Makkajoʻxorining foydali va zararli xususiyatlari

  • 26 mart 2019, 14:31
  • 1 168
  • Hayot tarzi
  • Makkajoʻxorining foydali va zararli xususiyatlari
    Makkajoʻxorini bolalar ham, kattalar ham sevib isteʼmol qilishadi. Asl vatani Janubiy Amerika boʻlgan bir yillik bu oʻsimlik tarkibida Mendeleyev davriy jadvalidagi 26 ta element mavjud. Mutaxassislarning bildirishicha, makkajoʻxori organizmdan xolesterinni chiqarib yuborish xususiyatiga ega. Shu bois yogʻli taomlarni xush koʻruvchilar bu sabzavotdan koʻproq tanovul qilishlari foydadan xoli emas. Uning tarkibida B, PP, C, va yurak faoliyatini yaxshilovchi K vitaminlari, fosfor va kaliy bor.

    Diyetologlarning fikricha, 150 gramm joʻxori katta yoshli insonlarning V1 vitaminiga boʻlgan talabini qondiradi. Uning tarkibida sklerozdan himoya qiluvchi va antitoksin hisoblangan Ye vitamini ham mavjud. Doimiy tarzda joʻxori isteʼmol qilish yurak insulti va saraton xavfining oldini oladi.

    Makkajoʻxori mevasidan olingan moy qon tarkibidagi xolesterinni kamaytirish, arteroskleroz kasalligini davolash va oldini olishda qoʻllaniladi. Shu bilan birga, organizmda moddalar almashinuvini yaxshilashda, qandli diabet, nefrit, buyrak-tosh va xoletsistit kasalligi, oʻt va siydik haydovchi vosita sifatida ishlatiladi. Joʻxori temir, kalsiy, fosfor, magniy va boshqa mikroelementlarning manbai sanaladi.

    Qaynatilgan joʻxori qandli diabet bilan ogʻrigan bemor tanasidagi qand miqdorini normallashtiradi, allergiyaga moyilligi bor insonlarga, kamqonlikdan aziyat chekuvchi, jigar, yurak xastaligi bilan ogʻrigan kishilarga yaxshi foyda beradi.

    Surunkali charchoq, holsizlikdan aziyat chekayotganlarga 200 gramm makkajoʻxori qoʻshib tayyorlangan salat tanovul qilish tavsiya etiladi. Shuningdek, muntazam makkajoʻxori tanovul qilgan kishilar xotiralaridan sira shikoyat qilishmaydi.

    Turli bayram va toʻkin dasturxonli tadbirlardan keyin tanovul qilingan makkajoʻxori tarkibidagi selen moddasi tufayli yogʻlarni organizmdan tezroq chiqarib yuboradi va jigarga yengillik tugʻdiradi. Agar ovqatlanishdan oldin tanovul qilinsa, taom hazmi yengillashadi. Shuningdek, u tarkibidagi biriktiruvchi toʻqimalar (kletchatka) tufayli qorin dam boʻlishini bartaraf etishda benazir vosita hisoblanadi.

    Makkajoʻxori moyi kosmetologiyada ham keng qoʻllaniladi. Uning tarkibidagi moddalar zararlangan sochlarni tiklab, jilolantiradi. Makkajoʻxori kraxmali koʻshib tayyorlangan niqoblar ajinlarga qarshi vosita sifatida mashhur.

    Joʻxori tarkibidagi aminokislotalar ichaklar faoliyatini meʼyorlashtiradi va mushaklar tonusini oshiradi. Qandli diabet, allergiyaga moyil, kamqon, ortiqcha vazndan qiynalayotgan, jigar va yurak xastaliklari mavjud bemorlarga koʻproq joʻxori isteʼmol qilish tavsiya etiladi.

    Popugi ham foydali
    Makkajoʻxorining nafaqat doni, balki popugi ham bir qancha dorivor xususiyatlarga ega. Odatda joʻxori pishgan mahalda popugi yigʻib olinib, soyada quritiladi. Tarkibida efir moylari, yelimsimon yogʻli moy moddalar, S va K darmondorisi, organik kislota va boshqa mikroelementlarni koʻp miqdorda saqlaydi. Xalq tabobatida joʻxori popugidan tayyorlangan qaynatma va damlamalar oʻt va peshob haydovchi, moddalar almashinuvini meʼyorlashtiruvchi vosita sifatida qadimdan ishlatib kelinadi. Choydek damlab ichilsa, buyrakdagi toshlarni parchalaydi.

    Zamonaviy tibbiyotda joʻxori popugidan tayyorlangan damlama jigar, oʻt pufagi va oʻt yoʻllarining yalligʻlanish kasalliklarida safro haydaydigan, ichdan qon ketayotgan mahallarda qon toʻxtatadigan va buyrak, qovuq toshlarida siydik haydaydigan vosita tariqasida foydalaniladi. Joʻxori moyi esa semirishning oldini olish, qondagi xolesterin miqdorini kamaytirish xususiyatiga ega. Soʻnggi tadqiqotlarda, moyida biologik kuchli gormonlarga oʻxshash fosfat, sitoserin moddalari borligi aniqlandi. Ular xolesterin miqdorini kamaytirib, aterosklerozning oldini oladi.

    Zarari ham bor
    Shuncha foydali xususiyatlari boʻlishiga qaramay, bu mahsulot hammaga birday tavsiya etilavermaydi. XVIII asrda yashab ijod qilgan Hasrat oʻzining “Husayn tuhfasi” asarida bunday yozadi:

    Quruq, sovuq erur makkajoʻxori,
    Qabziyat qiluvchi kuchi yuqori.

    Demak, joʻxori doni qabziyatdan qiynalayotganlar dardini yanada ogʻirlashtiradi. Shuningdek, tromboz (tomirlarda qonning ivib qolishi)ga moyilligi bor, qoni quyuq, kam vaznli odamlarga ham undan kamroq isteʼmol qilish tavsiya qilinadi. Qaynatilgan joʻxorini bir kunda 2-3 soʻtadan ortiq isteʼmol qilish oshqozon va oʻn ikki barmoqli ichak faoliyatini buzishi mumkin. Bundan tashqari, ishtahani ham yaxshigina boʻgʻuvchi xususiyatga ega.

    Bosh ogʻrigʻi va oshqozon-meʼda faoliyatida muammosi bor insonlarga qaynatilgan joʻxoridan koʻp miqdorda isteʼmol qilish tavsiya etilmaydi.

    Qon ivishi sekin kechadigan bemorlar, ortiqcha vaznga moyil kishilar, oshqozon yarasi va allergiyadan aziyat chekuvchilar makkajoʻxorini shifokor bilan maslahatlashgan holda tanovul qilishlari lozim.

    Manba: Azon.uz

    » » Makkajoʻxorining foydali va zararli xususiyatlari