18:15 / 14.03.2019
7 610

Ajrashgan ayolning sobiq eriga soʻnggi maktubi...

Ajrashgan ayolning sobiq eriga soʻnggi maktubi...
Odatda oila buzilgach, bir umr sobiq er-xotinlar bir-birlarini koʻrishga koʻzi, otishga oʻqi yoʻq holatda yashab oʻtishadi. Biroq ismi-sharifi sir tutilgan bu ayol eri bilan ajrashgach, oʻzida kuch topa oldi va sobiq eriga oʻz minnatdorligini izhor etdi.

— Hurmatli va aziz sobiq yostiqdoshim, — deb boshlanadi maktub. — Mana, bugun nihoyat 15 yildan soʻng siz bilan birgalikda kechirgan hayotim yakun topdi. Men 15 yil ichida toʻliq oʻz jazo muddatimni sof koʻngil bilan oʻtadim. To ZAGS dan oʻtishdan tortib, ajrashish haqidagi hujjatga imzo qoʻyishga-da, chin yurakdan yondashdim va nihoyat ozodlikka chiqdim, erkin nafas ola boshladim. Shu sababli hamma-hammasi uchun sizga oʻz minnatdorligimni izhor etmoqchiman.

1. Siz tufayli hayotning turli mushkulotlari, azobli lahzalarini, jumladan, uy kalitini, pul, qoʻl telefoni yoʻqotish azobiga bardosh qilishni oʻrgandim. Hamma vaqt sizning boʻsh asab tomirlaringiz aziyat chekmasligi uchun muammoli va chigal vaziyatlardan oʻz kuchim bilan chiqib ketishga odatlandim.

2. Sizning sharafingiz bilan hamshiralikni oʻzlashtirdim. Bolalar xastalansa, hamshira chaqirishga imkon yoʻq edi. Siz shprisni koʻrsangiz, hushingizdan ketib qolardingiz. Shuning uchun bolalarimga ukol qilishni oʻrgandim, keyin har gal sizni hushingizga keltiradigan boʻldim.

3. Sizning sharafingiz bilan uydagi barcha taʼmir ishlarini oʻz zimmamga oldim. Qulf buziladimi, elektr oʻtkazgichlar ishdan chiqadimi, uy devorlarini suvash kerak boʻladimi, oʻzim bajaradigan boʻldim. Chunki sizning bu ishlarga vaqtingiz ham, kuchingiz ham yetmasdi. Xayriyat, yaxshiyam shu ishlarni oʻrganib olgan ekanman. Endi erkaksiz yashashga sira qoʻrqmayman.

4. Siz tufayli JEK dagilar bilan janjallashishga, yoʻl patrul xizmati vakillari bilan tortishishga, jarimalarni toʻlashga, tushuntirish xatlari yozishga oʻrgandim. Aytgancha, siz haydovchilik guvohnomangizni boy bergach, oʻzim haydovchilikka oʻqidim. Axir, sizni qayergadir olib borish, yoki olib kelish zarur edi-da!

5. Sizning sharafingiz bilan ozib ketdim. Chunki hali bozor, hali maktab, hali bogʻcha, JEK, mahalla qoʻmitasi, doʻkonga chopish mening zimmamda boʻldi. Agar shularning hammasini bir nuqtaga jamlansa, men yengil atletika, ogʻir yuklarni koʻtarish boʻyicha chempionga aylanib ketgan boʻlardim. Nima qilay? Siz yugur-yugurlarni jiningizdan yomon koʻrardingiz.

6. Sizning sharafingiz bilan men bir necha kasbni egallashga majbur boʻldim. Sababini bilasiz. Roʻzgʻorni tebratish, sizni, bolalarni kimdir boqishi kerak edi-ku, axir!

7. Bilasizmi, men sizdan yana shuning uchun minnatdormanki, nihoyat men bilan yashashdan charchab oʻz ixtiyoringiz bilan ketishga qaror qildingiz. Ketayotganingizda, uy eshigini juda qattiq taraqlatib yopdingiz. Agar sekin yopsangiz, mening ketayotganingiz uchun qanchalar chuqur nafas olganimni eshitardingiz, yengil tortganimni koʻrgan boʻlardingiz.

Rahmat sizga! Meni tinch qoʻyganingiz, menga erkinlik hadya etganingiz uchun rahmat! Sizdan juda-juda minnatdorman!

Hurmat va ehtirom bilan: sobiq zavjangiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ajrashgan ayolning sobiq eriga soʻnggi maktubi...