Soliha ayolining iltijosi tufayli hidoyat topgan olim

  • 04 fevral 2019, 10:09
  • 2 381
  • Hayot tarzi
  • Soliha ayolining iltijosi tufayli hidoyat topgan olim
    Kunlarning birida tun yarmidan oshib qolgan paytda ishdan uyga qaytdim. Bu vaqt haqida Nabiy sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida: “Robbingiz dunyo osmoniga tushib, duo qiluvchilar bormi, duolarini qabul qilsam”, deb aytilgan.

    Uyga kirib dam olish xonasidan ayolimni topa olmadim. Boshqa xonalarni qarab chiqdim. Shu payt qulog‘imga avvallari eshitmaganim – juda ham go‘zal tilovat eshitildi. O‘sha tomonga qarab yurdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, uyning qorong‘u bir chetida ayolim ikki qo‘lini ko‘targan holatda duolar qilar edi. Yaqin borib, quloq soldim.

    Yo Alloh! U o‘zidan oldin meni duo qilar, O‘zining hojatlaridan oldin mening hojatlarimni so‘rardi. Unga bir muddat tabassum bilan termilib, so‘ngra yig‘lab yubordim. Ayolimning ko‘z yosh to‘kib, ixlos bilan mening haqqimga qilayotgan duolari ichki hissiyotlarim va qalbimda o‘tgan alamli damlarimni hamda Robbimning toatida bee’tibor bo‘lib, unga osiylik qilgan soatlarimni eslatdi. Ayolim ko‘zda yosh bilan meni hidoyatga boshlashini Alloh taolodan qayta-qayta so‘rardi. Uning oh urib qilayotgan duo-iltijolari muzlab qolgan qalbimning tub-tubigacha yetib borgan, ichimdan nimadir otilib chiqmoqchi bo‘layotgandek edi go‘yo. O‘z holatimga achinib ketdim. Alloh rahm qilsin mening holimga. Shuncha kunlarni osiylik ila o‘tkazib, qalbim bir zum bo‘lsada Allohning zikri ila orom olmaganini ich-ichimdan his qildim. Ko‘zlarimdan oqayotgan yoshlarni artdim, ikki qo‘limni duoga ochib, Robbim meni hidoyatga boshla deb qalban iltijo qildim.

    Beixtiyor o‘zimni sarhisob qila boshladim. Mana necha oydirki, uyimni saranjom-sarishta tutadigan, kunduzi istagan narsamni muhayyo qiladigan, tunda uyda yolg‘iz tashlab ketib, fisqu fujur ishlarim bilan allamahalda uyga qaytganimda joynamoz ustida Allohdan meni hidoyat qilishni so‘raydigan soliha ayolim borligini unutgan ekanman.

    Qalbimda o‘zgacha his seza boshladim. Go‘yo qalbim ikki narsa orasida tinmay kurashayotgan edi. Biri avval qilib yurgan gunoh ishlarimga chorlov bo‘lsa, ikkinchisi hozirgina Allohning muhabbati ila topgan halovatim edi. Ikki tizzamni quchib o‘tirarkanman, ko‘zlarimdan yosh quyila boshladi. Go‘yo qalbimdagi bor fisqu fasodlar ko‘z yoshlarim orqali to‘kilib tushayotgandek edi. Ayolimga nazar tashlab, qalbimga ozor bermaslik uchun buncha dard alamlarni sezdirmay sabr qilib, bor g‘am-g‘ussalarini tunda Allohning o‘ziga arz qilishi so‘qir ko‘zlarimni ochdi. Uyga kelganimda ochiq chehra bilan kutib oladigan, xonadonimni baxt-saodatga to‘ldiradigan, ishga ham tabbassum bilan kuzatib, eshikni yopishi bilan joynamoz ustida qalbidagi ohu-nolalari ila Allohdan meni hidoyatga boshlashini iltijo qilib so‘raydigan soliha ayolim ekan.

    Hozirgina topganim – qalbim halovatidan huzurlanib turganimda nogahon muazzinning “Namozga shoshiling! Najotga shoshiling!” degan nidosi quloqlarim ostida jarangladi. Hech bir ikkilanishsiz o‘rnimdan turib tahorat olib, masjidga otlandim. Shu kuni bomdod namozini o‘zgacha tuyg‘u, zavq-shavq bilan ado etdim-ki, hatto hayotimda birinchi marotaba namoz o‘qiyotgandek his qildim o‘zimni. Go‘yo tong otib, u bilan yangi bir ruh, yangi bir nafs paydo bo‘lgandek edi.

    Allohga shukrlar bo‘lsin! Ayolimning ta’nayu tanbehlari bilan emas, balki soliha ayollarga xos amaliy harakati ila qilgan ishlarimga pushaymon bo‘lib, tavba qilib, Robbimga yuzlandim. Ayolimga nisbatan mehr-muhabbatim avvalgiga nisbatan juda ham yuksak darajaga ko‘tarildi.

    Oradan ancha yillar o‘tib, ushbu soliha ayol erini ilm-ma’rifatga tinmay undashi natijasida uning jufti haloli Madinadagi eng katta olimlardan biriga aylandi. Olimdan hidoyatga kelishlariga nima sabab bo‘lgani so‘ralsa, faxr bilan: “Mening hidoyatga kelishimga soliha ayolim sababchi bo‘lgan”, deb aytar edi.
    Doktor Hasan Poshoning “Er va xotin ikkisining qulog‘iga aytiladigan nasihatlar” kitobidan.
    Abdushkur Murodov tarjimasi

    Manba: Azon.uz

    » » Soliha ayolining iltijosi tufayli hidoyat topgan olim