21:39 / 05.03.2019
7 328

“Sizdan uyalaman, ota!”

“Sizdan uyalaman, ota!”
Dugonalari bilan kechki ovqatga bormoqchi boʻlgan qiz ikki kun oldin yangi kiyim mojarosini boshladi. Erkalik bilan ota-onasini noqulay ahvolga solar, koʻngliga ozor beradigan, gʻururini sindiradigan soʻzlarni gapirardi. Ota-onasining qoʻli kaltaligini yuziga solayotgan qiz, ularni chorasizligi tufayli nadomatga qoʻyayotganini mulohaza qilmas, shartakiligini qoʻymasdi.
– Dugonalarim bir marta kiygan libosini hech qachon qaytib kiymaydi. Men boʻlsam yalinib-yolvorib sizlarga bittagina yangi koʻylak oldirolmayman!, derdi.

Otasi mungʻayibgina chorasizligini anglatarkan, qiz unga parvo ham qilmasdi. Eski-tuski narsalarni olib sotish bilan shugʻullanib, roʻzgʻorini amal-taqal oʻtkazayotgan betob ota, qishning sovuq kunlarida ishi biroz yurishmayotganidan taraddudlanardi.
– Sizdan uyalaman, dada!, dedi qiz otasiga tik qarab. Qoʻli kalta betob otaning tizzalari qaltiradi. Koʻz yoshlari qalbiga oqdi.

Kechki taomni jimgina yedilar. Oqshom oilaboshi qizi kiymoqchi boʻlgan kiyimning narxini onadan soʻradi. Yuragi achishib ogʻriyotgan ota pulni qanday boʻlmasin topib, qiziga tutqazishni oʻylardi. Ertasi kuni ota ertalab qovogʻidan qor yogʻayotgan qizning qoʻliga ikki yuz ellik lira berdi. Pulni koʻrib qizning chehrasi yorishdi. Tongda savdo markaziga otlandi. Koʻz ostiga olib qoʻygan koʻylakni xarid qildi. Yangi kiyimning zavqi rutubatli havoda qizning ruhiga iliqlik baxsh etdi. Baxtdan sarmast, goʻyoki uchib-qoʻnib kechki ovqatga bordi.

Uyga qaytib ham otasining dardi bilan parvo qilmay, telefonga yopishib kechki ovqatning muhokamasini qilish uchun dugonalari bilan gap sotishga tushib ketdi. Lekin kundan kunga otasining yoʻtali bosilmay, isitmasi tushmayotganiga ahamiyat bermadi. Xayolida yangi koʻylagi va bu kiyimda kechki ovqatga malikalarday hammaning eʼtiborida boʻlgani jonlanardi, xolos. Onasi yoʻqsillik sababli erini hatto kasalxonaga olib borolmayotganidan oʻksinib, koʻz oʻngida umr shami soʻnib borayotgan juftiga chorasiz termulardi.

Bir necha kundan keyin otaning uzoq davom etgan yoʻtali tongga yaqin toʻxtadi. Peshinga yaqin yuvgʻich otasini yuvib-tarab, kafanlash uchun olib kirib ketar ekan, qiz hanuz otasining oʻlimiga ishongisi kelmasdi. Qoʻni-qoʻshnilar masjid ayvonida oʻzaro shivirlab “Qizi istagan kiyimni olib berish uchun, ust-boshini sotib, qishning sovugʻida kasali badtar xuruj qilibdi shoʻrlikni” deganini eshitganida befoyda pushaymonlik otashida qovurilgani bilan endi kech edi. Endi hech qanday kiyim erka-tantiq qizni ota mehriday isitolmasligini anglab yetdiyu, ammo kechikdi...
Suat OʻZGЕ
Turk tilidan Umida ADIZOVA tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Sizdan uyalaman, ota!”