15:54 / 26.03.2019
10 715

Qanday ayolga uylangan maʼqul?

Qanday ayolga uylangan maʼqul?
Nasl-nasab hollari, nafaqa, meros va boshqa er-xotinlik hayotiga taalluqli boʻlgan rohat-farogʻat, oʻzaro hamjihatlik bilan turmush qurishning muhim va jiddiy ishlaridan hisoblanadi. Shuning uchun, nikohdan oldin “Xitba” – sovchilik qilish zarurdirki, nikoh bogʻlashdan oldin er ayoli haqida va ayol eri haqida tanish-bilishlar qoʻni-qoʻshnilar orqali maʼlumotga ega boʻlishi kerak. Chunki nikoh aniq maʼlumotlar asosida boʻlsa, nikoh aqdi doimiy, juftlar orasidagi hayot esa goʻzal boʻladi.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men, uylandim, dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «Qandoqqa uylanding?” dedilar. “Erdan chiqqanga”, dedim. “Qiz olib, u bilan koʻngil yozsang boʻlmasmidi?” dedilar. “Ey Allohning rasuli, Abdulloh vafot etib, ortidan yetti (yoki toʻqqiz) qizni tashlab ketdi. Oʻshalarga qarab turadigan kishini keltirdim”, dedim. Shunda U Zot mening haqimga duo qildilar» (Beshovlari rivoyat qilishgan).

Sharh: Rivoyatda zikr qilingan Abdulloh roziyallohu anhu Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhuning otalaridir. U kishi Uhud jangida shahid boʻlganlar.

“Yetti yoki toʻqqiz qiz” deyilgani roviydan boʻlgan shak tufaylidir.
Ushbu hadisdan qizga uylanish afzal ekanligi olingan.

Jobir roziyallohu anhu singillarini oʻylab, shunday ayolga uylangan ekanlar. Yosh qiz olsalar, yetti yoki toʻqqizta qayinsingilga qarab, ularni boshqarish qiyin boʻlganidan shundoq qilganlar. Shuning uchun ham Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam u kishining haqlariga duo qilganlar. Umuman, yangi uylangan kishilar haqiga duo qilish margʻubdir.

Oisha roziyallohu anho: “Ey Allohning rasuli, ayting-chi, agar bir vodiyga tushsangiz, unda bir (bargi) yeyilgan daraxt, bir (bargi) yeyilmagan daraxt boʻlsa, tuyangizni qaysi birida boqar edingiz?” dedi. “Yeyilmaganida”, dedilar U Zot.

Yaʼni, (Oisha) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻzidan boshqa qiz olmaganlariga ishora qilmoqda» (Imom Buxoriy rivoyati).

Sharh: Qiz bilan juvon orasidagi farqni vasf qilish borasida turli xalqlarda turli oʻxshatishlar ishlatiladi.

Ushbu rivoyatda Oisha onamiz qiz bolani bargiga hech narsa tegmagan daraxtga, juvonni esa, bargidan biror hayvon yeb ketgan daraxtga oʻxshatmoqdalar. Shu bilan birga, u kishi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan juvonga uylanganidan koʻra qizga uylangan afzal ekanligi haqida tasdiq ham olmoqdalar.

Oisha onamiz Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutahharalari ichida u kishiga qiz holida tekkan yagona ayol ekanliklari bilan faxrlanib yurar edilar.

Maʼqal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Ey Allohning rasuli, bir jamolli va hasabli ayol topdim. Ammo tugʻmas ekan. Unga uylanaveraymi?” dedi. “Yoʻq”, dedilar. Keyin U Zotga ikkinchi marta keldi. Yana qaytardilar. Soʻngra uchinchi marta kelganida: “Eriga muhabbat qiladigan va koʻp tugʻadigan ayolga uylaninglar. Men boshqa ummatlarga sizlarning koʻpligingizni koʻz-koʻz qiluvchiman”, dedilar» (Imom Abu Dovud, Imom Nasaiy va Imom Hokim rivoyati).

Sharh: Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:

1. Uylanishdan oldin ahli fazl, ilmli kishilardan maslahat soʻrash yaxshiligi.
2. Tugʻmas ayolga, agar u goʻzal va aslzoda boʻlsa ham uylanmagan maʼqul ekani.
3. Eriga muhabbat qiladigan va koʻp tugʻadigan ayolga uylanish kerakligi.

Bu sifatlar unga yaqin ayollarning holini oʻrganish bilan bilinadi. Unga yaqin, qarindosh ayollar odatda eriga muhabbat qiladigan, koʻp tugʻadigan boʻlsalar, koʻpincha ularning urugʻida boʻlgan yoshlar ham oʻsha sifatlarga ega boʻladi.

“Ey Allohning rasuli, ayollarning qandogʻi eng yaxshisidir”, deyildi.

“Qachon nazar solsa, surur bagʻishlaydigani. Qachon amr qilsa, itoat qiladigani va eriga oʻz jonida va molida u yoqtirmaydigan narsa ila xilof qilmaydigani”, dedilar» (Sunan egalari rivoyat qilishgan).

Sharh: Ushbu hadisi sharifda er uchun eng yaxshi xotinning baʼzi sifatlari haqida soʻz ketmoqda:

1. “Qachon nazar solsa, surur bagʻishlaydigani”.

Demak, er nazar solsa xursand qiladigan ayol eng yaxshi ayollarda boʻladigan sifatlarga ega boʻladi.
Bu ayolning tashqi qiyofasi, kiyinishi, oʻzini tutishi va axloq-odobi kabi narsalarni oʻz ichiga oladi. Eng yaxshi ayol boʻlish umididagi qizlarimiz, ayollarimiz ushbu narsaga alohida eʼtibor berishlari kerak. Kuyov va erlari koʻziga doimo xursand qiladigan ravishda koʻrinishga harakat qilishlari lozim.

2. “Qachon amr qilsa, itoat qiladigani”.

Erga itoatkor boʻlish ayollarning eng goʻzal, eng yaxshi sifatlaridan biridir.
Albatta, sharʼiy ruxsat berilgan ishlar doirasida itoatkorlik haqida soʻz ketmoqda. Gunoh ishlarda itoat qilish mumkin emas.
Chunki Xoliqqa maʼsiyat ishlarida maxluqqa itoat qilinmaydi.
Er oila boshligʻi boʻlganidan keyin oila aʼzolari, jumladan, ayol unga itoat qilishi kerak.
Eriga itoatkor ayol eng yaxshi sifatlardan biriga ega boʻlgan ayoldir.
Eriga itoat qilmaydigan ayolni yaxshi ayollar qatoriga mutlaqo qoʻshib boʻlmaydi.

3. “Eriga oʻz jonida va molida u yoqtirmaydigan narsa ila xilof qilmaydigani”.

Boshqacha qilib aytganda, eng yaxshi ayol sifatiga sohiba boʻlmoqchi ayol eriga yoqmaydigan ishlarni qilmasligi kerak. Chunki shu tufayli oilada urush-janjal chiqishi, oʻzining halovati yoʻqolishi, hatto oila buzilib ketishi ham mumkin. Yana ayol kishi oʻz molini eri yomon koʻradigan narsalarga sarflamasligi kerak. Ana shunda eng yaxshi ayolning yana bir sifatiga ega boʻladi.

Ushbu hadisda zikr qilingan uch sifatni oʻzida mujassam qilgan ayol eng yaxshi ayollardan boʻlishiga shubha yoʻq. Moʻmina-muslima ayol-qizlarimiz, ushbu hadisi nabaviyda zikr etilgan oliymaqom sifatlarni oʻzlarida mujassam qilishga harakat etmoqlari lozim. Shu bilan birga, jajji qizchalarimizni yoshliklaridan ana shunday goʻzal sifat sohibalari etib tarbiya qilmogʻimiz zarur.

Ikki Shayx va Imom Termiziy rivoyatida: “Oʻzimdan keyin erkaklarga ayollardan koʻra zararliroq fitnani qoldirmadim”, deyilgan.

Sharh: Ayol kishi iymon-eʼtiqodli, dindor, soliha, odob-axloqli boʻlmasa balo-ofat ekanligi haqidagi fikrga hatto ayollarning oʻzlari ham qoʻshiladi. Erkaklar boshiga koʻpgina balolar nomaʼqul ayollar sababidan kelishini esa tajriba koʻrsatib turibdi, bunga tarix shohid.

Shuning uchun ham kelin tanlashda juda ehtiyot boʻlib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning koʻrsatmalariga amal qilish maʼqul. Boshqa koʻrsatmalarga amal qilaman deb, erkaklar uchun dunyodagi eng zararli fitnaga uchrab qolmaslik kerak.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Ayolim qoʻl uzatuvchining qoʻlini man qilmaydi”, dedi. “Uni oʻzingdan gʻarib qil”, dedilar. “Nafsim unga ergashishidan xavf qilaman”, dedi. “Undan foydalanib yur”, dedilar U Zot» (Abu Dovud va imom Nasaiy rivoyati).

Sharh: Ushbu hadisdagi “ayolim qoʻl uzatuvchining qoʻlini man qilmaydi”, degan jumlani erkaklardan oʻzini olib qochmaydi yoki mol-mulkni haddan tashqari isrof qiladi, deb ikki xil taʼvil qilingan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam undoq xotinni taloq qilib yuborishga maslahat berganlar. Lekin er xotinini taloq qilsa, undan koʻngil uza olmay, oʻzi qiynalishini bayon qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undoq boʻlsa, undan foydalanib yuraver, deganlar.

Shundan qoʻlni man qilmaslik molu mulkni isrof qilish maʼnosida ekanligi kelib chiqadi. Chunki Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam erkak kishining qoʻlini qaytarmaydigan ayol bilan birga yashayverishni maslahat berishlari mumkin emas.

Munosib kelin haqida kelgan hadisi shariflarni oʻrganganimizdan keyin xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Islom dini uylanishdan oldin umr yoʻldoshini tanlashga alohida eʼtibor berishga chaqirgani ravshanlashadi. Chunki shu yoʻl bilangina oilaning poydevori mustahkamlanadi. Shu yoʻl bilan oila qurishdan koʻzlangan soflik, unsu ulfat, baxt-saodat va xotirjamlikka erishilish eshigi ochiladi. Umr yoʻldoshini tanlashda esa, uning sifatlari ichida dindorlik, ahli solihlik, odob-axloq va mustaqimlikka birinchi oʻrinda eʼtibor berilishi kerak.

Chunki nikoh va oila qurish umr savdosi. Bir umrga kerak narsa. Dindorlik umr oʻtishi bilan quvvatlanib boradi. Odob-axloq, ahli solihlik ham umr oʻtishi bilan sayqallashib, ziyodalashaveradi.

Oʻz sohibiga doimo yoʻldosh va doimiy yaxshilik keltiruvchi bu sifatlarga ega boʻlgan umr yoʻldoshini tanlash oila qurishdagi eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Boshqa sifatlar esa vaqtinchalik va kibru havo hamda gʻururga sabab boʻlishi mumkin sifatlardir.

Shuning uchun ham Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam oʻzlarining Imom Ibn Moja, Bazzor va Bayhaqiylar rivoyat qilgan hadislarida: “Ayollarni husnlari uchun nikohingizga olmang, ehtimol u (husn) ularni halok qilar. Va ularni moli uchun ham nikohingizga olmang, ehtimol u (mol) ularni tugʻyonga ketkazar. Ularni din uchun nikohingizga oling. Albatta, qora, xunuk dindor choʻri afzaldir”, deganlar.

Musulmon kishi oʻziga yaxshi umr yoʻldoshi tanlar ekan, oilasining mustahkam boʻlishi, oila aʼzolarining baxtiyor boʻlishi bilan birga, boʻlajak farzandlarini munosib musulmonlar qilib oʻstirishni ham koʻzda tutishi kerak.

Ulamolarimiz barcha hujjat va dalillarni oʻrganib chiqib hamda boshqa omillarni hisobga olib, munosib kelin tanlashda quyidagi narsalarga eʼtibor berish kerakligini taʼkidlaganlar:

1. Dindorlik.
2. Serfarzandlik.
Bu sifat qarindosh-urugʻ ayollarga qarab bilinadi.
3. Avval turmush qurmagan boʻlishi.
4. Dindor va qanoatli oiladan boʻlishi.
5. Nasabi yaxshi boʻlishi.
6. Husnli boʻlishi.
Erning koʻngli toʻq boʻladi. Muhabbat qoʻyadi. Boshqalarga qaramaydi.
7. Qarindoshlardan boʻlmasligi.

Qarindoshga uylansa, bolalari zaifhol boʻlish ehtimoli kuchli. Yana, Alloh koʻrsatmasin, kelishmovchilik boʻlib qolsa, qarindoshlik aloqalariga zarar yetishi ham mumkin. Begonadan boʻlsa, bolalar zaifhol boʻlmaydi. Kuyov-kelinning bahonasi bilan ularning qarindosh-urugʻlari ham quda-anda boʻlib, ijtimoiy aloqalar rivojlanadi.
Umida ADIZOVA

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qanday ayolga uylangan maʼqul?