23:34 / 18.02.2019
16 128

Tanamizdagi og‘riqlar nimadan dalolat beradi?

Tanamizdagi og‘riqlar nimadan dalolat beradi?
Odatda tanamizdagi bezovtaliklar, xususan, og‘riqlarni dori preparatlari yordamida mahv etamiz yoki «o‘tib ketar» deya e’tibor bermaymiz. Aslida esa hech bir og‘riq sababsiz yuzaga kelmaydi.

Bosh og‘rig‘i
Kutilmaganda paydo bo‘lgan bosh og‘rig‘i ko‘ngil aynishi, bosh aylanishi, ko‘z oldining qorong‘ilashishi bilan kuzatilsa, albatta, shifokorga murojaat eting. Bosh og‘rig‘ining sabablari qon bosimi, zo‘riqish, stress, anevrizm va insult oldi holati bo‘lishi mumkin.

Tish og‘rig‘idan uyg‘onib ketdingiz...
Tunda tishingiz og‘rib qoldi. Xo‘sh, nima qilasiz? Og‘izni g‘arg‘ara qilish, og‘riqsizlantiruvchi preparatlar yordam berishi mumkin. Biroq bu vaqtinchalik muolajalar xolos. Yaxshisi, muammo ildiz otishiga yo‘l qo‘ymang-da, tongdan stomatolog huzuriga boring.

Qorin sohasidagi bezovtalik
Kindik atrofi, qorindan pastga qarab yo‘nalgan og‘riq ichaklar faoliyatidagi o‘zgarishlar, spazm (siqilish), qorin dam bo‘lishi va jinsiy a’zolardagi yallig‘lanish jarayonlaridan xabardor qiladi. Bu paytlarda issiq muolajalar qo‘llash tavsiya etilmaydi. Terapevt shifokor, mana kim sizga yordam beradi.

Beldagi og‘riq
Aksar hollarda bachadon ichki vositasi – spiral bilan bog‘liq deb o‘ylab, buyrak, siydik yo‘llaridagi infeksiyalarni ko‘zdan qochiramiz. Beldagi achishuvchan, zirqiragan og‘riq buyrakda tuz yig‘ilishi yoki ushbu a’zodagi shamollash bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga bachadon shilliq qavatining yallig‘lanishi, eroziya kabilar ham belda og‘riq paydo qiladi.

Oyoq boldiri
Muntazam tik holatda bo‘lish, baland poshnali poyabzal, vena qon tomirlarining kengayishi, qon aylanishining buzilishi kabilar oyoq boldiridagi simillagan og‘riqning sabablaridir. Agar sizda bu turdagi og‘riq bo‘lsa, kechqurun dengiz tuzidan vanna, uqalash mashqlari va oyoqni tanadan xiyol baland ko‘tarib yotish tavsiya etiladi.

Quloq og‘rig‘i
Asosan shamollash asoratida yuzaga kelsa-da, keskin og‘riq qo‘zg‘alishi bilan ajralib turadi. Quloq og‘rig‘ini aslo e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Chunki quloqdagi nerv tolalarining miya bilan bog‘liqligi bor.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Tanamizdagi og‘riqlar nimadan dalolat beradi?