09:46 / 27.02.2019
12 583

Erimni “issiq-sovuq” qilgandim...

Erimni “issiq-sovuq” qilgandim...
Erim bilan qarindosh edik. Menga uylanishidan oldin boshqa qizni yoqtirgan ekan. Ota-onasi xohlab meni kelin qilishgan. Munosabatlarimiz yomon emasdi. Erim juda oilaparvar, farzandlarini jonidan ortiq yaxshi ko‘radi. Nikoh qalbimga muhabbat uchqunini soldimi, erimga sevgim kuchli edi. Uni juda yaxshi ko‘rardim. Erim hech qachon menga qo‘pollik qilmagan, kamsitmagan, hamisha qadrimni, qalbimni avaylagan bo‘lsa-da, uning ko‘ngli bo‘m-bo‘shligini, meni jufti haloli, rafiqasi sifatida hurmat qilishini ammo bu tuyg‘u hech qachon ishq darajasiga ko‘tarilmaganini sezardim. Bu yuragimga achchiq og‘riq berar, erim meni sevishini, dunyodagi yagona oshig‘im bo‘lishini istardim.

Birin-ketin farzandlarimiz tug‘ildi. O‘g‘il-qizimiz nikoh rishtalarini mustahkam bog‘ladiyu, qalblarimizni tutashtirmadi. Erim qachondir kimnidir sevib qolishini o‘ylasam, yuragim uvishardi. Chunki inson sevgisi yasholmaydi bu dunyoda. Insonni ko‘ngil boshqaradi, deyishadi-ku. Ayniqsa, erkak kishi ko‘ngil quli bo‘ladi. Shu xavotirda olti yashadim. Nimadan qattiq qo‘rqsang, bir kun kelib shu narsa hayotingda ro‘y beradi, deganlari rost ekan. Bir kuni erimning hayotida kimdir paydo bo‘lganini bildim. O‘zimni qo‘yarga joy topolmasdim. Yig‘ladim. Siqtadim. Erim bilan janjal qildim. Hayotida hech kim yo‘qligini, hech qachon oilasi, bolalaridan kechib ketmasligini aytdi. Unga ishongim kelardiyu, lekin ko‘nglim xotirjam emasdi. Yaqin dugonamga dardimni yorgandim “Qo‘yaver, har bir erkakning hayotida bir marta bo‘lsa ham shunday holat bo‘ladi.

Allaqayoqdagi bir suyuqoyoqni deb o‘zingni qiynab, eringni asabini buzib, bolalaringni tinchini buzma. O‘sha suyuqoyoq eringni qanday topgan bo‘lsa, yana bittasini topadiyu yo‘qoladi” dedi. Xotirjam bo‘ldim. Haqiqatdan ham erimning bizga munosabati o‘zgarmagan edi. Erkaklar begona ayollarga ilakishsa, ro‘zg‘origa, ayoli, bolalariga qaramay qo‘yishadi-ku, erim unday emasdi. Ammo bir kuni uning telefoni qo‘limga tushib, o‘sha bilan yozishmalarini o‘qib qoldim. O‘qidimu, muzlab qoldim. Chunki erim ilakishgan ayol dugonam va men o‘ylaganday suyuqoyoq emas, tuzukkinaga o‘xshardi. Telefondagi xabarlar ham savodli yozilgan, behayo gap-so‘zlar umuman uchramas, faqat hol-ahvol so‘rashish, bolalarning sog‘ligini so‘rash va yaxshi kayfiyat tilab yozilgan sms xabarlar kelgandi undan. Erim ham behayo gaplar gapirmagan, hol-ahvol so‘rab, vaqtida ovqatlanishini aytgan ekan. Darhol o‘sha raqamga erimning telefonidan qo‘ng‘iroq qildim. Go‘shakni ovozi behad chiroyli qiz oldi. Ovozini eshitdimu tanamdan mador ketdi. O‘zimni bilmay yig‘lab yubordim. “Kimsiz? Bu raqamga nimaga yozasiz? Boshqa yozmang!” deyoldim xolos. Telefonda aloqa uzildi, jismimda yuragim parchalandi. Kechqurun erim bilan janjal qildim.

- O‘rtog‘im u qiz,- dedi erim janjal qilganim uchun g‘azabi qaynab.- Nima bo‘libdi yozishsam? Turmushga chiqmagan u qiz. Ko‘rishmaymiz. Shunchaki gaplashib turamiz. Fojia yasama!..
Ortiq bir so‘z deyolmadim. Chunki erimga gap qaytarolmasdim. Avvalo, menga berilgan tarbiya shunday edi. Qolaversa, erimga yomon gapirsam men va bolalarini tashlab o‘sha qizning oldiga ketadiganday tuyuldi. Bu gapni yaqinlarimga aytishdan istihola qilib, yana o‘sha dugonamga gap ochdim.

- Suyuqoyoq bo‘lmasa, qiz bola yana-da xavfli,- dedi dugonam qoshini chimirib.- Ering uni yaxshi ko‘rsa, seni tashlab uylanib olishi mumkin. Yaxshi domla bor, xohlasang, eringni senga isitib, o‘sha megajinidan sovutamiz.
- Voy, issiq-sovuq qilamizmi?- deya qo‘rqib ketdim. Chunki bunaqangi ishlarning gunohligini eshitgandim.- Gunoh-ku...
- Ey, oilang uchun, o‘zingni baxting uchun qilsang gunoh bo‘lmaydi. Sen o‘z eringni isitasan. Birovning erini o‘ziga isitib olish gunoh!.. Dugonam domlaga borib issiq-sovuq qildirishga ko‘ndirdi. Biror haftalardan so‘ng erimda o‘zgarish sezganday bo‘ldim. Avvalgidek telefonini yashirmay qo‘ydi. Bemalol ochilib-sochilib gaplashadi, hazillashadi. “Issiq-sovuq”ning kuchi shunchalik zo‘r ekan, deya yana dugonam bilan o‘sha domlaga bordik. Erim menga mehribon bo‘layotgandek, hayotimiz kundan kunga yaxshilanib borayotgandi. Kutilmaganda yana erim telefonini yashiradigan, ochiqda qoldirganda ham maxfiy raqamlab qo‘yishga odatlandi. Yuragim uvishdi. Yana o‘zsha qiz bilan topishib olganini sezdim. “Issiq-sovuq” qildirib keldim. Ammo negadir erimning menga munosabati o‘zgarmadi. Qandaydir tushkun, serzarda, jahldor bo‘lib qoldi.

Buning ustiga tinimsiz boshi og‘rirdi. Hatto uxlayolmay, o‘zini idora etolmay qoldi. Endi topganimiz tabibu do‘xtirga keta boshladi. Erim yotoqchilab qolib, bir kuni ishga chiqsa, ikki kun boshini ko‘tarolmay uyda yotadi. Kamiga munosabatimiz ham yomonlashib ketgan. Janjallarimiz ko‘payib ketgan. Bir yig‘inda xotinlarning “Falonchini eri soppa-sog‘ yurgandi, tap etib yiqilib o‘lib qolibdi. Hammadan qizg‘onib “issiq-sovuq” qilib yurardi”, “Issiq-sovuqning zahri yomon, kishiga ters ta’sir qiladi hatto o‘limgacha olib borishi mumkin” degan gaplarni eshitib yuragim yorilayozdi. Shu kunlar ham bormidi peshonamda? Nahotki, o‘z qo‘lim bilan erimni begonaga tutqazib qo‘ygan bo‘lsam? Buning ustiga gunohga botganmi-chi?..
Halovatim yo‘qolgan. Gunohlarimga tavba qilib, erimga Allohdan ofiyat va sog‘lik so‘rab o‘tinyapman. Afsusdaman. Ayollarga hech qachon bunday ishlarni qilmasliklarini aytmoqchiman. Issiq-sovuq, sehr-jodudan ko‘ra eringizni shirin so‘z, mehribonlik, g‘amxo‘rligingiz bilan o‘zingizga maftun qiling. Gunoh ishlar hech qachon yaxshilikka olib bormas ekan...

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Erimni “issiq-sovuq” qilgandim...