14:47 / 28.03.2019
4 509

Erkaklar uchun ham kontratseptivlar paydo boʻlishi mumkin

Erkaklar uchun ham kontratseptivlar paydo boʻlishi mumkin
Ota boʻlib qolishni istamagan erkaklarda hozirgacha tanlov kam edi: ular yo vazektomiya qilishi mumkin edi, yo prezervativdan foydalanar edi, yo vaqtida “chiqarib olishi” kerak edi.

Saqlanishning uchala usuli ham ideal emas. Prezervativda hissiyotlar boshqacha boʻlishi mumkin, vazektomiyadan voz kechish yanada koʻproq xirurgik muolajani talab qiladi, “chiqarib olish” ham ishonchli saqlanish usuli emas.

Olimlar erkaklar uchun urugʻ hujayralari sonini jiddiy asoratlarsiz kamaytiradigan va erkakni vaqtincha deyarli bepusht qilib qoʻyadigan dorini kashf qilish arafasida.

Bu nega muhim: olimlar necha yillardan buyon prezervativlar va vazektomiyaga muqobil kontratseptiv vositalar – tabletkalar, gellarni sinovdan oʻtkazib kelishmoqda.

“Maqsad erkaklar uchun ham ayollarda boʻlgani kabi kontratseptiv vositalar turlarini koʻpaytirish orqali tanlov imkoniyatini kengaytirish”, – deydi tadqiqotchilardan biri, Sietldagi Vashington universiteti tibbiyot professori Stefaniye Peyj.

“Garchi ayollar uchun turli-tuman kontratseptiv vositalar, erkaklar uchun prezervativ va vazektomiyalar boʻlsa-da, kutilmagan homiladorlik 40 foizni tashkil qiladi”, – deydi u.

24 mart kuni olimlar Kristina Vang va Stefaniye Peyj Endoktrin jamiyatining Yangi Orleanda oʻtgan yillik konferensiyasida erkaklar uchun kontratseptiv kapsulalar yaratish ustida olib borgan tadqiqotlari xulosalarini eʼlon qilishdi.

28 kun davom etgan kuzatuv va tekshiruvlar shuni koʻrsatdiki, kapsulani kunlik qabul qilgan erkaklarda sperma ishlab chiqarilishi uchun zarur boʻlgan gormonlar miqdori kamaygan. Bu ularda sperma soni kamayishini ham anglatadi. Gormonlar kamaygani tasdiqlangan boʻlsa-da, keyingi bosqich – spermalar soni kamayishi hozircha tekshirilmagan. Agar tekshiruv xulosasi ijobiy chiqsa, erkaklar uchun kontratseptiv kapsulalar yaratildi desa boʻladi.

Batafsilroq
Oʻrganilayotgan kapsulalarda progesteron mavjud boʻlib, u sperma ishlab chiqarishda muhim rol oʻynovchi LH va FSH gormonlari ishlab chiqarilishiga toʻsqinlik qiladi. Shuningdek, uning tarkibida testosteronga oʻxshash birikma – androgen ham boʻlib, u progesteron taʼsirida erkaklik gormonlari pasayib ketishining oldini oladi.

Peyjning aytishicha, “moyaklarda testosteron ishlab chiqarilishi kamaysa-da, kapsula orqali qabul qilingan androgen tanada “erkaklik” holatini – soqol, ovoz, shahvatni saqlab qoladi.

Ushbu kapsulani qabul qilgan erkaklarda platsebo qabul qilgan erkaklardagiga nisbatan LH va FSH miqdori ancha kamaygan.

Tadqiqotda qatnashgan olimlardan biri Kristina Vangning aytishicha, keyingi bosqich sperma miqdorini tekshirishdir. Taxminan uch oylarda bu bosqich ham nihoyasiga yetadi.

Manba: Minbar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Erkaklar uchun ham kontratseptivlar paydo boʻlishi mumkin