00:23 / 15.02.2019
8 176

Munajjimlar bashorati: 15 fevral kuni Sizga yulduzlar nimalarni va’da qilmoqda?

Munajjimlar bashorati: 15 fevral kuni Sizga yulduzlar nimalarni va’da qilmoqda?
QO‘Y (21. 03 — 20. 04)
Bugun ishda ham, shaxsiy hayotda ham ko‘p bora jiddiy to‘siqlarga duch kelishingiz mumkin. Shuning uchun ertalabdan ruhan tayyor turishingiz kerak. Taqdirdan nolimang, o‘zingizni koyimang, dunyoga, hayotga real ko‘z bilan boqing, shuning o‘zi yetarli. Siz albatta to‘siqlarni mardona yengib o‘tib g‘alaba nashidasini surasiz. Hamkasblaringiz ham sizga yaqindan yordam ko‘rsatib yuborishi ehtimoldan xoli emas. Oilasizlar muhabbatda bo‘lg‘usi jufti bilan munosabatlarda yuzaga keladigan ba’zi noqulayliklarni yo‘q qilishga urinib ko‘rsinlar.

BUZOQ (21. 04 — 21. 05)
15 fevralda yaqin o‘tmishni esga olish, o‘sha paytlarda yo‘l qo‘ygan xatolarni yodga olish shart emas. Bu sizga ishda ham, yashashda ham faqat xalal beradi. Kechqurun kim bilandir qandaydir yoqimsiz suhbat kutib turadi. Qarindoshlardan kimdir sizdan hadeganda nuqson qidirib, tanqid ostiga olish payiga tushishi mumkin. Xotirjam bo‘ling, sukut yordamida bunday noqulay vaziyatlardan chiqib ketishga harakat qiling. Kechqurun toza havo sayrini unutmang.

EGIZAKLAR (22. 05 — 21. 06)
Ishingizda kutilmagan sovg‘a kutib turibdi. Aniqrog‘i, ertalab ko‘nglingiz g‘ashlangan ko‘yi ishga kelasiz. Qandaydir ko‘ngilsizlikni kutib o‘rtanasiz. Aslida esa sizni faqat yaxshiliklar, xush lahzalar qarshi oladi. Hayotga optimist nazari bilan boqishingiz nafaqat o‘zingiz yomon ko‘radiganlar, balki ayrim qo‘shnilar bilan sodir bo‘lishi mumkin hisoblangan janjallarga ham barham beradi. Kechqurun oila a’zolaringiz davrasida dam olishingiz, xavotirlardan nari bo‘lishingiz tavsiya qilinadi.

QISQIChBAQA (22. 06 — 23. 07)
15 fevral kuni professional kasbingiz bilan bog‘liq muammolarni hal etishda ko‘maklashuvchilar bilan yanada iliq munosabatlar yuritasiz, qalinlashasiz. Ularning yordamida tajribangizga tajriba, bilimingizga bilim qo‘shila boradi. Angina yo gripp bilan daf’atan xastalanib qolmaslik uchun salomatligingizni kun davomida nazoratda ushlang. Aqliy mehnat kishisi bo‘lsangiz, kompyuter qarshisida kamroq o‘tirib, ko‘proq piyoda yurishga e’tibor qarating.

ARSLON (24. 07 — 23. 08)
Bugun oilasizlarning kuni romantikaga boy bo‘ladi. Olqishlarning barchasi faqat sizga ataladi. Hamkasblar iste’dodingizga, tashabbuskorligingizga tasannolar aytadi. Qarindoshlar kutilmagan sovg‘alar hadya etishadi, qo‘shnilar sizga mayin jilmayish orqali o‘z hurmatini izhor etadi. Ammo moliyaviy muammolardan qochib qutula olmaysiz. Ularni hech kimning ko‘magisiz mustaqil bartaraf etishingizga to‘g‘ri keladi.

PARIZOD (24. 08 — 23. 09)
15 fevralda erta tongdanoq ishchan kayfiyatda bo‘lasiz va faqat omad sari talpina boshlaysiz. Biroq sal tezlikni kamaytirmasangiz bo‘lmaydi. Chunki haddan tashqari intilishni kuchaytirsangiz, yo‘q joydan muammolar chiqib kelishi hech gap emas. Ayniqsa masalaning moliyaviy jihatidan hushyor bo‘ling. Kechqurun oilangizda kichik bayram tashkil etilishi kutiladi. Bu ham kayfiyatingizni chog‘lashi tayin. Bardam bo‘ling! O‘zingizni asrang!

TAROZI (24. 09 — 23. 10)
Uyqudan uyg‘onishingiz bilan vujudingizda tog‘ni ursangiz tolqon qila oladigan darajadagi kuch va g‘ayratni his etasiz. Oilasizlarga ham bugun muhabbatda omad kulib boqadi. Kun davomida albatta romantik uchrashuvni boshdan kechirasiz. Bugun olis safarga chiqishdan voz keching. Safar sizga muvaffaqiyatsizlik olib keladi. Juda bo‘lmaganda, yo‘llarda qoidani buzib jarimaga tortilishingiz ehtimoli bor.

ChAYON (24. 10 — 22. 11)
15 fevral kuni bor bo‘yingiz bilan ishga sho‘ng‘ishingiz tavsiya etiladi. Bu zerikishga, dangasalikka, tushkunlikka qarshi eng yaxshi doridir. Biling, iblis yetagiga tushib dangasalikka zo‘r berarkansiz, na pul, na olqish, na hurmat-izzatga ega chiqasiz. Barchasidan quruq qolasiz. Sababi, shaxsiy hayotda ham, ishda ham muammolar qalashib yotibdi. Ularni ijobiy hal etish uchun esa tezlik, kuch, imkoniyat zarur. Ular sizda bisyor. Faqat unumli foydalana olsangiz bas.

O‘QOTAR (23. 11 — 21. 12)
Ayrimlarning qalbini erta tongda to‘satdan hasad, rashk egallab olishi mumkin. Shunday bo‘lib chiqsa, atrofdagilarga nisbatan qalbingizda faqat nafrat hissini tuya boshlasangiz, ko‘chaga chiqmaganingiz ma’qul. To o‘zingizni bosib, ruhan xotirjam tortmaguningizcha uyda o‘tiring. Safarga ham chiqmang. Xotirjam tortishingiz uchun esa sevimli xobbingiz bilan band bo‘lishingiz yoki shirin xayollarga berilishingiz kerak bo‘ladi. Salomatligingizga ham alohida e’tibor bilan yondashing.

TOG‘ EChKISI (22. 12 — 20. 01)
15 fevralda ishlaringiz unumli kechadi. Yuqori cho‘qqilarni zabt etishda jismoniy zo‘riqishga uchramaysiz. Shunday kayfiyatda moliyaviy muvaffaqiyatlarni ham qo‘lga kiritasiz. Faqat ehtiyot bo‘ling. Aynan moliyaviy muammolarni bartaraf etishingiz davomida ayrim kimsalar sizni chuv tushirishga harakat qilib ko‘rishi mumkin. Kechqurun juftingiz bilan jiddiy suhbatni boshdan kechirasiz. Suhbat kayfiyatingizga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

QOVG‘A (21. 01 — 19. 02)
Kuningiz xayrli boshlanadi. Lekin ishga, o‘qishga kechikishdan nari bo‘ling. Hamkasblar bilan iliq munosabatlarni yo‘qotmaslikka harakat qiling. O‘zingizni o‘zingiz tanqid qilgan holda kamchiliklaringizni yo‘q qilish payida bo‘ling. Muhabbatda oilalilar ham, oilasizlar ham faqat garmoniya sari intilishlari tavsiya qilinadi. Ana shunda juftingiz va bo‘lg‘usi juftingiz bilan o‘zaro munosabatlar sovuq tortmaydi. Hasadgo‘ylar turgan davraga aslo qo‘shila ko‘rmang.

BALIQ (20. 02 — 20. 03)
15 fevralda negadir ilgari siz bilan juda yaxshi munosabatda bo‘lgan ayrim kimsalar to‘nini teskari kiyib olishi mumkin. Na iloj. Kurash bo‘lsa kurash-da. Shaxsiy hayotingizda muammolar deyarli ko‘zga tashlanmaydi. Xonadoningizda sokinlik hukm suradi. Salomatligingiz ham pand bermaydi. Shunda ham atmosferadagi magnit bo‘ronlarini unutmagan holda ehtiyotingizni qilib qo‘yaverishingiz tavsiya etiladi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Munajjimlar bashorati: 15 fevral kuni Sizga yulduzlar nimalarni va’da qilmoqda?