Bugun! Ertaga juda kech boʻladi...

  • 15 mart 2019, 13:00
  • 2 832
  • Hayot tarzi
  • Bugun! Ertaga juda kech boʻladi...
    Otam uzoq yoʻlga qatnaydigan katta yuk mashinalarini haydardi. Oʻn besh-yigirma kunda bir-bir koʻrib qolardik. Oramizda allanechuk uzoqlik, sovuq munosabat bor edi. Bolaligimda otam bilan oʻtkazgan paytlarim boʻlganini hech eslolmayman. Hatto otamning quchogʻida oʻtirib tushgan suratim ham yoʻq. Oʻttiz yillik umrimda otamdan yaxshi bir soʻz eshitmagan boʻlsam-da, biz bolalarining hech birimizga yomon gapirmagan ham.

    Kecha soat yettilarda ishdan kelsam, qaynonam ham biznikida ekan. Bezovta koʻrindi. Holbuki oʻtgan kuni qaynonam mehmonga kelgan, xotirjam chaqchaqlashib oʻtirib qaytgan edi. Hayronligimni sezdirmaslikka urinib salom-alik qildim. Erim ichkari xonaga imladi.

    – Otang yurak xurujidan ogʻribdi. Yaxshiyam, vaqtida bilib, kasalxonaga, qatʼiy rejimga yotqizishibdi. Ahvoli hozir ancha yaxshi ekan.

    Nima oʻylayotganimni, nimani his qilayotganimni bilmay talmovsirab qoldim. Ota bizning oilamiz uchun uncha ahamiyatsiz tushuncha edi. Ehtiyojimizni onamga aytardik. Hamma muammolarimizni hal qiladigan onam edi. Shu sababdan ham hayotimda ota degan soʻzni ishlatgan paytlarim juda kam boʻldi.

    Erim bilan kasalxonaga ketyapmiz.

    – Qatʼiy rejimda yotgani uchun yoniga biror odam kiritilmaydi. Otangizning hol-ahvolini faqat shifokorlardan soʻraysiz, dedi bir hamshira.

    Katta shifokorni kutdik. Kutish asnosida xayolimdan har turli fikrlar oʻtardi. Boshqa paytlari hech xayolga kelmagan narsalar ham boʻlar ekan, bunday paytda. Men ham hozir oxirgi marta qachon otamni quchoqladim, deya oʻylardim. Qachon oxirgi marta otamga mehr bilan tikilgandim? Shu yoshimgacha otamni bir hayitda bagʻrimga bosgandim, bir martagina. Yuragim gʻashlanadi. Chap koʻksimda achchiq ogʻriq sezdim. Oʻttiz yoshda otasiz qolish mumkinligi haqidagi oʻylar haqiqatan ham odamni gʻamga botirar ekan, buni birinchi marta his qilayotgan edim.

    Onam bilan gaplashdim. Menga xabar bermagani uchun jahl qildim.

    – Otang “qizlarni xavotirga qoʻymanglar” degan edi..., dedi chorasiz holda. Ajabo, otam bizni shunchalik qattiq yaxshi koʻrarmidi? Shu paytgacha otamni bagʻrimga bosmaganim, unga mehrli koʻzlarim bilan qaramaganim uchun qattiq pushaymon boʻldim. Balki otam ham buni oʻylab pushaymon boʻlgandir...

    Orangizda qanchalik masofa boʻlishidan qatʼiy nazar, ota-onangiz, jigarlaringiz huzuriga boring va ularni bagʻringizga mahkam bosing, ekan. Zotan, bu ishni qilmaganingiz, qilolmaganingizning pushaymonligi bir kuni yuragingizni tilmasin. Agar ota-onangiz hayot boʻlsalar, hoziroq borib ularni quching va yonoqlaridan mehr bilan oʻpib qoʻying. Hech kim kafolat bermaydi, balki bu ishni qilishingizga ertaga juda kech boʻlib qolar... (Alloh asrasin)
    Kavsar NUR

    Manba: Azon.uz

    » » Bugun! Ertaga juda kech boʻladi...