13:50 / 09.03.2019
5 030

Otaning merosi...

Otaning merosi...
Aka-ukalar keyingi paytda juda xavotirga tushgandi. Chunki ular otasi kattagina yer sotib olganini eshitishdi. Aytishlaricha, yer goʻzal manzarali, bahavo joydan olingan ekan.

Doktor oʻgʻil bu xabarni eshitib gʻashlandi:
– Otam shu yerni ham tanishu notanishga tarqatsa kerak. Bizdan boshqa hammaning dardi otamga qolib ketgan.

Ota saxiy va koʻngli ochiq boʻlsa ham pul borasida oʻgʻillariga hech ishonmasdi. Xayr-saxovat ishlarini oʻz qoʻli bilan ado etar, oʻlimidan keyin oʻgʻillari bunday xayrli ishlarni bajarishiga ishongisi kelmasdi. Davralarda:

– Merosni vasiyat qilib qoldirish yaxshi ish emas. Oʻlimingdan keyin bolalar goʻringda ham behalovat qilib qozixonayu mahkamalarda yoqalashib yurishadi, derdi. Shuning uchun mol-dunyosining yarmiga yoʻqsillarga uy qurgan, qolganiga tadbirkorlik ishlarini yoʻlga qoʻygandi. Oxirgi olgan yeri hammaga yetishini aytganida bolalarining sabri toshib ketdi. Ular bu jumlani “Yer hammaga barobar boʻlishiladi” degan maʼnoda tushundilar. Ammo sotilmaydi, tekin tarqatiladi.

Meʼmor oʻgʻilning esa xayollari oʻzgacha edi. Otasi olgan yerni hech qachon koʻrmagan boʻlsa-da, u yerda goʻzal inshootlar barpo qilishni orzu qilib, eng bahavo goʻshasida oʻziga mukammal uy qurishni rejalashtirayotgandi. Doktor ukasi orzu qilayotgan shaxsiy klinika bu inshootlarning oʻrtasidan joy olishi kerak edi, arxitektorning xayollariga koʻra. Binolar baland va koʻp qavatli boʻlib, nafas yetishmasligi va yurak xurujidan qiynalayotgan otasi uchun doktor oʻgʻilning klinikasi birinchi qavatda joylashgani qulayroq edi.

Otasi olgan yerning qoʻldan ketishi ehtimoli bir necha yillardan beri bir-biridan xabar olmay, oʻz hayoti bilan mashgʻul jigarlarni bir nuqtada toʻpladi. Har xil bahonalar bilan har kecha yigʻilishib, suhbatlashishar, mavzu aylanib ota sotib olgan yerga taqalardi. Bolalar otasining yillar boʻyi “saxovat” atalmish isroflikka yoʻl qoʻyganidan afsusda edilar. Tez-tez uchrashishlar va otasining ishlaridan norozilik suhbatlari oqibatidami bolalarning oʻy-xayolida yomon fikrlar aylana boshladi. Agar keksa ota vafot etsa, yer faqat bolalarning oʻziga qolardi. Yurak xastaligidan aziyat chekayotgan ota vafot etsa, ortiq darddan qiynalmasdi.

Keksa tadbirkor oxirgi sotib olgan yeri bilan bogʻliq biror natijaga erishmay vafot etdi. Tez-tez xuruj qilib qariyani xotirjam uxlashga qoʻyib bermagan yuragi, doktor oʻgʻli qilgan meʼyoridan ortiq dozadagi tomchi ukoliga dosh berolmadi. Otani dafn etishdi. Janozaga kelganlar keksa tadbirkorni yod olib koʻz yosh toʻkar, faqat farzandlar qilgan ishlaridan mamnunlik tuyayotgandek adl turdilar. Janoza oʻqilib, ota makoniga mangu bosh qoʻydi. Qurʼon tilovatidan soʻng qabriston qorovuli tadbirkorning oʻgʻillariga hamdardligini bildirib shunday dedi:

– Rahmatli otangiz vafotidan bir oy avval qabristonning shu goʻshasini sotib oldi va “hammamizga yetadi” deb oilaviy mozorboshi qilgandi. Joyi jannatda boʻlsin, rahmatli doim boshqalar uchun qaygʻurib yurardi...
Junayd Suavi
Turk tilidan Umida ADIZOVA tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Otaning merosi...