21:40 / 02.02.2019
5 446

Tushkunlikmi yo noshukrlikmi?

Tushkunlikmi yo noshukrlikmi?
— Uy yig‘ishtirishim kerak, kirlarni yuvishim kerak, deraza oynalarini tozalashim kerak... - Singlimning ovoz ohangida norozilik, shikoyat sezilardi.- Men avvalgi holatimga hech o‘xshamayman, opajon. Bir paytlar qanday ayol edim, uyimdan izlab ham g‘ubor topolmasdi kishi. Bir shirin ovqatlar qilardim. Hatto kechqurun soat sakkiz yo to‘qqizda ishdan kelsam ham bolalarimga somsami, manti-chuchvarami qilib berishdan erinmasdim. Sochiq-dasturxonlarni har kuni yuvardim. Bolalarimning kir kiyimlari hech to‘planib turmasdi. Hamma yog‘i saranjom –sarishta kayvoni ayol edim. Hozirgi ahvolim-chi?
Erim “kiyishga ko‘ylagim qolmabdi, vannada hammasi kir bo‘lib to‘planib yotibdi, yuvib qo‘ysang-chi!” deb malomat qilmagunicha kir yuvishga tutinmayman. Pishiradigan ovqatlarim ham naridan beri, bolalar och qolmasligi uchun yengilroq taomlarga aylangan. Haftalab uy yig‘ishtirmayman. Hech narsaga hafsala yo‘q. Ba’zan yarim kunlab uxlayman. Uyqu ham qayerda deysiz, ko‘zimni yumib, boshimni ko‘tarolmay yotaman. Ertalab ilojsiz ishga boraman. Kechqurun yana ivirsib yotgan uyga kelaman. Tabiiyki, bunday holatda o‘zimning ham, erimning ham kayfiyatim bo‘lmaydi. Bizga qarab bolalar ham mung‘ayib o‘tirishadi...

— Nega? Nima sababdan bunchalik parishonlik?..- Singlim qat’iy tikilgan ko‘zlarimdan nigohlarini olib qochadi:
— Shunchaki, hafsalam yo‘q... Biror yumushga qo‘l urgim kelmaydi. O‘rnimdan qo‘zg‘almay faqat ko‘zimni yumib yotaversam...

— Sababsiz holat bo‘lmaydi. Lekin sendagi bu holat noshukrlik... - Singlimning bu holati menga notanish emas. O‘zim ham tez-tez shunday holatlarga tushaman. Lekin gap tushkunlik, hafsalasizlik tufayli danagasa va uquvsiz bo‘lib qolishidan ekan, bunga ayol kishining haqi yo‘q deya o‘ylayman. Istaymizmi-yo‘qmi biz ayollar oilaning bekasi, hamma ishni yo‘naltirib turuvchimiz. Biz hafsalasizlik qilib ro‘zg‘orni o‘z holiga tashlab qo‘ysak, turmush o‘rtog‘imizning ham kayfiyati shunga yarasha bo‘ladi. Bolalarning ham quvonchi kesiladi. O‘zlarini siqiq, bo‘g‘iq muhitda his qiladilar. Bunday kayfiyat uydan fayz-baraka arishiga ham o‘zimiz sababchimiz. Hatto erkakning uydan sovub, begona ko‘chalarga bo‘ylab qolishiga ham sabab bo‘ladi bu holat. Singlimga quruq nasihat kor qilmasligini bilaman. Zero o‘zim ham bir paytlari shunday holatlarni boshdan kechirayotganimda nasihat qilganlar ko‘zimga yaxshi ko‘rinmagan. Singlimga o‘zim guvohi bo‘lgan holatni gapirib berish bilan saboq berishni ma’qul ko‘rdim.

— Bir ayolni taniyman. U menga yaxshilikda ibrat bo‘lgan. Ayolning o‘n nafar farzandi bor. Qirq yoshida ko‘krak saratoniga uchradi. Shifokorlar jarrohlik amaliyotidan so‘ng ayol darddan birmuncha forig‘ bo‘lishini ta’kidlab, ko‘kraklarini olib tashladilar. Kutilmaganda operatsiyadan so‘ng dard qaytalanib, ayolning hayoti xavf ostida qoldi. Bolalari hali yosh, kattalari qiz bo‘lib, to‘rt qizi uzatilgan edi. Ayolning eri rizq-nasiba istab xorijda ishlardi. Xotinining dardi og‘irlashgani va doktorlarning aytishicha umrining oxirgi kunlarini yashayotganini eshitib zudlik bilan yurtga qaytdi.
Er-xotin bir-birlarini kuchli muhabbat bilan sevadilar. Eri dugonamni hech qanday tibbiy muolajalarsiz faqat hijoma, asal va qora sedana bilan davolashga ko‘ndirdi. Azobli va mashaqqatli muolaja ikki yil davom etdi. Dugonamning ahvoli kundan kunga yaxshilanib va so‘ngida butkul darddan forig‘ bo‘ldi. U xastalik bilan olishib yotgan paytlarida xabar olgani, ko‘ngil so‘ragani oldiga tez-tez borib turardim. Bilasanmi, singiljon, bedavo dard iskanjasidagi ayol hech qachon noshukrlik qilmas, nolimas, shikoyat qilmas va tushkunlikka tushmas edi. Balki uning yashashga bo‘lgan umidi, ishonchi erining muolajasiga sabab bo‘lib xastalikdan poklangandir? Axir, ishonch kuchi mo‘’jizalar yaratuvchi kuch-ku! Qolaversa, Alloh bandasining gumonidadir.
O‘sha dugonam o‘zi qiyin ahvolda bo‘lsa ham, mablag‘dan qiynalayotgan, moddiy yordamga o‘zi ehtiyojmand bo‘lsa ham xayr-sadaqani kanda qilmasdi. Qaydadir miskin, bechora ahvol borligini eshitsa albatta uni yo‘qlar, kam-ko‘stiga yarash uchun imkoni darajasida muruvvat qo‘lini cho‘zadi. Balki singan ko‘ngillarga umid bag‘ishlagani uchun Alloh uning mushkulini O‘zi oson qilgandir? Ana, senga ibrat, ana saboq. O‘zing o‘yla va xulosaga kel. Sen nima uchun tushkunsan? Nima uchun hafsalasizlik domiga cho‘kib ketyapsan? Boshingda ering bo‘lsa, ishlasa, pul topsa, o‘zing ishlasang, muhtoj bo‘lmasang, o‘g‘il-qizing bo‘lsa, farzandlaring, er-xotin o‘zinglar shukr sog‘ –salomat yurgan bo‘lsalaring, yana bundan ortiq nima kerak senga? Nimadan ko‘ngling xotirjam emas? Nimadan behalovatsan?..

— Opajon... Meni uyaltirdingiz...
— Birovdan qarz emassan, tiling qisiq emas. Alloh haddan ortiq boylik berib qo‘ymabdi, shukr qil, ertaga har bir chaqa uchun hisob beramanmi, deb tushkunlikka tushsang. Birovga muhtoj emassan, kimningdir osh-ovqatiga kuning qolmagan. Tansiqmi yovg‘onmi, dasturxoningdagi ne’mat o‘zingniki, mehnat qilib topganing. Yana nima kerak senga? Tushkunman, hafsalam yo‘q deb o‘z-o‘zingni qiynab, bolalaringni mahzun qilishing ham gunoh-ku. Bir kuni javobi bor bu turishingni ham. Esing borida o‘zingni qo‘lga ol. Insonlarga yaxshilikda ibrat bo‘l...

Singlim gaplarimni eshitarkan sekin ko‘zgu qarshisiga keldi. O‘ziga zimdan qarab, menga jilmaydi:
— Shunaqa tarbiyaviy soatlardan ko‘proq o‘ting, opajon...
Kavsar NUR

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Tushkunlikmi yo noshukrlikmi?