Bir kuni afsus qilmay, desangiz...

  • 09 fevral 2019, 20:16
  • 3 296
  • Hayot tarzi
  • Bir kuni afsus qilmay, desangiz...
    Otam uzoq yo‘lga qatnaydigan katta yuk mashinalarini haydaydigan haydovchi edi. O‘n besh- yigirma kunda bir uni ko‘rardik. Oramizda allanechuk uzoqlik, sovuq munosabat bor edi. Bolaligimda otam bilan o‘tkazgan paytlarim bo‘lganini hech eslolmayman. Otamning quchog‘ida o‘tirib tushgan suratim ham yo‘q, hattoki. O‘ttiz yillik umrimda otamdan yaxshi bir so‘z eshitmagan bo‘lsam-da, biz bolalarining hech birimizga yomon gapirmagan ham.

    Kecha soat yettilarda ishdan kelsam, qaynonam ham biznikida ekan. Bezovta ko‘rindi. Holbuki o‘tgan kuni qaynonam mehmonga kelgandilar, xotirjam chaqchaqlashib qaytgandilar. Hayronligimni sezdirmaslikka urinib salom-alik qildim. Erim ichkariga xonaga imladi.

    - Otang yurak xurujiga yo‘liqibdi. Yaxshiyam vaqtida bilib qolishibdi. Kasalxonada, qat’iy rejimda yotibdi. Ammo ahvoli ancha yaxshi.

    Nima o‘ylayotganimni, nimani his qilayotganimni bilmay talmovsirab qoldim. Ota bizning oilamiz uchun uncha ahamiyatsiz tushuncha edi. Ehtiyojimizni onamga aytardik. Hamma muammolarimizni hal qiladigan onam edi. Shu sababdan ham hayotimda ota degan so‘zni ishlatgan paytlarim juda kam bo‘ldi.

    Erim bilan kasalxonaga ketyapmiz.
    - Qat’iy rejimda yotgani uchun yoniga biror odam kiritilmaydi. Otangizning hol-ahvolini faqat shifokorlardan so‘raysiz,-dedi bir hamshira. Doktorni kuta boshladik. Kutish asnosida xayolimdan har turli fikrlar o‘tardi. Boshqa paytlari hech xayolga kelmaydmgan narsalarni o‘ylarkansiz bunday holatda. Men ham hozir oxirgi marta qachon otamni quchoqladim, deya o‘ylardim. Qachon oxirgi marta otamga mehr bilan tikilgandim? Shu yoshimgacha otamni bir hayitda bag‘rimga bosgandim, bir martagina. Yuragim g‘ashlanadi. Chap ko‘ksimda achchiq og‘riq sezdim. O‘ttiz yoshda otasiz qolish mumkinligi haqiqatdan ham odamni g‘amga botirar ekan, buni birinchi marta his etayotgandim.

    Onam bilan gaplashdim. Menga xabar bermagani uchun jahl qildim.
    - Otang “qizlarga xabar bermanglar” degandi... - dedi onam ham chorasiz alpozda. Ajabo, otam bizni shunchalik qattiq yaxshi ko‘rarmidi? Shu paytgacha otamni bag‘rimga bosmaganim, unga mehrli ko‘zlarim bilan qaramaganim uchun qattiq pushaymon bo‘ldim.

    Balki otam ham buni o‘ylab pushaymon bo‘lgandir qancha?..

    Orangizda qanchalik masofa bo‘lsa bo‘lishidan qat’iy nazar, ota-onangiz, jigarlaringiz huzuriga boring va ularni bag‘ringizga mahkam bosing. Zotan, bu ishni qilmaganingiz, qilolmaganingizning pushaymonligi bir kuni yuragingizni tilmasin. Agar ota-onangiz hayot bo‘lsalar, hoziroq borib ularni quching va yonoqlaridan mehr bilan o‘pib qo‘ying. Hech kim bilmaydi, balki bu ishni qilishingiz uchun ertaga juda kech bo‘lar...
    Kavsar NUR

    Manba: Azon.uz

    » » Bir kuni afsus qilmay, desangiz...