00:05 / 21.03.2019
5 366

Moʻmina xolaning qiziga nasihati

Moʻmina xolaning qiziga nasihati
Moʻmina xola tinimsiz qoʻngʻirogʻi chalinayotgan eshikni ochish uchun zinalardan shoshib pastga tushdi.
-­- Boryapman, mana hozir! Ovoz berdi xola.-­- Kim u?
-­- Menman, onajon, Nafosat...
-­- Nafosat, qizim?!
Moʻmina xola ikki yil avval qizini uzatgan edi. Kuyovi yaxshi yigit. Nevarali boʻldi. Uni juda yaxshi koʻradi. Oʻrigidan danagi shirin, deganlari shu-da.
-­- Tinchlikmi qizim, ketma-ket qoʻngʻiroqni chalding? Nima boʻldi? Qani kir, ichkariga! Ber, quchogʻingdagi shirintoyni.
-­- Jonimga tegdi onajon! -­- Qizi ichkariga kirar-kirmas ichidagini toʻkib sola boshladi. -­- Ortiq chidolmayman. Qaytmayman, u uyga endi qadam bosmayman!
-­- Tinchlan, ichkariga kir. Bu eshik oldida gaplashiladigan gapmas. Men choy qoʻyayin, gaplashib, ona bola bir choy ichaylik.
-­- Xoʻp onajon! Men bolani uxlataman.

Moʻmina xola choy qoʻyayotib ichidan qirindi oʻtdi. Nima boʻlgan ekan-a? Kuyov biror nima debdimi?
-­- Xoʻsh gapir-chi, tinchlikmi, inshaalloh? Nima ekan, seni bu yerga jahl bilan keltirgan?

Nafosat yigʻidan shishgan koʻzlariga yana yosh olib, oʻksinib-oʻksinib yigʻlay boshladi. “Bormayman, uyiga qaytib bormayman” deya takrorlayotgan qizidan jahli chiqqan Moʻmina xola:
-­- Nima boʻlganini tushuntirsang-chi!, dedi.

-­-Tortishib qoldik-da, nima boʻlsin yana? “Zerikdim, sayyohatga chiqaylik” dedim. “Ishim koʻp, hozir taʼtil ololmayapman. Ishxonadan izn bermaydilar”, dedi. Mehmonxonadagi gilam eskirdi, yumshoq mebellarga mos kelmayapti, almashtiraylik, dedim. Hafta oxiri doʻstlarimiz keladi, xijolatli dedim. “Uyimga meni emas, ashyolarimni koʻrgani keladiganlar doʻstim emas!”, dedi. Onajon, bu odam meni jinni qiladi!

Moʻmina xola dasturxon tuzash uchun oshxonaga ketganida, hamon Nafosat eridan shikoyat qilayotgan edi. Ona patnis koʻtarib kirdi.

-­- Meni eshitmayapsiz-a, onajon?
-­- Nega eshitmayman,, dedi Moʻmina xola zoʻraki tabassum bilan.-­- Eshityapman, albatta! Bir paytlar men ham senday ota uyimga yigʻlab borgan edim. Onamga diydiyo qilib, erimnikiga qaytmasligimni aytgandim.

-­- Keyin-chi?
-­- Keyinmi? Rahmatli buving, menga goʻzal tanbeh berdi. Qoʻltigʻimga qistirib kelganim boʻgʻchamni qoʻlimga tutqazib: “Bu uyda senga endi joy yoʻq! Bilasanki, chiqqan qiz chigʻiriqdan nari! Qani, eringni oldiga bor-chi! Uzr soʻra, yolvorgin, seni kechirsinu, uyiga qabul qilsin!” dedi va meni uydan haydagandek qilib eshik orqasiga qoʻydi.

Oʻshanda, onamdan qattiq ranjigandim. Oʻz onamga yoqmadim, tugʻilib oʻsgan uyimga meni qabul qilmadiya, deb xafa boʻldim. Ammo keyinchalik angladimki, yaxshiyam onam shunday yoʻl tutgan ekan. Keyin sen tugʻilding. Dadang bilan goʻzal, saodatli umr kechiryapmiz. Meni hech kimga, hech narsaga muhtoj qilmadi. Alloh uni menga koʻp koʻrmasin! Men dadangdan ikki dunyoda roziman, Rabbim ham undan rozi boʻlsin! Ana shunaqa, gaplar qizim...

-­- Bu bilan nima demoqchisiz? Yaʼni, siz ham buvimga oʻxshab meni orqaga qaytarib yuborasizmi?
-­- Meni diqqat bilan eshit qizim! Tarix takrorlandi va yana takrorlanadi. Bir kuni sen ham mendan eshitganlaringni qizingga aytasan. Mulohaza qil, jon qizim, senga diningni oʻrgatdik. Dinini oʻrgangan, namozxon, goʻzal axloqli insonga uzatdik. Ha, bular ota-onaning vazifasi va biz buni Alloh roziligi uchun sening saodatingni koʻzlab bajardik. Faxriddinni dadang ham, men ham yaxshi koʻramiz. Qoʻli, koʻngli ochiq yigit. Sen va farzandingni juda yaxshi koʻradi. Sizlarni bundan ham yaxshi yashashingiz uchun kechayu kunduz mehnat qilyapti. Istaganing bir zumda muhayyo boʻladi. Bizga oʻxshab yoʻqsillik, muhtojlik koʻrmaysiz, koʻrmagin ham ilohim! Kiringni moshina, idish-tovogʻingni moshina yuvadi, gilamlaringni chang yutgich tozalaydi. Non yopay, pechka yoqay deb mashaqqat chekmaysan. Uylar komfort, hamma sharoit muhayyo. Hatto uy xizmatchisi ham ishlatasiz. Sen va senga oʻxshaganlarga halovat ogʻir kelyapti, qizim! Bu qiligʻing turgan-bitgani erkalik... Sen ishlab pul topmaganing uchun bilmaysan, non arslonning ogʻzida emas, naq meʼdasida! Nima qilsin, ering ishidan ayrilsinmi? Boshqa ish topish oson ekanmi? Eringni goh taʼtil, goh gilam deb ezasan. Shundoq ham ishdan horib-charchab kelgan erkakka sokin muhit yaratib bermaysan. Alloh koʻrsatmasin, kasal boʻlib qolsa, yo boshqa narsa boʻlsa, unda nima qilasan?

Oʻzingga kel, qizim! Zinhor keraksiz narsalarni, dunyo molini deb eringni qiynama. Eskining qadrini bilmagan, yangiga erishmas, deydilar. Ortiqcha istak va xarajatlardan qoch, oʻzingni eringning oʻrniga qoʻyib koʻr. Kun boʻyi odamlar bilan muloqotda boʻlish, ularga bir nimani tushuntirish oson emas. Til-zaboni chaqqon ayol boʻlma! Bunday xotinlar hech kimga yoqmaydi. Eringning ust-boshiga diqqat qil! Erkak tashqarida ayolining raftorini koʻrsatadi. Dazmollanmagan koʻylak va shim eringdan oldin seni yerparchin qiladi.

Zinhor, ovozingni eringga koʻtarma, uning iznisiz biror ishga qoʻl urma! Bizni koʻrgani kelganingda ham ruxsatisiz ostona hatlama! Eringni tabassum bilan, zavqlanib kutib ol!. Dugonalaringga ering haqida gapirma, eringga dugonalaringni erini maqtama! Hech kimga birov bilan taqqoslanish yoqmaydi. Oʻzingni, ust-boshingni goʻzal koʻrsat! Hatto ota-onangga ham eringdan shikoyat qilma! Turmushni buzish oson, qurish qiyin. Oilangni asra, uyingning halovati boʻl, endi ota uyingda mehmonsan! Sening uying, oʻrning eringning oldida! Eringni ranjitsang bizni ranjitgan boʻlasan. Zinhor buni unutma! Sendan rozi boʻlishimizni istasang, uyingga qaytib xoʻjayiningdan uzr soʻra, qizim. Onasi gaplarini mulohaza qilishi uchun qizini yolgʻiz qoldirib, oshxonaga oʻtdi. Nafosat onasining haqligini oʻylardi. Aslida eri yaxshi inson. Yomon odatlari yoʻq. Hech qachon uni ranjitmagan, istaganini muhayyo qilishga harakat qiladi. Gilamlari ham unchalik eskirmagan, odamlarning gap-soʻzi huzurini buzishga arziydimi?Nafosat shu tarzda oʻylar ekan, xijolat cheka boshladi.

-­- Bola uygʻondi, yigʻlayapti-yov, bir qara qizim, degan ovoz xayollarini toʻzgʻitdi.
Nafosat bolasini kiyintirib, oʻzi ham hijobining roʻmolini oʻrab chiqdi.
-­- Ha qizim, ketyapsanmi?, soʻradi onasi.
-­- Qaytaman onajon, dedi Nafosat. -­- Siz haqlisiz. Tezroq uyga borib, kuyovingiz ishdan qaytgunicha yaxshi koʻrgan taomlarini hozirlayin. Ertalabki dilxiraliklarimni koʻnglidan chiqaray...
-­- Yaxshi qizim! Sen eng toʻgʻri qarorga kelding. Moʻmina xola xuddi shunday qiladi, jon bolam...

Nafosat onasining qoʻllarini tavof qilib, ikki koʻcha naridagi oʻz uyi tomon ketdi. Moʻmina xola qizining ortidan termulib, uzoq duo qilib qoldi...
Umida AZIZ

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Moʻmina xolaning qiziga nasihati