Ona ifori...

  • 06 fevral 2019, 14:06
  • 2 182
  • Hayot tarzi
  • Ona ifori...
    Onasining ter hidi aralash tutun isi kelib turgan kiyimlari qizining jahlini chiqardi. Balki homilador bo‘lgani uchun yoqmayotgandir bu hid... “Hech kirni toza yuvmaydi-da!” ichida kelinini yozg‘irdi. Darrov kiyimlaringizni yuvib beray demadi. Onasi yosh boladek bo‘lib qolgan. Sal narsaga xafa bo‘ladi. Ertasi kuni ertalab ataylab bir-ikkita kir olib chiqdi.

    - Keling, ona. Kiyimlaringizni yuvib beraman.
    Ona kulimsirab, kiyimlarini yechib berdi. Axir, shaharlik bo‘lib ketgan qizining nozikta’bligini biladi-da.

    Qiz kiyimlarni hushbo‘y kukunlarga solib yuvdi. Yaxshilab chaydi.
    “Ana, bu boshqa gap, endi”- deb qo‘ydi o‘zicha.
    Onasi bir hafta turib qishloqqa qaytdi.

    Bir oy o‘tib xabar keldi; onasi yurak hurujidan vafot etibdi. Ayol yig‘lagancha, onasinikiga yo‘l oldi. Barcha ma’rakalar o‘tgach, uyga qaytdi. Yuragi bo‘m-bo‘sh, egasi tashlab ketgan hovliga o‘xshab qoldi. Bolalari-yueri bir tomon, onasining o‘zi bir dunyo ekan. Oradan qancha vaqt o‘tsa ham onasini sog‘inaverdi. O‘sha tutun hidi aralash ter isi kelib turgan ko‘ylak uyida qolgan ekan. Uni ko‘rib qolganda, tillo topgan tentakdek quvonib ketdi. Uning holatini onasini yo‘qotganlar, tipratikon ignasidek minglab sog‘inch ignalari yuragiga azob berganlar, endi onasini hech qachon ko‘rmaslik, sochlarini silamaslik, hidlariga to‘ymaslik hissini yurak-yuragidan tuyganlar tushunardi. Onasi yonida yurganlar emas.

    U ko‘ylakni bag‘riga bosdi. O‘pkasini to‘ldirib hidladi. Biroq dimog‘iga onasining ifori emas, qaysidir gullarni eslatuvchi sun’iy hid urildi. Ayol ko‘ylakni bag‘riga bosgancha yig‘lab yubordi. Chunki bolaligidan onasining tutun hidi aralash ifori unga juda yoqardi...
    Saida IBODINOVA

    Manba: Azon.uz

    » » Ona ifori...