08:43 / 17.03.2019
7 496

Singillarimni juda sogʻindim...

Singillarimni juda sogʻindim...
Ismim Muhammad. Oʻn toʻqqiz yoshdaman. Chiqindi qogʻozlari toʻplayman. Har kuni Qiziloydan Ulusagacha uch bor piyoda borib kelaman. Ikkita kichkina xonasi bor uychada besh oʻrtogʻim bilan yashaymiz. Ular chiqindi qogʻoz toʻplamaydi. Mavlud qurilishda ishlaydi. Husayn hammollik qiladi, Sidar va Yunus esa poyabzal boʻyab pul topadi. Bizga yana bir Abbos ismli oʻrtogʻimiz ham qoʻshilgan. Ishlayolmaydi, buyragi kasal. Abbosni biz boqamiz. Oʻn uch yoshimdan beri Anqarada qogʻoz toʻplayman. Nigʻdelidanman. Boshlangʻich sinfga borgan yilim Anqaraga kelgandik. Oʻrta maktabni bitirganman, xolos.

Sinfdan sinfga oʻtayotganimda, har yili taqdirlanardim. Otam litseyga yozdirmadi. Ishlab pul topib, foydam tegishi uchun koʻchaga haydab soldi. Oʻsha kundan beri koʻchadaman. Suratli, suratsiz, qora, oq va rang-barang qogʻozlar, karton qutilar yigʻib yuraman. Ishlashni boshlagan yilim otam bizni tashlab ketdi. Qimordan qarzi bor edi, bir ertalab tong sahardan chiqib ketdi. Tirikchiligimiz menga qoldi. Onam meni erkalab: “Arslon oʻgʻlim” derdi. Yuzimni silardi. Otam ketganiga toʻrt oy boʻlgan edi, qoʻshnilar onamga bir erkakni topishibdi. Qimor oʻynamasmish, ibodatda emish. Xotini vafot etgan, ikki qizi bor ekan. Onamga “seni qabul qilaman, bolalaringni ham. Lekin Muhammadni emas!” debdi.

Onam hayron qolibdi:
- Nega Muhammadni qabul qilmaysiz? U ham mening bolam-ku?
Ikki qizim bor, biri oʻn toʻrt, biri oʻn ikki yoshda. Muhammad bilan bir uyda yashashi joiz emas.
Uch singlim bor edi, bir-birimizni yaxshi koʻrardik. Onam uchun bir qarorga kelish oson kechmadi. Bir kecha meni qarshisiga oldi.

Oʻgʻlim Muhammad, dedi onam iztirob bilan.
- Seni hech qachon tashlab qoʻymayman. Lekin biroz muddat togʻanglarnikida yashab tur, bolam.
-Meni bagʻriga bosdi. Onam yigʻladi, men ham yigʻladim...

Togʻamnikiga borganimning ertasi kuni nikoh oʻqildi. Bir haftaga qolmay, onam va singillarimni olib oʻz shahriga, Kastamonuga joʻnab ketibdi erkak. Togʻam “Onangning omonatisan, bu yer sening ham uying. Xohlagan vaqting kelib, yotib ketishing mumkin, Muhammad” dedi. Oʻn yoshda edim. Togʻam menga yashash uchun bir boshpana hozirlamagandi. Qoʻni-qoʻshni, qarindosh urugʻ hech kim yordam beray demadi. Hozir, oʻn uch yoshdaman. Anqaradaman. Yolgʻiz oʻzimman...

Olti yildan beri onam va singillarimni koʻrolmadim. Bir necha bor Kastamonuga borishni niyat qildim. Lekin anavi erkak meni haydab, yaqinlarimni koʻrsatmaydi, deb oʻyladim. Onamdan xafaman. Istasa meni topishi mumkin. Singillarimni juda sogʻindim; Hulyani, Havvoni, Hanifani sogʻindim. Toʻrttalamiz domino oʻynar edik. Men hech qachon yutmadim, bular bola, sevinsin, quvonsin dedim. Holbuki, oʻzim ham bola edim...

Piyoda yurganimda, qogʻoz yiqqanimda, tongdan shom qorongʻusigacha insonlarning yuzini kuzataman. Masalan, sevishganlar yonimdan oʻtib ketadi. Erkaklar menga koʻzi tushsa, ayollarini sal nariroqdan olib oʻtishadi. Erkaklar, ayollar, huquq-tartibot xodimlari, harbiylar, qulogʻiga eshitgich taqqanlar, musiqa eshitayotganlar, Kafkani oʻqiyotganlar, duo oʻqiyotganlar, tasbeh oʻgirayotganlar, sigareta tutatayotganlar, kalta yubka kiyganlar, hamma yonimdan oʻtib ketayotganida, menga shafqatsiz nigoh tashlaydi. Nigohlar qattiq, qoʻpol... Egalari qandoq ekan?..

Kafkani bilishim sizlarga qiziq tuyulgandir? Koʻchadagi sayyor kitob sotuvchilardan kitoblar olaman. Kafkaning “Milenaga maktublar” asarini oʻqidim. Boshqalarini ham oʻqiyman. Koʻp kitoblar oʻqiyman. Hali oʻqishim kerak boʻlgan koʻp kitoblar, yozuvchilar, hikoya, roman va sheʼrlar bor.

Kitobchilar ham boshqalardan deyarli farq qilmaydi. Mehnat, vijdon va hamjihatlikni himoya qilganlar ham meni koʻrganida, ozor beradigan soʻzlar aytishadi. Ularni choʻchituvchi qiyofada koʻrinishimga ishonchim komil.

Ismim Muhammad. Oʻn toʻqqiz yoshdaman. Menga nafrat bilan qaraganingizda koʻra olmaysiz. Qoqinib yiqilganimni, yorliqlarni yigʻib boshpanamga yopishtirganimni koʻrolmaysiz. Men oʻzimni, onamni va sizlarni tushunishga harakat qilyapman. Yer yuzini, tabiatni va koinotni oʻrganishga harakat qilyapman. Yozishni ham boshlayman. Mehrsizlik haqida yozaman. Avval qutilardan yiqqan qogʻozlarimga mehrsizlik haqida yozaman, bemehrlikni qoralagan qogʻozlarim mehr boʻlib oramizga qaytadi. Mehrli, chinakam insonlardan doʻstlarim boʻladi. Ular qogʻozlardan tiriladi, mehr bilan tirik jonga aylanadi, birodarga aylanamiz.

Bir qator rejalarim bor. Mahkamaga murojaat qilib ismimni oʻzgartiraman. Ali Haydar boʻlsinmi, deb oʻylayotgadim. Yoʻq, mening ismim Oʻzgur boʻladi. Oʻzgur -­- oʻzi hur, ozod degani!

Oʻzimga oid bir kutubxonam boʻladi. Chiqindi qogʻozlarni yigʻib yuraman, ust-boshimdan qoʻlansa hid kelishi mumkin. Lekin kitob hidini sevaman.

Tabiat qoʻynida yolgʻiz oʻzim yashashni istayman. Ranjitishlaridan, chetga surishlaridan, laʼnatlashlaridan charchadim. Ona tabiat qoʻynidan panoh istayman. Buning uchun guli giyohlarga oid kitoblar olaman. Oʻtlar bilan ozuqalanishni, oʻtlar yordamida sogʻayishni, oʻtlardan halovat topishni, oʻrganishni istayman. Tabiatda yolgʻiz oʻzim yashaydigan boʻlsam hamma oʻtu giyohlarning sir-sinoatini bilishim kerak.

Buyrak yetishmovchiligidan qiynalayotgan Abbosni, u mening ukam boʻldi, biz unga qaraymiz. Abbos sogʻaymasa, ona tabiat bagʻriga chiqib ketamiz.

Kafka qirq bir yoshida oʻlgan. Men ham shuncha yashasam yetadi. Ozodlik, kitoblar kabi ifor sochmoqdir. Istagim, giyohlardan mehr darmonini tayyorlash va bir kuni tuproqqa singganimda ona tabiat meni ehtirom bilan xotirlashidir...
Umida Adizova tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Singillarimni juda sogʻindim...