15:14 / 15.03.2019
4 051

Umrning algʻov-dalgʻovli pallasi

Umrning algʻov-dalgʻovli pallasi
Oʻsmirlik farzand tarbiyasining eng murakkab jarayonidir. Bu jarayonda ota-onalar juda koʻp muammolarga duch kelishadi. Ota-ona oʻsmir bolasi bilan bemalol muloqot qila olmaydi. Bola oilasidan emas, tashqi taʼsirlardan quvvat oladi. Bu paytda ota-ona va bola oʻrtasidagi munosabat shu qadar shiddatli tus oladiki, baʼzan rishtalar uziladigan holatga yetadi.

Oʻsmirlik – umrning erta bahori. Tabiat erta bahorda qanday jonlanib, qaysarlik qilsa, ming turfa rang bilan jilolansa, oʻsmirlikda ham hamma narsa shunchalik algʻov-dalgʻov boʻlib ketadi. Tomirda qon joʻsh uradi. Yurakda har kuni yangi umid, yangi orzular uygʻonadi. Oʻsmirning ruhini sindirish tarbiyali insonga yarashmaydi. Siz ham yosh boʻlgansiz-ku!

Qoni qaynoq bola

Onadoʻli tomonlarda oʻsmirni “Delikanli” (“Mard, kuchli, tutgan joyini kesadigan, bir soʻzli” maʼnolarida) deya nisbatlaydi. Nihoyatda goʻzal va qimmatli mulohazaki, yoshlarning ruhiyatini bir soʻz bilan ifoda et, desalar bunday chiroyli kalima xayolga kelishi qiyin. Qoni telbaday joʻshqin oqqan deganidir – “delikanli”. Oʻsmirlik chogʻini bir soʻz bilan ifoda etgan onadoʻli turklari.

Oʻsmirlik shu qadar quvvat va joʻshqinlikka toʻla boʻladiki, bir joyda turolmaydi bola. Maktabdan qaytib mahallada oʻrtoqlari bilan koptok tepadi, uyda ukalari bilan oʻynaydi. Shunda ham charchoq nima bilmaydi.

Qoni tez oʻsmirlar baʼzan kurakda turmaydigan tentakliklar qiladiki, baʼzan ularni tushunolmay oʻrtanadi odam. Ayniqsa, tengdoshlari bilan birga boʻlganlarida tentakliklari, kattalarni hayratga soladigan qiliqlarini hadu hisobi boʻlmaydi. Qulogʻiga gap-soʻz kirmaydi. Na kattaga va na kichikka quloq soladi. Gʻayritabiiy kiyimlar, kattalarga yoqmagan soch turmaklari, gʻalati xatti-harakatlar oʻsmirlik paytida ota-ona bilan boʻladigan muammolarga sabab boʻladi. Oilaning kattalari bolaga bosim oʻtkazganida ikki xil muammoga duch keladi: Bola surbetlashib, ota-onasining yuziga tik qarab isyon qiladi, yoki yolgʻonga odatlanib, ikkiyuzlamachilikni kasb qilishga tutinadi. Bosim oqibatida yuzaga kelgan isyon yo ruhini yolgʻonga moslashtiradi yoxud jismiga zarar yetkazadi. Oʻsmir bola atrofdagilarga isyon qilsa, bunda eng koʻp zararni ona koʻradi. Koʻp hollarda, bolalar isyonini onasiga nisbatan tiliga chiqaradi. Ota bilan munosabatida oʻrtada bir masofa saqlanadi.

Muammolar bilan bogʻliq misollar shu qadar gʻalatiki, bu holatni boshidan oʻtkazganlar ham hatto hayron qolishadi. Kattalar bolalik va oʻsmirliklarida oʻzlari qilgan ishlarni boshqalardan eshitishsa, hamon “bunchalik emasdi!” deb eʼtiroz bildiradi. Bu eʼtirozlar zamirida uyat va pushaymonlik yotadi, aslida.

Yoshligingizda yoʻl qoʻygan xatolaringiz, qoʻl urgan gunohlaringiz tasviri tushirilgan CD diskda uyingizga joʻnatilsa, bolangiz bilan birga oʻtirib tomosha qilarmidingiz? Yoʻq, aslo istamaysiz!

Oʻqishda, oʻrtoqlari bilan koptok tepgan litseyning soʻngi bosqich talabasi boʻlgan bolaning oyogʻi qayrildi. Oyogʻini ezayotgan ogʻriqqa chidayolmay ahvoli yomonlashgan bolani oʻrtoqlari taksiga oʻtqazib kasalxonaga olib borishadi. Shifokor koʻrigi oʻsmirning oyoq limfalari zarb yeganini tasdiqlaydi. Oʻsmirning oyoqlarini taxtakachlagan shifokor yigirma kun davomida taxtakach yechilmasligini aytib bolani uyiga joʻnatdi.

Tengdoshlari bilan koptok oʻynash, shoʻxlik qilish, sayru sayohatdan zavqlanib yurgan bola uchun taxtakachlangan oyoq bilan uyga qamalish haqiqiy iskanja boʻldi. Boz yigirma kun shu ahvolda yotishni tasavvuriga sigʻdirish qiyin. Sabr-toqati ikkinchi kunning oqshomiga qadar yetdi. Va kechki payt qaychini olib taxtakachni qirqib tashladi. Na oyogʻining ogʻrigʻi va na doktorning tavsiyasi parvo qilmagan bunday insonga “tentak” deyiladi.

Keskin oʻzgarib ketdimi?

“Bu bolaga nima boʻldi? Mening bolam bunaqa emasdi.” “Mahallaning bebosh bolalari bolamni ham buzdilar!” “Bolaning kichkinaligi yaxshi ekan, katta boʻlgani turgan-bitgani tashvish boʻldi.” Bunga oʻxshagan iddaolarni bolalari oʻsmirlik pallasiga yetgan ota-onalardan koʻp eshitamiz. Shundaylarga aytarimiz: “Bolangiz oʻzgarmadi, farzandingiz boshqa holatga oʻtdi”. Bolangizning feʼlida joʻshqinlik, hayotga muhabbat ufurgani uchun atrofga munosabati oʻzgardi. Oʻsmirlik paytida uning atrofga munosabati oʻzgarishi, agressivroq boʻlishi normal holat.

Ikkinchi “tugʻilish”

Yoshlikni tushunmay qolishingiz – bu dunyodagi ishingiz bitdi, degani.
Hazrat Ali roziyallohu anhu

Inson hayotda bir bor emas, bir necha dafʼa yurishni oʻrganadi. Bola bir yoshga toʻlganida oʻz oyogʻida yurishga harakat qiladi. Bunday paytda bolangizning qoʻllaridan tutib, uning harakatlarini qoʻllab-quvvatlasangiz, yiqilganida tutib qolsangiz, bu gʻamxoʻrligingiz unga jurʼat beradi. Har doim yonida ekanligingizni his ettirsangiz, yurishni oson oʻrganadi.

Aksincha, unga eʼtibor bermasangiz yurishni kech oʻrganadi. Bolangiz ilk tetapoya qadamchalarini qoʻyayotganida: “Oʻtir, joyingga, sen hali bolasan!” deb jerkisangiz, ikki qadam qoʻyib yiqilsa “Senga nima dedim?!” deb baqirsangiz jurʼatini soʻndirasiz. Oʻnga-chapga chayqalib yiqilguday boʻlganida “shunaqa yuradimi?” deb mazah qilsangiz uyaltirasiz, jasoratini sindirasiz. Bunday paytda bolangiz sizning qoʻllashingiz va jurʼat berishingizga muhtoj boʻladi.

Kishining ikkinchi bora tetapoya qilish payti oʻsmirlik onlariga toʻgʻri keladi. Bu paytlarda ham yosh yigitlar oilasi va yaqinlarining qoʻllab-quvvatloviga ehtiyoj sezadi. Xato qilganlarida kechirilishni istaydi. Ularga ota-onasining eʼtibori va dastagi har doimgidan koʻproq kerak boʻladi.

Oʻsmirlik paytida har bir ota-ona farzandiga mohir pedagog kabi munosabatda boʻlishi kerak. Oʻsmirlik paytida bolalariga “Gʻayrat qil! Sen, albatta, muvafaqqiyatga erishasan!” deb ragʻbatlantirgan ota-ona eng yaxshi tarbiyachidir.
“Farzand tarbiyasida xatolar” kitobidan

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Umrning algʻov-dalgʻovli pallasi