23:10 / 24.02.2019
6 366

Dunyoimni o‘zgartirgan atirgulim – qizim (6-noma)

Dunyoimni o‘zgartirgan atirgulim – qizim (6-noma)
Sabrning mukofoti
Jonim, jigarbandim! Senga bugun yozmoqchi bo‘lganlarim juda muhim. Dadang seni yeru ko‘kka ishonmasligini juda yaxshi bilasan. Sening ham padari buzrukvoringga mehru muhabbating cheksiz. Lekin atirgulim, padaring doim ham sen va ukalaringning barcha orzu-istaklarini amalga oshirolmasligi mumkin. Bunday hollarda qovoq solishing, arazlab gaplashmay qo‘yishing aslo mumkin emas. Bilaman joni jahonim, sen unday odobsiz qizlardan emassan. Agar sen kimdandir ibrat olmoqchi bo‘lsang, bir rivoyatni aytib bera qolay.

Rivoyat
Umar ibn Abdulazizning kenja qizi hayit kuni otasining huzuriga yig‘lab kirib keldi. Otasi: «Nimaga yig‘layapsan?» dedi. Qiz: «Hamma bolalar yangi kiyim kiyishdi, men esa xalifaning qizi bo‘lsam ham, eski kiyim bilan yuribman», dedi. Umar qizining yig‘isidan ta’sirlanib, xazinabonning oldiga bordi va: «Keyingi oylik maoshimdan berib tura olasanmi?» dedilar. Xazinabon: «Nima uchun, ey mo‘minlarning amiri?» dedi. Umar qizining gapini aytib berdi. Shunda xazinabon: «Mayli, lekin bir shart bilan beraman», dedi. Umar: «Qanaqa shart?» dedi. Xazinabon: «Keyingi oygacha tirik yurishingiz haqida kafolat berasiz», dedi. Bu gapni eshitgan Umar to‘g‘ri uyiga qarab ketdi. Otasining qo‘lida pul bilan kutib o‘tirgan farzandlari: «Otajon, nima bo‘ldi?» deyishgan edi, Umar ibn Abdulaziz: «Yo sizlar sabr qilasizlar va hammamiz jannatga kiramiz. Yo sizlar sabr qilmaysizlar va men do‘zaxga kiraman» dedi. Farzandlar: «Sabr qilamiz, otajon», deyishdi.

Shu voqea senga doimo ibrat bo‘lsin deyman yulduzim! To‘g‘ri bugungi kunda bunday farzandlar kam sonli. Otalari ba’zan ularni aytganini qilishga imkoni bo‘lmay qolsa, sabr qilolmay, arazlab, nolib, otalarini qiyin vaziyatga tushirib qo‘yadilar. Biroq sen jonajonim, kam sonli bo‘lsa ham chiroyli sabr qiluvchi farzandlar qatorida bo‘lgin. Aslo sabrning mukofoti borligini unutma!
Saida IBODINOVA

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Dunyoimni o‘zgartirgan atirgulim – qizim (6-noma)