Salomatligimiz toʻgʻri ovqatlanishimizga qanchalik bogʻliq?

  • 03 mart 2019, 06:02
  • 1 997
  • Hayot tarzi
  • Salomatligimiz toʻgʻri ovqatlanishimizga qanchalik bogʻliq?
    Inson umri davomida sogʻ-salomat, baquvvat boʻlishi uchun bolaligidan salomatlik tamoyillariga toʻla rioya qilishi talab etiladi. Bu tamoyilga albatta, toʻgʻri ovqatlanish ham kiradi.
    Bola organizmi risoladagidek, rivojlanishi uchun “baquvvat” ovqat zarur boʻladi. Bu borada eng avvalo masʼuliyat ota-onaga tushadi. Buning uchun ota-onalarning oʻzlari toʻgʻri ovqatlanish qoidalariga rioya qilishlari kerak.

    Taomnoma xilma-xil boʻlsin
    Bola organizmi foydali moddalarga tanqislik sezmasligi uchun xilma-xil aralash ovqat zarur. Bola ratsioniga oʻsimlik va mol mahsulotlarini kiritish juda muhim. Baʼzilarini oʻzingiz tayyorlashingiz, boshqalarini esa pishirilmagan holda berishingiz mumkin. Bunday birikmalar tufayli maxsus boyitilgan mahsulotlarga boʻlgan zarurat yoʻqoladi.

    Bola organizmi oson koʻnikuvchan boʻladi. Shuning uchun uni bir xil ovqatga oʻrganib qolishidan ehtiyot boʻling. Boladan faqat vegetarianlar ovqatini isteʼmol qilishni talab etish yoki faqat yuqori kaloriyali mahsulotlar bilan ovqatlantirish mumkin emas. Sut foydali albatta, ammo ovqat ratsioniga boshqa mahsulotlarni kiritmasangiz bolada oziqlantiruvchi moddalar, vitaminlar, mikroelementlar, yogʻ kislotalari yetishmasligi rivojlanadi. Bolaning taʼm bilish xususiyati toʻgʻri rivojlanishi uchun ovqatni kichik porsiyalar koʻrinishida bering. Shunda siz bolada muayyan taʼmga, yaʼni shoʻr, achchiq yoki shirin ovqatga mayl paydo boʻlishining oldini olgan boʻlasiz.

    Bola taomnomasi
    Taomnomani shunday tuzingki, unda faqat issiq yoki sovuq ovqatlar boʻlmasin. Ovqatlanish sxemasi taxminan quyidagicha boʻlishi kerak:
    * Nonushta – saryogʻ va pishloq bilan qora non, qaynatib pishirilgan goʻsht boʻlagi, bir stakan iliq sut.

    Foydali jihatlari: Bola organizmi A, V, V1, V2 vitaminlari, oqsil, kalsiy, mis, fosfor moddalari bilan taʼminlanadi.
    * Ikkinchi nonushta organizmni S vitamini bilan taʼminlaydigan hoʻl mevalar va sharbatdan iborat boʻlishi lozim.
    * Tushlik – issiq ovqat, kartoshka, sabzavotlar va goʻsht yoki baliq goʻshti hamda biror xil salat.

    Foydali jihatlari: Organizm temir, rux, yod, oqsil moddalari, foliy kislotasini yaxshi hazm qiladi va V1, V6,S vitaminlariga toʻyinadi.
    * Kechki ovqat – taxminan nonushtadagi kabi.

    Dasturxonni toʻgʻri bezash
    Dasturxon atrofidagi sharoit ham juda muhim rol oʻynaydi. Bolalar chiroyli va oʻziga tortadigan narsalarni yoqtirishadi. Shuning uchun dasturxon tuzashga ham katta eʼtibor berish lozim. Bola ovqatlanayotgan paytda uni yaxshi odatlarga oʻrgatish zarur. Nonushta va kechki ovqatni oila bilan birgalikda dasturxon atrofida qilgani maʼqul, iloji boʻlsa tushlikni ham, albatta. Ovqat tayyorlayotganingizda osh tuzi oʻrniga koʻproq xushtaʼm giyohlar va achchiq boʻlmagan ziravorlardan foydalangan yaxshi.

    DIQQAT!!!

    Baʼzi mutaxassislar bolalarni yoshiga qarab ovqatlantirish boʻyicha maxsus jadvallarni tavsiya etishadi. Faqat jadvalga qarab ovqatlantirish unchalik shartmas. Har bir bolaning ovqatga nisbatan oʻz ehtiyoji boʻladi.

    Bolada ishtahasizlik kuzatilsa...

    Har bir ona farzandi qancha ovqat isteʼmol qilishini, unga zarur porsiya miqdorini taxminan biladi. Biroq baʼzan ishtahasi yoʻqolib, bola uzoq vaqt ovqat soʻramay qolishi yoki aksincha, ishtahasi ochilib ketishi mumkin. Agar bunday holat uzoqqa choʻzilmasa, xavotir olmang va darhol chora koʻrishga shoshilmang. Ishtaha uzoq vaqt meʼyordan chiqib ketganida yoki u umuman yoʻq boʻlgan taqdirdagina, shifokor maslahati bola ovqatini muvozanatga solishga toʻgʻri keladi.

    Suv meʼyori
    Bola qanchalik kichkina boʻlsa, unda suyuqlikka boʻlgan talab shunchalik koʻp boʻladi. Normal sogʻlom bola issiq kunlarda yoki jismoniy mashgʻulotlar paytida odatdagidan koʻra ikki baravar koʻproq suv ichadi. Bunday paytlarda faqat oddiy toza suv isteʼmol qilgan maʼqul. Oʻtlar yoki mevalardan tayyorlangan qandsiz choy, bittaga bitta suv qoʻshilgan tabiiy sharbatlar ham boʻladi. Sitro, kola, gazli mineral suv, vijillaydigan ichimliklar tavsiya etilmaydi. Bunday ichimliklar tashnalikdan xalos etmaydi va organizmda qand miqdorini koʻpaytirib yuboradi.

    Sut mahsulotlari
    Sut mahsulotlari bolani kalsiy, fosfor, oqsil moddalari va A1, V1, V2 vitaminlari bilan taʼminlaydi. Doʻkondan sut olayotganingizda yogʻliligi 3,5% boʻlgan (yogʻlilik mahsulotda A va D vitaminlari mavjudligini koʻrsatadi) sutni tanlagan maʼqul. Yogurtni oʻzingiz tayyorlaganingiz yaxshiroq. Yaʼni oddiy yogurt olib, unga kesilgan hoʻl mevalarni qoʻshing. Bu doʻkonda sotiladigan yogurtlarda mavjud boʻladigan qand moddasidan saqlaydi. Baʼzida bolalar sut mahsulotlarini yoqtirmasligi ham kuzatiladi, bu holda pishloq va tvorog unga muqobil variant boʻlishi mumkin.

    Goʻsht mahsulotlari
    Hammasida meʼyor boʻlgani maʼqul. Ozgina goʻsht bola uchun foydali, porsiyani katta qilish kerakmas. Istalgan goʻsht organizmda temir moddasining yaxshi hazm boʻlishiga yordam beradi, ayniqsa mol jigari. Goʻshtni qaynatib pishirgan, dimlagan yoki toblab pishirgan maʼqul.

    Baliq mahsulotlari
    Baliq organizmni yod moddasi bilan taʼminlovchi tengsiz mahsulot. Piksha, treska yoki losos baliqlari juda foydali hisoblanadi. Shuning uchun haftada bir marta farzandingiz baliq isteʼmol qilgani maʼqul.

    Yogʻlarning foydasi
    Bola ovqatidan yogʻlarni butunlay chiqarib tashlash ham maqsadga muvofiq emas. Yaxshisi kolbasa, shokolad va pechenyeda “yashirinib” yotgan yogʻlardan qochgan maʼqul. Saryogʻ va oʻsimlik moyi juda foydali, ammo ularni cheklangan miqdorda isteʼmol qilish kerak.

    Non – dasturxon koʻrki
    Non mahsulotlari bola organizmini uglevodlar, mineral moddalar va vitaminlar bilan taʼminlaydi. Non mahsulotlarini xilma-xil qilish va ularning navini almashtirib turish maʼqul. Oddiy nonni tanlash maqsadga muvofiq. Non va myuslini yirik tortilgan undan oʻzingiz mustaqil ravishda tayyorlashga harakat qiling.

    Kartoshka
    Bolaning bir haftalik ratsionida kartoshkadan tayyorlangan taxminan 5-6 marta yegulik ovqatlar boʻlishi lozim. Bu sut va saryogʻ qoʻshilgan pyure, yogʻlilik darajasi past yogʻ va koʻkatli qaynatilgan kartoshka, duxovkada baliq, goʻsht yoki sabzavotlar bilan pishirilgan kartoshka boʻlishi mumkin. Qovurilgan, chipslar koʻrinishidagi yoki kartoshka-fri tavsiya etilmaydi. Kartoshka guruch va makaron mahsulotlaridan ham foydaliroq hisoblanadi.

    Meva va sabzavotlar
    Hoʻl meva va sabzavotlar yoki ularning muzlatilgani mikroelementlarga juda boy. Ularni pishirilgan va pishirilmagan holatda isteʼmol qilish mumkin. Konservalarda sogʻliq uchun zarur boʻlgan moddalar boʻlmaydi. Mevalarni mavsumga qarab oʻzingiz yashaydigan joyga xos boʻlganini tanlang.

    Shirinliklar
    Bolalar shirinlikni juda yaxshi koʻrishadi. Bolani shirinliklardan butkul mahrum qilish kerakmas. Shokolad, konfetlar, konditerlik mahsulotlarida yuqorida sanab oʻtilgan mahsulotlardagi kabi foydali moddalar yoʻq. Ammo agar shirinliklar aql bilan bola tamonomasiga kiritilsa, ular bolaga zarar keltirmaydi. Shunchaki bolaga kamroq miqdorda va ovqatlanib boʻlganidan keyingina shirinlik berishga harakat qiling.

    Bola ovqatining asosini quyidagi formula tashkil etadi:
    * Majburiy muntazam ovqatlanish – nonushta, ikkinchi nonushta, tushlik, ikkinchi tushlik va kechki ovqat.
    * Nonushta va kechki ovqat uchun asosiy mahsulot non hisoblanadi, qolgani taʼbingizga qarab.
    * Tushlik – issiq ovqat mahali.
    * Ichimliklar – suv va kaloriyasi past ichimliklar.

    Farzandingiz sogʻlom, baquvvat, kuchli, aqlli va albatta baxtli boʻlib voyaga yetsin!
    Farzona tayyorladi

    Manba: Azon.uz

    » » Salomatligimiz toʻgʻri ovqatlanishimizga qanchalik bogʻliq?