08:00 / 20.03.2019
6 521

Sirli suhbat

Sirli suhbat
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar boʻlsin.
Paygʻambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar boʻlsin.

Alloh taolo: “Ey iymon keltirganlar! Qachon sirli suhbat qilsangiz, gunoh, dushmanlik va Paygʻambarga maʼsiyatga sirli suhbat qilmangiz. Yaxshilik va taqvoga sirli suhbat qilingiz. Huzuriga toʻplanib boradiganingiz Allohga taqvo qilingiz”, degan (Mujodala, 9).
Sharh: Demak, moʻmin-musulmonlar oʻzaro suhbatlarida doimo bir-birlarini yaxshilikka va taqvoga chorlashlari lozim. Afsuski, hozir bu Qurʼoniy taʼlimot bizning oramizdan yoʻqolib boryapti. Oʻzaro suhbatlar yolgʻon, boʻhton, tuhmat va gʻiybatdan iborat boʻlib qolmoqda. Bu esa, musulmonlarning na odobiga, na shaʼniga toʻgʻri keladi.

Ushbu oyat tafsirida ulamolarimiz Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan quyidagi hadisni ham keltiradilar:
«Savfon ibn Mihroz aytadilar: «Men Abdulloh ibn Umarning qoʻlidan ushlab ketayotgan edim, bir odam yoʻlni toʻsib chiqib:
“Paygʻambar alayhissalomdan qiyomat kunida najva (sirli suhbat) haqida nima eshitgansiz?” dedi.

Abdulloh ibn Umar:
“Rasululloh alayhissalomdan quyidagilarni eshitganman, u zot aytdilar: «Alloh moʻmin bandani oʻziga yaqinlashtirib, uni bagʻriga bosadi va odamlardan toʻsadi-da, najva qilib, sirli gaplashadi. Gunohlariga iqror qildiradi. «Bu gunohingni bilasanmi? Mana bu gunohingni bilasanmi? Bunisini-chi?” deydi. Toki banda gunohlariga iqror boʻlib, endi halok boʻldim, deganida, Alloh: “Bu gunohlaringni yorugʻ dunyoda berkitgan edim, bugun esa, magʻfirat qilaman”, deydi. Soʻngra unga yaxshiliklari kitobini beradi.

Ammo kofir va munofiqlarga qarab:
“Guvohlar, manavilar oʻz Robbilariga yolgʻon gaplarni aytganlar. Zolimlarga Allohning laʼnati boʻlsin”, deydi».

Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Qachon uchta boʻlsangiz, ikki kishi uchinchini qoʻyib, sir(li) suhbat qilmasin. Bu uni mahzun qiladi”, dedilar».
Toʻrtovlari rivoyat qilishgan.
Sharh: Uch kishi oʻtirganda ulardan ikkitasi pichirlashib gaplashsa, uchinchi kishiga noqulay boʻladi. Xuddi ikkisi uni yomonlayotgandek yoki unga ishonmayotgandek koʻrinadi. Shuning uchun uch kishi oʻtirganda ikkitalari sirli suhbat qilishlariga izn berilmagan.

Agar koʻpchilik boʻlsa, ikki kishi pichirlashib gaplashsa boʻlaveradi. Uch kishi boʻlganda uchinchi kishining izni ila ikkitasi pichirlashsa ham joiz.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga sir aytdilar. Men bu haqda hech kimga xabar bermadim. Batahqiq, mendan Ummu Sulaym soʻraganda unga ham xabar bermadim”.
Ikki shayx rivoyat qilishgan.
Sharh: Ummu Sulaym roziyallohu anho hazrati Anas roziyallohu anhuning onalari boʻladi. Birovning sirini hech kimga aytmaslik kerakligi shu hadisi sharifdan maʼlum boʻladi. Birov tomonidan soʻzlangan sir omonat hisoblanadi. Oʻsha sir egasining iznisiz uni boshqa odamga aytish xiyonatdir. Ammo oʻsha gapni egasining nomini zikr qilmay aytsa boʻladi.

Manba: islom.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Sirli suhbat