13:20 / 22.03.2019
4 885

Keksalarni kim tushunadi?

Keksalarni kim tushunadi?
Inson hayotning turli bosqichlarida oʻziga xos muammolarga duch keladi va sharoitga, mavqei, zakovati, iqtisodiy holatiga moslab, ularni hal qiladi.

Masalan, uylanish, turmushga chiqish, farzand tarbiyasi, martabaga erishish, uy-joyli boʻlish, bu yogʻi nevara-chevara, xullas, bular hammamizning hayot yoʻlimizdagi bosqichlar.

Baʼzan oila bekasi vafot etib, xonadon tashvishi er zimmasiga tushadi. Oʻylab koʻrsangiz, bu juda nozik holat. Erkak — harqalay, erkak-da, koʻcha odami. Xonadonda ayol oʻrnini erkak eplay olmas ekan.

Bolalikdan birga oʻsgan doʻstim bor. Nafaqaga chiqqan, farzandlaridan qutulgan, oʻziga yarasha ermagi bor — tovuq boqadi, eski mashinasini har zamonda koʻchaga olib chiqadi. Bekor qolsa, kitob oʻqiydi, choyxonaga chiqadi. Vaqtini boshqa nafaqaxoʻrlar kabi oʻtkazadi.

Ayoli toʻsatdan betob boʻlib, hayotdan koʻz yumgach, uning turmush tarzi butunlay oʻzgarib ketdi. Nima boʻlsa, kampiri bilan hal qiladigan odam dovdirab qolar ekan. Garchi yolgʻiz qolmasligi uchun yonida doim nevaralari birga boʻlishsa ham, hech nima tatimas ekan. Ilgari hazilkash, nekbin, sergʻayrat doʻstim kamgap, horgʻin, zardali boʻlib qoldi. Qarilik-da, deyish mumkin. Hammamizda “qaygʻu kishini ne koʻylarga solishi mumkin”, degan xayol bor edi. Bir kun doʻstim yorilib, dilidagini menga ochdi.

— Yarim kechagacha televizor koʻraman. Uyqu kelmaydi. Biror fikr koʻngilga kelsa, kimga aytishni bilmay qolar ekansan. Ilgari tush koʻrsam, darrov xotinimni uygʻotib, unga aytib, oʻzimizcha taʼbir qilardik. Bir birimizga doim koʻz-quloq boʻlardik. Endi boʻlsa... Yolgʻizlik odamni dovdiratib qoʻyar ekan. Hech nima yoqmay qolgan. Bolalar oʻz uyida, nevaralar dong qotib uxlashadi. Xudoga shukr, qornim toʻq, ustim but, tashvishlarim yoʻq. Ammo yolgʻizlik ham qattiq jazo ekan...

Doʻstimning holatini tushungandek boʻldim. Gap orasida unga uylanishni maslahat berdim.

— Qayoqdagi gaplarni aytasiz? Menga, avvalo, kim tegadi? Eng muhimi, bolalar bunga qanday qaraydi? Yangi ona bu uyda oʻzini qanday his qiladi? Uning bola-chaqasi nima deydi? Bordi-yu, kimdir menga turmushga chiqishga rozi boʻldi ham, deylik. Uning ham biror umidi bordir, koʻnglini ola olamanmi? Unda ogʻirlik menga tushadi. Bu kunimdan ham qiyinroq ahvolga tushmaymanmi?

Doʻstimning koʻnglida shuncha hadik yigʻilib qolgan ekan, men bu yogʻini oʻylamagan ekanman.

Shundan soʻng doʻstimning ukasi, singillari bilan fikrlashdim. Ular ham bu muammoga tayyor emas ekan. Farzandlar esa otasini uylantirib qoʻyish masalasiga batamom qarshi ekanini aytishdi.

— Dadamga nima yetmayapti? Nima kerak boʻlsa, muhayyo qilamiz. Biror yengil ish bilan ovunmoqchi boʻlsalar, tashkil qilib beramiz. Tovuqlarni koʻpaytirib beraylikmi? Toy boqadilarmi? Toʻrtta qoʻzichoq olib beraylikmi? Dala-hovliga borib, hovuz boʻyida dam olsa, mevalarga qarab, koʻngillari ochilarmidi? Ulfatlarini chaqirsinlar, biz kutib olamiz, — dedi toʻngʻichi.

— Nevaralar bilan maza qilib yurmaydilarmi? Qani endi menda shunaqa imkoniyat boʻlsa. Qaysi ayol kela solib, bizga onalik qila oladi? Bizning onamiz oʻlib ketgan! — gapni choʻrt kesdi yana biri.

— Dadamning nafaqasi oʻziga. Xarajatini biz koʻtaramiz. Choyxonaga chiqib, oshxoʻrlik qilsin. Uyda hamma narsa aytganidek boʻladi. Zeriksa, qarindoshlarnikiga borsin, yarim yilda bir bor aylanib chiqadi. Yangi xotin olib berish — mutlaqo notoʻgʻri fikr, — deya ochiq qarshiligini bildirdi kenjatoy.

Doʻstimning kuyunganicha bor ekan. Men biroz vaqt oʻtkazib, ular bilan keyinroq bafurja gaplashishga qaror qildim.

Men bir odam misolida gapiryapman. Oramizda bundaylar anchagina. Bu borada men ayollarni ham shu guruhga qoʻshaman. Baʼzi ayollar yolgʻiz qizi bilan qolgan. Vaqti-soati bilan qizi turmushga chiqsa, ayol yolgʻiz qolishi kerakmi? Nevaralar qachon keladi deb, eshik poylab umrini oʻtkazadimi?

Tibbiyotga oid statistik maʼlumotlarga qaraganda, oila qurganlar boshqalardan oʻrtacha sakkiz — oʻn yil uzoqroq umr koʻrarkan.

Yolgʻizlik — ogʻir. Koʻpincha bunday holatni taqdir deymiz. Keksalikda erkak va ayolning bir-birini topishi, turmushga chiqish imkoniyati juda qiyin boʻladi. Ming xil istihola qilinadi. Oʻzbekchilik mentaliteti kuchli. Ammo uylanish va yangi turmushga chiqish imkoniyati boʻlib qolsa-chi? Bu ishni ularning qarindoshlari, doʻstlari, dugonalari, keyin, albatta, farzandlari amalga oshirishi kerak. Bu ular uchun qiyomatli burch boʻlishi lozim! Bu bilan ularning hayot tarzi oʻzgarib, umri uzayishiga sabab boʻladi.
Anvar TOJIYEV

Manba: Od-press.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Keksalarni kim tushunadi?