oyoq ostidan chiqarib qo‘ymaydi-ku! Garchi yo‘l kiradan oshiqcha pulim yo‘qligini bilsam-da, allanechuk ilinj bilan katmonimga qo‘l cho‘zdim. Qayda deysiz?! Avtobus va metroda yurish uchun jeton va ichida arzimagan 10- 15 ming so‘m puli bor plastik kartochkadan boshqa narsa yo‘q. Yashirmayman, shu topda o‘zimni yomon ko‘rib ketdim! “Sumkamga oshiqcha ellik-yuz ming solib qo‘ysam bo‘lmaydimi?! Bir taxlam pulning og‘irligi bormi?” deya o‘zimdan yozg‘irib ikki-uch daqiqa mobaynida o‘zimni yeb ado qildim. Bu orada avtobusim keldi, ulovga chiqyapmanu e’tiborim bekatdagi notanish kishida. U yana kimgadir ilhaqlik bilan qo‘ng‘iroq qilayotgandi...

Xayolingizdan ilk kechgani: “Biror firibgardir, muttaham, yolg‘onchilik, yulg‘ichlikni kasb qilgan tovlamachidir? Ehtiyojmandga o‘xshab ko‘ringan har qanday odamga shafqat nazari bilan qarayveradimi?” degan o‘y bo‘lsa, ajablanmayman. Balki haqdirsiz, rostdan ham men haddan ortiq ko‘ngilchanlik nazari bilan qaragandirman. Balki rostdan ham bekatda men uchratgan odam firibgardir, yupun ust-boshi, muztar qiyofasi “o‘ynayotgan rol”ini tabiiy chiqarish uchundir, bunisiga bir narsa deyomayman. Aytarsiz: “Hozir soxta “ehtiyojmand”lar ko‘payib ketgan, mehnat qilmay pul topishga ishtiyoqmandlik zo‘rligidan, odamlarning rahmini keltirib pulini shilish uchun o‘zlarini har turli kuyga soladilar”...

E’tiroz bildirmayman. Bilaman, afsuski, oramizda firibgarlardan aziyat chekkan, chekayotganlar yo‘q emas. Qarz olib qorasini ko‘rsatmaydiganlar, qarz bergan odamiga to‘qnash kelib qolmasligi uchun yurar yo‘lini o‘zgartirganlar, undan olib bunga, bundan olib unga beradiganlar, qarz hisobiga mashina haydayotganlar, hashamatli uylarda yashayotganlar ham yetarlicha bor. Ammo... bu hisobga hammani qo‘shish insofdanmi? Yuzsizlar, “betimning qalini- jonimning huzuri” deguvchilar ko‘p emas, lekin ularning balchig‘i ko‘pga sachraydi. Va ular yolg‘ondan ishlatgan jumlalarni rostdan, chin dildan ishlatganlarga ham mutahhamlarga qaragan nigoh bilan qaarymiz. Oxir-oqibat... ham bir ko‘ngilga ozor beramiz va ham savobdan bebahra qolamiz...

Ammo bekatda uchratganim, tanishiga qo‘ng‘iroq qilib yo‘l kiraga pul so‘ragan erkak firibgar emasdi. Negaki, qarz so‘rayotganida o‘zim istamasam-da g‘ayrishuuriy holatda unga qaragandim. Oyoqlari qaltirab, tizzalari bukilib, xijolatlik va andishadan yuzi qizargan, ovozi titroq edi. Demak u avvalo o‘zi tushgan holatdan xijolat chekyapti, qolaversa, qarz so‘rayverib o‘rganmagani uchun o‘zini favqulodda gunoh ish ustida qo‘lga tushgan aybdordek his qilyapti. “Hozir hammada ham shu ahvol...” Mulzam bo‘lgani ovoz ohangidan yaqqol sezilib turgandi. Haddan ziyod muhokamaga berilib, g‘ashingizga tegmay muddaoga o‘tib qo‘ya qolay. Kaminani mulohazaga toldirgani bekatdagi kishining chindan ham muhtoj yoki firibgarligini aniqlash emas, savob o‘z oyog‘i bilan oldimizga kelganida biz undan yuz burishimiz xususidagi og‘riqlar edi.

Qarz so‘rab kelganni quruq qaytarmaslikning savobi sadaqadan ham ustunligi haqida ko‘p eshitganmiz. Ba’zan bunday fikrlarni o‘zimiz ham atrofimizdagilarga eslatib turamiz. Biroq amalga kelganda...

— Yuzinga sarg‘ayib qarz so‘ragan odamning hojatini ravo qilib, muhtojlikdan qutqarganga Alloh kutilmagan joydan madad yuborishini o‘zimda ko‘p sinaganman, - deydi tanish ayol. – Ayniqsa, o‘tgan yili bo‘lgan bir voqea hech qachon yodimdan chiqmaydi. Oilamizni oylikdan tashqari hech qanday daromadimiz yo‘q. Ko‘pincha, oylik beradigan paytgacha ro‘zg‘orda yetishmoqchilikka uchraymiz. Shunday kunlarning birida xo‘jayin cho‘ntaklaridagi qolgan-qutgan pulni menga tutqazib, hech bo‘lmasa bir haftalik yegulikka yetadigan bozorlik qilib kelishimni aytdilar. Erim kechgacha ishda qolib ketganlari uchun aksariyat hollarda ro‘zg‘orga zarur narsalarni o‘zim olaman. O‘sha kuni ishdan keyin bozorga tushib, xo‘jayin bergan pulga bozorlik qilmoqchi bo‘lib turgandim. Bir hamkasabamiz bolasi to‘satdan og‘rib qolganini, qaynonasi qo‘ng‘iroq qilib dorixonadan shifokor aytgan dorilarni olib borishini aytganini, yonida ortiqcha puli yo‘qligini aytib, qayg‘urib qoldi. Garchi u mendan pul so‘ramagan bo‘lsa-da, yonimda pulim bo‘la turib, bolasi kasal bo‘lib qolgan hamkasbimga yordam bermaslikni lozim topmadim. Qanday qilib hama pulimni unga qarzga berib yuborganimni bilmay qolibman. Jamoadosh ayolning ko‘zlari chaqnab ketdi. Qayta-qayta minnatdorchilik bildirib, dorixonaga chopib ketdi. To‘g‘ri, “endi oylikkacha bolalarga nima beraman?” degan fikr miyamdan bir o‘tdiyu, “Alloh bor, bir rizq bo‘lsa O‘zi yetkazar” deb qo‘yaverdim. Kechki payt “ishqilib, erim qilgan ishimni to‘g‘ri tushunsin-da” deb istihola bilan uyga borsam, xo‘jayin xushchaqchaq oshxona tomondan chiqib keldilar. Fartugimni taqib olibdilar. “Onasi, meni tabrikla, ishxonamizdan uch-to‘rt mutaxassis xorijiy kompaniyalarning birida e’lon qilingan tanlovda mening ishi mg‘olib deb topilibdi. Endi malaka oshirish uchun ma’lum muddat o‘sha kompaniyada ishlab, ish o‘rganaman. Hamma xarajatlar o‘zidan ekan. Shu munosabat bilan ishxonamdan menga mukofot puli berishdi” deb suyunchiladilar. O‘zlari osh damlayotgan ekanlar. Ko‘z yoshimni to‘xtatolmadim. Muhtoj odamga qarz bergan odamni Alloh muhtojlikda qoldirmasligiga yana bir marta ishonch hosil qildim o‘shanda...

Rivoyat
Bir kishi zarurat tufayli katta qarzga botdi. O‘ylay-o‘ylay, uyini sotishga qaror qildi. Musulmon odobi bo‘yicha uyini birinchi bo‘lib qo‘shnisiga taklif etdi. Bu gapdan hayron qolgan qo‘shni:
– Nega sotyapsiz? – deb so‘radi undan.
– Katta qarzim bor, shuni to‘lashim kerak, – dedi u.
– Qancha narx belgiladingiz? – deb so‘radi qo‘shnisi.
Odam uyning asl bahosi ancha baland ekanini, lekin qadrdon qo‘shnisiga arzonga berishini, qarziga yetadigan pul kifoyaligini aytdi.
– Qarzingiz qancha? Kimdan olgansiz? – deb so‘radi qo‘shnisi.
U bu savollarga kerakli javoblarni berdi.
– Mayli, ertaga chiqing, gaplashamiz, – dedi qo‘shnisi.
Odam kelishilgan vaqtda yana qo‘shnisining eshigini qoqdi. Salom-alikdan so‘ng qo‘shni asosiy gapga o‘tdi:
– Men kecha borib, siz aytgan odamga qarzingizni to‘lab keldim. Endi undan qutuldingiz. Hech qayerga ketmang. O‘z uyingizda bemalol yashayvering.
– Iye, bu nima qilganingiz? – dedi xijolat tortib u. – Axir qarzim hazilakam pul emas edi. Katta zarar-ku bu sizga!
Qo‘shni bu gapga shunday javob berdi:
– Men buni zarar hisoblamayman. Agar sizday halol, yaxshi qo‘shnimdan ayrilganimda chinakamiga zarar ko‘rgan bo‘lardim…
***
Bir inson xayrli amallarda bardavom kishilardan biri haqida gapira turib: “Falonchiboy aka, baraka topsin, savobning tagida qolganlardan. Qayerdandir besh farzandi bilan ijarada sarson yurgan beva ayol haqida eshitib qolibdilar. Mahalla-kuy, masjid imomi bilan birga borib ayol va bolalariga 3 xonali uy olib berishibdi. Ayol beva ekan, odamlar ham, o‘zi ham nojoiz xayollarga bormasin deb “Aslida, pulini qaytarmasangiz ham men Alloh yo‘lida roziman. Agar buni ehson sifatida ko‘rishni xohlamasangiz, bolalaringiz ulg‘ayib, mehnat qilib, pul topadigan bo‘lganidan keyin o‘zlari qaytarishar” degan ekanlar. Ular ko‘pchilikka bunday ishlarni qilganlar. Shuning uchunmi, davlatlariga osmondan baraka yog‘ilganday hech kamaymaydi. Har turli joylardan hojatlari ravo bo‘ladi. Bu haqida o‘zlari bilan gaplashganimda, “Men faqat ehtiyojmand, zarurat sezgan odamlargagina qarz beraman. Aksariyat hollarda undaylar qarz so‘ramaydi, holatini birovga bildirgisi kelmaydi. Qolaversa, bundan ma’naviy-ruhiy manfaat olaman. Qachondir o‘sha pulim menga qaytadi, lekin u ikki dunyoga tatigulik duo, ehtirom va rozilik yetaklab keladi” degandilar. Ularga juda havasim keladi. Qaniydi, hammamiz ham ularga o‘xshaganimizda edi...”

Do‘stimiz savob amallarini gapirib bergan insonga bizning-da havasimiz keldi. Va astoydil Yaratgandan bunday insonlarning ko‘payishini va bizni ham shunday savoblarni bajarishga qodir qilishini so‘radik...

Intiho o‘rnida
Savob, yaxshilik qilish uchun imkoniyat izlab yurishning hech hojati yo‘q. Faqat bizda xohish va atrofdagilarga ishonch bo‘lsa bo‘ldi. Avvalo, qulfi dilimiz ochiq bo‘lsin. Odam ajratishni bilaylik. Qolaversa, ko‘ngli toza, yaxshi insonlarga Alloh yaxshilarni yo‘liqtiradi. Agar, yomonlarga uchragan bo‘lsangiz, savob olaman deb aldanib qolgan bo‘lsangiz, bilingki, siz aldanmagansiz. Faqat niyatingiz va amalingiz ajrini bandasi emas, Yaratganning o‘zi to‘laydi. Siz esa xayrli niyat va go‘zal amallarda bardavom bo‘lavering...
Umida ADIZOVA

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bermaganning ikki yuzi qora...mi?