“Bibi seshanba” va “Mushkulkushod” Islomda bormi?

  • 09 fevral 2019, 15:26
  • 6 343
  • Hayot tarzi
  • “Bibi seshanba” va “Mushkulkushod” Islomda bormi?
    So‘nggi vaqtlarda ayollar orasida “Bibi Seshanba”, “Mushkulkushod” kabi marosimlarni tez-tez o‘tkazish odat tusiga kirgan. Ba’zan ushbu marosimlarda istasak-istamasak qatnashishga ham to‘g‘ri kelib qolyapti. Yaqinda bir suhbatdoshim: “Onam uyda mushkul kushod qilaman, deyapti. Bu marosimni o‘tkazish shariatimizda yo‘qligini tushuntirmoqchi bo‘lyapmanu, ular meni eshitishni ham xohlamayaptilar, qandaydir adabiyotlarni menga asos qilib ko‘rsatishga harakat qilyaptilar”, deb qoldi. Uning aytishicha, bu marosim uchun qo‘ni-qo‘shnilar, qarindoshlar uyga chaqirilib, dasturxon yozilar, is chiqarish uchun deb turli taomlar, masalan, chalpak, bo‘g‘irsoq, holvalar pishirilar va ularga Qur’on tilovat qilinarkan. Marosim so‘ngida esa har bir kelganlarga dasturxondan yegan narsalaridan qolganlarini tuguncha qilib berilarkan...

    Xo‘sh, suhbatdoshimning onasi aytganidek, ushbu marosimlar haqida adabiyotlar mavjudmi? “Bibi seshanba” o‘zi kim? Marosimlarda qilinayotgan amallar shariatimizda joizmi?

    “Bibi seshanba” kim?
    Turli marosimlar uchun asos bo‘layotgan adabiyotlardan biri “Qissai Bibi Seshanba” haqidagi kitobdir.Undagi qissaga ko‘ra, bir yetim qiz o‘gay ona qo‘lida xorlik tortar ekan. Onasi har kuni qizning qo‘liga paxta berib, “Paxtani yigirib, sigirni o‘tlatib kel!” der ekan. Ip yigirmay kelgan kun o‘gay ona qizga ko‘p azob-uqubatlar berar ekan. Bir kuni qiz sigirini olib, paxtani yigirish uchun ketayotganda sigir qochib bir g‘orga kirib ketadi. Qiz ham sigirini ketidan g‘orga kirgan edi, u yerda bir ayolga ko‘zi tushadi. Qiz salom berib kiradi. Bibi salomiga alik olib, ahvolini so‘raydi. Qiz ma’yuslik bilan ahvolini gapirib beradi. Shunda Bibi “Men seni duo qilaman, mushkullaring yengillashadi, sen esa meni yo‘qlab turgin” deb tayinlaydi. Qiz tez-tez kelib yo‘qlab turadi. Kunlardan bir u qiz yashaydigan shahar kattalaridan birining to‘yiga bormoqchi bo‘lganda Bibi jannatga qo‘l uzatib jannatdan kiyim-kechaklar olib beribdi. Qiz to‘yda o‘gay onasini ko‘rib qolib, u yerdan chiqqanda kavushi tushib qoladi, kavushini topib olgan to‘y xonadoni o‘g‘li kimga bu kavush to‘g‘ri kelsa, unga uylanishini aytadi. Xullas kovush qizga to‘g‘ri keladi va qizga uylanadi. Bibi qizga vasiyat qilib: “Mehnating rohatga, mashaqqating davlatga aylandi, Meni haqqimga taom qilib, bu qissani bayon qilib tur deb tayinlaydi.

    Ushbu qissa mashhur “Zumrad va Qimmat” yoki “Zolushka” ertaklarini eslatadi. “Qissai Bibi Seshanba” shu ertaklar asosida to‘qib chiqarilgan bo‘lishi mumkin.

    “Mushkulkushod” mushkullarni oson qiladimi?
    “Bibi mushkulkushod”, ya’ni mushkullarni kushoyish qiluvchi ayol haqidagi qissada keltirilishicha, o‘tin yig‘ib yurgan chol o‘rog‘ini qidirib, Bibi Mushkulkushod yashaydigan g‘orga kirib boradi. Shunda Bibi Mushkulkushod cholga unga atab har chorshanba kuni ziyofat o‘tkazsa, o‘rog‘i topilishini va bundanda ko‘proq o‘tin yig‘ishi mumkinligini aytadi. Chol bu talabni bajaradi va ishi yurishib ketadi. Chol ehtiyotsizlik qilib bir safar chorshanbani o‘tkazib yuboradi va yana og‘ir ahvolga tushib qoladi. Xatosini tuzatgach, yana ishi yaxshilanib ketadi.

    Bibi Mushkulkushod qissasidagi Bibi - Bahouddin Naqshbandning xolalari deb keltirilgan.

    Tarixiy manbalarda nima deyiladi?
    Bir necha tarixiy manbalarda qayd etilishicha, “Bibi seshanba” kelib chiqish mohiyatiga ko‘ra, ma’buda ramzi bo‘lib, uning ildizi O‘rta Osiyo va O‘rta Sharqda Islom dini kelguniga qadar keng yoyilgan ma’buda Anaxita (Nohid)ga borib taqaladi. Anaxita dehqonchilik va chorvachilik, hosildorlik va pishiqchilik ma’budasi hisoblanib, go‘yo uning qudratiga inson va hayvonlar, qushlar va barcha jonivorlar ham bo‘ysungan, deb hisoblanar edi. Shu tariqau “Bibi mushkul kushod”, ya’ni kishini har qanday mushkuldan xalos etuvchi Ona obraziga aylangan.

    Boshqa bir manbada keltirishicha, marosim ko‘pgina turk xalqlari orasida keng tarqalgan. Turkiston hududlarida Bibi Seshanba, Turkiyada Payshanba qari (Peyshenbe-karы) yoki Parshamba pari, Eronda Bibi-hur va Bibi Nur, Afg‘onistonda Bibi Risinda, Bibi Charxi, uyg‘urlarda esa Seshamba Bibi deb atalgan.

    Mamlakatimizning turli hududlarida Bibi Seshanba (Seshanba ona) marosimi seshanba kunlari otinoyi boshchiligida o‘tkaziladi. O‘zbek va tojik xalqlarida Bibi Seshanba oilaviy baxt, tikuvchi va yigiruvchi ayollar homiysi ramzidir. Odatga ko‘ra, marosim turmushga chiqmagan qizi bor xonadonlarda ayollar tomonidan o‘tkazilgan. Bunda albatta umoch oshi (xamir ovqat), 7 ta chalpak (yog‘da pishiriladigan yupqa non), 7 ta obi non, suyuq va quyuq taomlar pishirilgan. Shuningdek, 2 ta shamdan ham foydalanilgan.

    Marosimga qadar xonadonning to‘rt burchagiga likopchaga un solib qo‘yilgan. Ba’zi hududlarda xamir rayhon solingan suvdan tayyorlangan. Bu birinchidan, rayhon jannat o‘simligi deb hisoblangani bilan, ikkinchidan, taomga xushbo‘y hid berishi bilan bog‘langan.

    Marosimning asosiy ramzlaridan biri supra hisoblangan. Suprada un elash bilan bog‘liq turli odatlar bajarilgan. Bunday marosimlarda xonadon erkaklari ishtirok etmaydi. Ishtirok etuvchi ayollar soni chegaralanmagan. Otinoyga oq ro‘molcha, shirinliklar, pul sovg‘a qilingan.

    Mushkulkushod – bid’at!
    Fotima Habibulloh qizi, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i:
    — Mamlakatimizning ko‘pgina viloyatlarida yashovchi aholi orasida “Mushkulkushod” va “Bibi Seshanba” marosimlari saqlanib qolgan. Bu marosimlar bid’at marosimlardan bo‘lib, ayollarning xurofiy tasavvurlaridan kelib chiqqan odatlardir.

    Marosimlar asosan, ayollar orasida mushkulni oson qilish maqsadida, ish yurishmay qolsa, qiz yoki yigitga tengi topilmay qolganda, homilador ayollarning eson-omon qutilib olishlari uchun yetti chorshanba mushkul kushod o‘qitiladi. “Mushkulkushod” o‘qitishda bu marosimni qiluvchi ayol (ya’ni mushkulini oson qiluvchi ayol) non, mayiz, qand, choy va boshqa narsalarga dam urib beradi. Dam solingan choyni damlaganda qaytarib bo‘lmaydi, dami ketadi, deb ham noto‘g‘ri e’tiqod qilinadi.

    Bunday bid’at va xurofotlarni el orasida tarqatishda folbinlar ham yetakchilik qilishadi. “Mushkullaringizni bartaraf qilish uchun, albatta mushkulkushod qildirib yuboring”, degan quruq safsata bilan boshiga mushkul ish tushgan mijozlariga tavsiya beradi.

    “Mushkulkushod” so‘zi “qiyinchiliklarni ochuvchi”, “muammolarni bartaraf etuvchi” ma’nosini anglatadi. Omma xotin-qizlar tasavvurida Mushkulkushod odamlar mushkulini oson qiluvchi, muammolarini bartaraf etuvchi, baxt, omad va boylik keltiruvchi avliyo xotindir.

    “Mushkulkushod” marosimi haligacha o‘zbek xalqi orasida saqlanib kelmoqda va bu “islomiy marosim” degan nomda nishonlanadi. Aslida uning Islom bilan hech qanday aloqasi yo‘q.

    Ba’zi sodda ayollar mushkulkushod marosimida Qur’on o‘qiladi, hadis aytiladi, deb o‘zlariga tasalli bermasinlar. Sababi,bu nomiga qilinadigan ishlar. Aslida marosimning asosini ruhlardan madad so‘rash, folbinlik qilish, tumorlarga dam solish, issiq-sovuq qilish kabi mardud amallar tashkil qiladi.

    Alloh insonlarga bergan eng buyuk ne’matlar ichida bu aqldir. Har qanday holatda ham biron bir ishni qilishdan oldin tafakkur qilinsa, foydadan holi emas. Qo‘limizga tushgan har qanday kitoblarni ko‘r-ko‘rona o‘qib ketaverish emas, balki kitob mazmun mohiyatini chuqur anglab, uqish lozim. Alloh taolo iroda etgan ishni dunyoda hech bir kuch O‘zining iznisiz bartaraf etolmaydi.

    “Bibi seshanba”, “Bibi Mushkulkushod” kabi bid’atlar shariatda yo‘q marosimlar bo‘lib, bular shirk amallardan ekanligini anglab yetishimiz kerak. Tabiiyki, har bir inson sinovga uchraganda, uni bartaraf etish yo‘llarini axtara boshlaydi. Inson boshiga og‘ir musibat, mushkul ish tushganda bularning barchasi Alloh taoloning qazoyi-qadaridan, O‘zining irodasidan deb bilib, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan kelgan hadisi shariflar asosida, Qur’oni Karim oyatlaridan o‘qib, salovotlar aytib, Alloh taolodan mushkulini oson qilishni so‘ramog‘i lozim.
    Munisa ALIYeVA

    Manba: Azon.uz

    » » “Bibi seshanba” va “Mushkulkushod” Islomda bormi?