14:57 / 01.02.2019
6 305

Grippning oldini olishda nimalar yordam beradi?

Grippning oldini olishda nimalar yordam beradi?
Gripp eng keng va tez tarqaladigan o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, deyarli dunyoning barcha mamlakatlarida uchraydi. Bu kasallik uchun mavsumiylik xos bo‘lib, asosan kuz va qish oylarida ko‘p holatda ro‘yxatga olinadi. Gripp kasalligi ko‘rsatkichlarini mavsumiy ko‘tarilishi yilning noyabr - mart oylariga to‘g‘ri keladi. Gripp virusining A, V va S turlari mavjud.

Kasallik manbai faqat bemor odam hisoblanadi. Kasallik atrofdagi sog‘lom odamlarga asosan havo-tomchi yo‘li bilan bemor aksirganda, yo‘talganda, gaplashganda tez yuqadi. Havoda saqlanib turgan gripp virusi sog‘lom odamga tezda yuqadi. Kasallikning birinchi belgilari paydo bo‘lgunga qadar bir necha soatdan 3 kungacha vaqt o‘tadi. Kasallik to‘satdan, o‘tkir boshlanadi.

Gripp kasalligiga barcha yoshdagilar moyil, ayniqsa zaif (nimjon, ya’ni immun holati past) bolalar, keksa yoshdagi kishilar, homilador ayollar hamda surunkali xastaliklari bo‘lganlarda, ya’ni immuniteti past kishilarda tez rivojlanadi va og‘ir kechadi.

Gripp nafas yo‘llarining yallig‘lanishi bilan boshlanib, keyinchalik bemorda tana harorati 38-40 darajaga ko‘tarilishi, bosh va tomoq og‘rishi, burun bitishi, burundan suyuqlik ajralishi, yo‘tal, mushaklarda og‘riq, holsizlik, ishtahani buzilishi ba’zi hollarda qusish holatlari kuzatiladi. Kasallik bemorlarda yengil, o‘rta va og‘ir shakllarda kechadi. Kasallikning eng xavfli asoratlari o‘pka to‘qimalarini yallig‘lanishi pnevmoniya (zotiljam), meningit (miya pardasining yallig‘lanishi), meningoensefalit (miya pardasini va moddasining yallig‘lanishi), otit (o‘rta quloqning yallig‘lanishi, sinusit (burun yondosh bo‘shliklarning yallig‘lanishi), nefrit, piyelonefrit (buyrakning yallig‘lanishi).

Shuning uchun ham xalq orasida grippning o‘zi emas, balki uning asoratlari yomon degan fikr bejiz aytilmagan. Ba’zida, ya’ni grippning yengil shakllari bilan og‘rigan bemorlar atrofdagilar uchun ko‘proq xavf tug‘diradi, chunki bunday bemorlar aksariyat hollarda uyida davolanmasdan, kasalligiga yetarli darajada e’tibor bermay, oyoqda o‘tkazadilar. Ularni kasal holatida jamoat joylarda, barcha transportlarda, o‘qish va ish joylarda uchratish mumkin.

Grippni oldini olishda quyidagilarni tavsiya etamiz:
- grippga qarshi emlanish;
- mavsumga xos kiyinish;
- o‘z vaqtida ovqatlanish va dam olish;
- xonalarni vaqti-vaqti bilan shamollatib turish va kunda namli tozalov ishlarini o‘tkazish;
- ishlab chiqarish korxonalari, davolash profilaktika va o‘quv muassasalari, bolalar va qariyalar uylari, tashkilot va idoralarda hamda turar joy binolarida issiqlik rejimiga rioya qilish barcha xonalarning issiqlik harorati 22 darajadan past bo‘lmasligi;
- kasallikni erta aniqlash maqsadida maktabgacha muassasalar, maktablarda kirish joylarida ertalabki filtrni tashkil etishni va ertalabki filtrlar o‘tkazilishiga e’tibor qaratilishini;
- gripp va o‘tkir respirator kasalliklariga xos bo‘lgan simptomlar aniqlangan shaxslarni jamoaga qo‘ymaslikni;
- gripp va o‘tkir respirator kasalliklariga gumon qilingan bolalarni izolyatorga joylashtirish xamda ota-onasiga va hududiy poliklinikaga xabar berishni;
- ertalabki filtr ishini amalga oshiradigan gripp va o‘tkir respirator kasalliklarga gumon qilinib izolyatorga yotqizilgan bemorlarni parvarish qiladigan xodimlarni respirator (niqoblar) bilan ta’minlanishi;
- o‘quv-tarbiya muassasalarida tanaffus paytida shamollatish rejimini tashkil qilishni;
- maktabgacha tarbiya muassasalarida xar kuni bolalarni kamida 2 marotaba toza havoga sayrga chiqarishni;
- barcha o‘quv-tarbiya muassasalarida sanitariya-targ‘ibot ishlarini olib borish;
- uyushgan jamoalarda konsert zallari kinoteatr, o‘quv va ish joylarda kuniga vaqti bilan 3-4 marotaba shamollatib turish, xonalarda dezinfeksiya moddalarini qo‘llangan holda namli tozalov ishlarini olib borish.

O‘zingiz va atrofdagilar sog‘lom bo‘lishini xohlasangiz, gripp va o‘tkir respirator kasalliklariga gumon qilinsa, darhol shifokorga murojaat qiling va doimo quyidagilarga amal qiling:
- gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiya (O‘RVI) bilan og‘rigan barcha bemorlar isitma davrida albatta yotishi va shifokorni uyiga chaqirishni;
- kasallikni oyoqda o‘tkazmaslikni;
- shifokor maslahatlari va tavsiyalari asosida ish tutishni;
- agar bemor uy sharoitida davolansa, unga alohida xona, idish, sochiq, o‘rin-ko‘rpa ajratilib, kam harakat qilishni;
- bemorga qarayotganlar burun va og‘izlarini respirator yoki dokali niqob bilan to‘sishlari va qo‘llarini tez-tez sovunlab yuvib turishlarini;
- bemor yotgan xonani tez-tez shamollatib, namli tozalov ishlarini amalga oshirishni;
- bemorlar ko‘proq suyuqlik — quruq mevalar qaynatmasi, meva sharbatlarini ichirish hamda oson hazm bo‘ladigan oqsil va vitaminlarga boy taomlarni iste’mol qilinishi tavsiya etiladi;
- kasallangan davrda jamoat joylariga (ishxonaga, o‘qishga, kinoteatrlarga, konsert zallariga, yig‘ilishlarga, mehmonga) bormaslikni;
- yo‘talganda va aksirganda og‘iz-burnini ro‘molcha bilan yopishni;
- o‘zboshimchalik bilan davolanish kasallikning og‘ir asoratlarga olib kelishini unutmaslikni.

Kasallikni oldini olishda tanani chiniqtirish, badantarbiya bilan muntazam shug‘ullanish, ochiq havoda yurish, o‘z vaqtida ovqatlanish alohida ahamiyatga ega. Ko‘proq sovuq kunlarda issiq kiyinish, albatta bosh kiyim kiyish, oyoqlarni issiq bo‘lishi muhimdir. Kasallik avj olgan paytda (dekabr, yanvar, fevral) oylarida nafaqat epidemik jihatdan muhim bo‘lgan korxonalar va tashkilotlar ishchi-xizmatchilariga, balki barcha fuqarolarga niqob taqish tavsiya etiladi.

Kasallik qanday bo‘lishidan qat’i nazar, inson salomatligi va turmush farovonligiga jiddiy putur yetkazadi. Shu bois, sog‘ligimizga bo‘lgan mas’uliyatni chuqur his qilgan holda, mavsumiy kasalliklardan ehtiyot bo‘laylik. Unutmang, kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal.
Botir Qurbonov,
Respublika Davlat Sanitariya-epidemiologiya
nazorati markazi bosh vrach o‘rinbosari

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Grippning oldini olishda nimalar yordam beradi?