12:27 / 03.02.2019
7 989

Kalit nega eshikni ochmayapti?

Kalit nega eshikni ochmayapti?
Bu voqea 1979 yilda yuz bergandi. O‘n to‘rt yoshlarda edim. Onam ko‘chada kalitni yo‘qotib uyga kelibdilar. Kalitning bir nusxasi otamda edi. Otam bozorda savdogarlik qilardilar. Men bir yugurishda bozorga borib otamdan kalit nusxasini olib, kalit yasovchi usta aqlli amakiga olib borib nusxa yasattirib uyga chopishim kerak edi. Nega “Aqlli amaki” deysizmi? Hoji Ismoil Taqirbosh amakimizning qo‘lidan hamma ish kelar, faqat kalit yasovchi usta emasdi.

Mahalimizning rahbari edi. Qayerda biror kam-ko‘st bo‘lsa, qandaydir maslahat kerak bo‘lsa: “Aqllini chaqiring!” deyishardi. Insonlar undan har doim maslahat, biror ish boshlashdan avval fikr olardi. Hoji Ismoil Taqirbosh Kichikbo‘ljek mahallasida yashardi.

Kalit yasattirishga ketdim. Aqlli amaki:
— Nega buncha shoshilasan, nima bo‘ldi?- dedilar.
— Onamga olib borishim kerak kalitni. Eshik oldida turibdilar,- dedim.
— Bo‘ldi, o‘g‘lim, o‘tir,- dedi.- Shoshilmay yasaymiz.

U kezlari texnika yo‘q edi. Hozirgi paytda texnika yordamida besh daqiqada kalit tayyor bo‘ladi. Tayyorlanadigan yangi kalit bilan asl kalitni yonma- yon qo‘yib, kalit uchini ohista yo‘ndi. Men shoshilayotgandim.

— Bo‘ldi, aqlli amaki, bering kalitni, bir-biriga o‘xshaydi, bir rusumdagi kalit ekan, onam kutib qoldilar,- dedim.

— O‘g‘lim, bir pas indamay tur, hali tayyor bo‘lmadi. Bir andozali bo‘lsa-da, kalitning kalitdan farqi bo‘ladi. Bir tishi kam bo‘lsa yana orqanga chopib kelasan. Ikki marta vaqt yo‘qotasan, charchaysan,- dedi amaki.

Men “Uf-puf” qilaverdim, bola edim-da! Qo‘limga tutqazdi va qo‘shib qo‘ydi:
— Ma, olib bor, birozdan keyin yana kelasan.

Men kalit yasaldi, deb oldimu uyga qarab yugurdim. Kalit bir xil ediyu aqlli amaki yasagan kalit eshikni ochmadi.

— Tavba, ayni bir xil kalit nega eshikni ochmaydi?!- Onamning jahli chiqdi. Men eshikni otamning kaliti bilan ochdim, ular ichkariga kirishdi. Ammo yangi kalit eshikni ochmadi. Yana bozorga borishim, kalitni to‘g‘rilatib uyga kelib onamga tashlab ketishim kerak edi. Ana, mening shoshqaloqligim oqibati!

Yugurgilab aqlli amakining oldiga bordim.
— Kalitingiz eshikni ochmadi...
— Xo‘sh, men senga nima degan edim? Shoshilma, sekin-asta buning hamma tishlarini bir-biriga uyqash qilib yo‘naman, dedimmi? – Jahl qilmay, tabassum bilan menga tushuntirdi aqlli amaki. Bir ish qildi, birgina egov urdi, xolos. Shugina xolos! Men shuncha yo‘lni uning birgina egov urishi uchun bosib keldimmi?

— Kalitni olib bor, ko‘r-chi, eshikni ochadimi? Keyin albatta yonimga kelgin, sen bilan birga choy ichamiz,- dedi. Uyga bordim. Kalit eshikni ochdi, qulfga tushdi. Yana aqlli amakining do‘koniga keldim.

U menga mana shu go‘zal iboralarni aytdi:
— Menga qara, Faxri, odam bolasi bo‘ldi deydi, shoshadi, lekin aslida bo‘lmaydi. O‘sha birgina “tiq”, bir egov urishi uni kalit holiga keltirdi. Unutma, o‘g‘lim, sen ham kelajakda ulg‘ayasan, ota bo‘lasan, oila boshqarasan. Ro‘zg‘or o‘tkazasan. Zinhor esingdan chiqarma, bir egov ekanda, deb kechib ketma. Bir tishi bo‘lmasa kalit eshikni ochmaydi! Oila ham shunday. Birgina tish nimani hal qilardi, deb qarasang kalit eshikda qolib sinadi. Ba’zan bu holat qulfni qo‘porib tashlab, yangisiga almashtirishga ham majbur qiladi odamni. Agar kelajakda shunday holatlarga tushsang, o‘zingni qo‘lga ol, har bir ishning hikmatini o‘yla, bundan menga nima chiqadi, degan savol doim oldingda bo‘lsin. Zinhor kalitni teskariga solma. Bir xil ko‘rinishli kalit bo‘lsa-da, boshqasiga to‘g‘ri kelmadi. Demak, o‘zimda qandaydir nuqson bor, men uni egovlab to‘g‘rilayin, degin, o‘g‘lim...

Bu gaplarni menga aqlli amaki o‘n to‘rt yoshimda gapirib bergandi. Quloqlarimda qolgan, tabiiyki. Shundan beri biz bilan bog‘liq qandaydir muammo bo‘lsa, bir xatolik, biror qusur o‘zimizdan o‘tdi, deymiz.

Shunaqa paytda ahli ayolimizning oldiga borib:
— Meni isloh eta olasanmi? Xatoimni ayta olasanmi? Zotan, insonning o‘z nuqsoniyu aybi o‘ziga ko‘rinmaydi,-deymiz. Bu — baxtli va muhabbatli turmushimizning davomiyligi kafolatidir...
Faxri SARROF o‘g‘li
Umida ADIZOVA tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Kalit nega eshikni ochmayapti?